Jahon | 21:48 / 22.12.2022
4552
2 daqiqa o‘qiladi

COVID-19 pandemiyasi va chechak epidemiyasi pasaymoqda – JSST 

JSST 2023 yilda bu kasalliklar bilan bog‘liq epidemiyalar yakunlanishiga umid bildirmoqda. 

Tedros Gebreyyesus / Foto: who.int

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus kelasi yil uchun beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab oldi. 

U 2022 yilda, COVID-19 pandemiyasining uchinchi yilida chechak epidemiyasi, vabo va Ebola epidemiyasi avj olganini aytdi. Bundan tashqari, Afrikada qurg‘oqchilik va suv toshqinlari, Pokistonda kuchli suv toshqini yuz berganini aytdi. 

Biroq, Gebreyyesusning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi va chechak epidemiyasi pasaymoqda, Ugandada esa uch haftadan ko‘proq vaqt davomida Ebola bo‘yicha yangi holatlar qayd etilmagan. 

«Umid qilamizki, bu favqulodda vaziyatlarning har biri kelgusi yilda yakunlanadi», dedi u. 

JSST rahbari so‘zlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab COVID-19 kasalligidan o‘lganlar soni yanvar oyiga qaraganda deyarli 90 foizga kamaydi. Biroq, u pandemiya hali tugamagani haqida ham ogohlantirdi. 

Gebreyyesus 2023 yilda JSST uchun beshta ustuvor yo‘nalishni belgilab berdi:

- salomatlikni mustahkamlash va kasalliklarning oldini olishga e’tibor qaratish;

- tibbiy xizmatlardan, ayniqsa, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan hamma foydalanishini ta’minlash;

- favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni bartaraf etish choralarini kuchaytirish;

- tadqiqot, fan va texnologiyani rivojlantirish;

- JSSTni isloh qilishni davom ettirish.

Mavzuga oid