O‘zbekiston | 09:50 / 06.12.2022
14788
3 daqiqa o‘qiladi

Yangihayot tumanida ikki qavatli kottejga o‘t ketdi. Ikki kishi qurbon bo‘ldi

Olov o‘chirilgach, uylarning biridan ikki kishining jasadi topilgan. Yong‘in nimadan kelib chiqqani hozircha ma’lum emas.

Ma’lum bo‘lishicha, 5 dekabr kuni soat 20:03 da poytaxtning Yangihayot tumani Yo‘ldosh 6-dahasida joylashgan 2 qavatli kottejlarning birida yuzaga kelgan yong‘in yarim soatdan sal ko‘proq vaqt ichida o‘chirilgan.

“4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 20:06 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 20:33 da qurshab olingan va soat 20:40 da bartaraf etilgan. Yong‘in natijasida xonadonning taxminan 100 kv.m maydonda ichki qismi yonib zararlangan.

Yong‘inni bartaraf etish jarayonida xonadondan 2 nafar fuqarolarning kuygan holdagi jasadlari topilgan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda”, deyiladi FVV xabarida.

Qayd etilishicha, hodisa joyiga FVB, IIB, SSB va prokuratura xodimlari yetib borgan. Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Yangihayot tumani hokimligiga ko‘ra, yong‘inda halok bo‘lganlar uyning 11-xonadonida yashashgan. Hokimlik uyda yashovchi boshqa shaxslar evakuatsiya qilinib, vaqtincha boshqa manzilga ko‘chirilganini ma’lum qilgan.

“Yo‘ldosh 6-dahasidagi 25-uy 2-qavatdan, 2 ta yo‘lak va 12 ta xonadondan iborat bo‘lib, ushbu uyning umumiy maydoni 300 metr kvadratni tashkil etadi, yong‘in natijasida uning 80 metr kvadrat maydoni yong‘indan shikast ko‘rgan.

Yong‘in sodir bo‘lgan vaqtda ushbu uyda istiqomat qiluvchi 9 nafar fuqaro o‘z vaqtida evakuatsiya qilingan. Yong‘in oqibatida shikast yetkazilgan xonadon egalari vaqtinchalik Toshkent indeks savdo majmuasidagi yotoqxonaga joylashtirilgan”, deyiladi tuman hokimligi axborot xizmatining xabarida.

Avvalroq Toshkentda xususiy bog‘chada yong‘in sodir bo‘lgandi.

20 noyabr kuni Andijon shahrining 3-kichik dahasidagi ko‘p qavatli uyda yirik yong‘in yuzaga kelgan, o‘ndan ziyod oila vaqtinchalik boshqa manzilga ko‘chirilgandi.

Mavzuga oid