O‘zbekiston | 11:42 / 30.11.2022
8045
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda noan’anaviy sabzavot ekini - rokambolning yangi navi yaratildi

Foto: Agro.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari izlanishlari natijasida O‘zbekistonda ilk bor noan’anaviy sabzavot ekini - rokambolning yangi «Baraka» navini ixtiro qilishga erishdi.

Rokambol sabzavot turi hisoblanadi. Rokamboldan tashqari bu turkumga sarimsoq, porey piyozi, uzum piyoz, muskat piyozi, uzun o‘tkir uchli piyoz ham kiradi.

Rokambol ba’zi mamlakatlarda misr piyozi, ispan sarimsog‘i, piyoz-sarimsoq deb ham ataladi. Tabiiy sharoitda Ispaniya va Misrda o‘sishi aniqlangan. Hozir u Yevropada, Shimoliy Kavkazda, Xitoy, Koreya, Yaponiya va qisman Rossiyada yetishtiriladi. U O‘rta Yer dengizi mamlakatlari – Ispaniya, Turkiya, Gretsiya, Misr, Marokashda juda ommalashgan.

Rokambol bir vaqtning o‘zida ham piyoz, ham sarimsoq ta’mini beradi. Ko‘pgina ovqatlarda piyoz va sarimsoq o‘rnida ishlatiladi. Rokambol piyoz va sarimsoq belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan o‘tsimon o‘simlik.

Uning tarkibida magniy, rux, temir va marganets elementlari mavjud bo‘lib, organizmdagi qon tomirlarini samarali tozalashga yordam beradi va yurak kasalligi xavfini kamaytiradi. Ko‘k massasi bargida ko‘plab A, C, Ye vitaminlari hamda karotin va temir moddalari mavjud.

Shu bilan birga, uning tarkibida antiseptik va efir moylari ham mavjud mavjud. 150 g rokambol energetik quvvati 100 kkalni tashkil etadi.

Rokambol tarkibidagi moddalar qonni yaxshi suyultiradi va tomirlarni kengaytiradi. Uni iste’mol qilish qon aylanishni stabillashtiradi, tromblar hosil bo‘lishi oldini oladi. Tarkibida juda ko‘plab allitsin moddasi bo‘lib, u kuchli antioksidant hisoblanadi. Shuningdek, tarkibida germaniy elementi bo‘lib, u qon tomirlar elastikligini oshiradi.

U tabiiy antibiotik hisoblanadi, chunki tarkibida sulfidlar mavjud bo‘lib, ular stafilokokklarga, dizenteriya va tif qo‘zg‘atuvchilariga qarshi yaxshi vosita hisoblanadi. Uni iste’mol qilish oshqozon-ichak sistemasi ishini yaxshilaydi.

Ushbu sabzavot juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega va deyarli butun tanaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo uni iste’mol qilishga doir qarshi ko‘rsatmalar ham bor. Oshqozon, o‘t pufagi yoki buyrak kasalliklari borlar uni ko‘p miqdorda iste’mol qilmaganlari ma’qul.

Mavzuga oid