O‘zbekiston | 19:37 / 30.12.2022
30395
3 daqiqa o‘qiladi

“Dok-1 Maks” to‘g‘risidagi xat haqiqatan ham kech berilganmi? – shu kabi savollarga izoh berildi

«Dok-1 Maks» voqeasi ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligi yetti nafar mas’ul xodimni ishdan olganini xabar qildi. Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, o‘sha yetti mas’ulning ikki nafari aynan “o‘lim dorisi” fosh etilishiga sabab bo‘lgan Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining rahbari va yetakchi shifokorlaridan biri bo‘lib chiqdi. 

Vazirlik ushbu holatni "Dok-1 Maks” to‘g‘risidagi xat juda kech berilgani bilan izohladi.

Kun.uz jurnalisti Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, bosh vrach o‘rinbosari Dilshod Rahmonovdan shu kabi savollarga izoh oldi.

Rahmonovga ko‘ra, bir yil davomida buyrak yetishmovchiligi bilan ellikdan ortiq bola mazkur shifoxonada davolanib chiqqan. Odatda vafot etgan bemorlarning qanday dorilarni qabul qilgani tahlil qilib boriladi. "Dok-1 Maks” siropini qabul qilgan ilk bola o‘limi sentabr oyida kuzatilgan. Oktyabr oyida to‘rt, noyabr oyida to‘qqiz nafar bola shifoxonada nobud bo‘lgan. Ushbu holatlar muassasa xodimlarini shubhalantirgan va tahlillar natijasi bilan dekabr oyiga kelib viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga xat chiqarilgan. Yirik dori ishlab chiqarish kompaniyasi haqidagi har qanday shubha-gumonlar yoki salbiy xulosa berish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi inobatga olingani sababli ikki oygi tahlillar xat qilib chiqarilgan. Nobud bo‘lgan bolalar ichida boshqa viloyatlarda istiqomat qilganlari ham ko‘pchilik.

Dilshod Rahmonov

“Odatda buyrak yetishmovchiligi sabab bir sutka davomida peshob chiqarmagan bolaning hayotini saqlab qolish tibbiyotda muammo hisoblanadi. Bizning markazimizga kelgan bolajonlar kamida ikki kundan bir necha kungacha peshob chiqarmagan. Bizga kelgunicha ham boshqa shifoxonada davolanganlar bor. Biz bor imkoniyatlarimizni ishga solganmiz.

Xususan, nobud bo‘lgan bolalarning tibbiy ekspertiza qilinmagani sababiga kelsak, ularning ota-onalari jiddiy qarshilik ko‘rsatishgan. Bunday amaliyotga rozilik berishmagan. Biz har bir bolaning o‘limi bo‘yicha tegishli idoralarga vaqtida xabar berganmiz”, - deydi Dilshod Rahmonov.

Rahmonov “Dok-1 Maks” siropi sotuvdan olib tashlanganidan buyon bunday shikoyat bilan markazga boshqa bemor kelmaganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda 23 dekabr kuni markazga yotqizilgan qashqadaryolik bolaning ahvoli biroz yaxshilangani aytildi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid