O‘zbekiston | 22:55 / 19.12.2022
8730
2 daqiqa o‘qiladi

UzAirways'ning 188 yo‘lovchiga mo‘ljallangan samolyoti yetib keldi

17 dekabr kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi to‘rtinchi Airbus 321neo havo kemasini qabul qilib oldi. Germaniyaning Hamburg shahridan uchgan samolyot Toshkent aeroportining mahalliy terminaliga kelib qo‘ndi.

Foto: instagram.com/rrvaliev

Samolyot 188 yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan va u dastlab mahalliy aviaqatnovlar bo‘yicha parvoz qiladi. Samolyotning maksimal uchish vazni 97 tonna bo‘lib, 6 850 km masofagacha uchishi mumkin.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 2022 yilda Uzbekistan Airways tashilgan yo‘lovchilar soni o‘z rekordini yangilagan. “Bu maqsadga aviaparkni yangi A321neo LR havo kemalari bilan to‘ldirish evaziga erishdik desak bo‘ladi”, – deyiladi Uzbekistan Airways axborotida.

Uzbekistan Airwaysʼga ko‘ra, aviakompaniya yangi yo‘nalishlarni ochishni, Yevropa va Osiyo mamlakatlariga avvalgi yo‘nalishlarni qayta tiklashni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston Airbus kompaniyasining samolyotlaridan 20 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanib keladi. Noyabr oyida Uzbekistan Airways va Airbus o‘rtasida 700 mln yevrodan ortiq qiymatga shartnoma imzolangan edi. Unga ko‘ra, Airbus O‘zbekistonga jami 694,3 mln yevroga 8 ta Airbus A-320neo va 4 ta Airbus A-321neo samolyotlari, shuningdek, 21 mln yevroga 2 ta Airbus H145 vertolyotlarini yetkazishi kerak. Muddatlar 2029–2030 yillar deb belgilangan.

Turkish Airlines'ning sobiq rahbari Ilker Ayji Uzbekistan Airways'ni transformatsiya qilish jarayoniga konsultant sifatida jalb etilgan. 14 dekabr kuni u prezident Shavkat Mirziyoyev transformatsiya rejasini taqdimot qildi.

Mavzuga oid