O‘zbekiston | 15:27 / 05.01.2023
10826
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida “DOK-1 MAKS”dan bolalar zaharlangan, ammo o‘lim holati kuzatilmagan

​​​​​​​Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida  “DOK-1 MAKS” sabab 2 yoshli bola vafot etgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Hududda aynan shu dorini iste’mol qilish sabab 9 nafar bola zaharlangani, ammo o‘lim qayd etilmagani ma’lum qilindi.  

Foto: KUN.UZ

Toshkent viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, shu kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga “DOK-1 MAKS” siropi iste’mol qilgan va zaharlanish belgilari bo‘lgan 9 nafar bola olib kelingan. Qayd etilishicha, ulardan 5 nafari sog‘ayib, uyiga qaytarilgan, 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda. “Ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda”, – deyiladi izohda.

Shuningdek, xabar qilinishicha, hozirgacha “DOK-1 MAKS” preparatidan zaharlanish tufayli o‘lim holati kuzatilmagan.

“Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, hozirda hududlardagi barcha dorixonalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va tuman-shahar tibbiyot birlashmalari xodimlari tomonidan o‘rganish olib borilib, “Quramax” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari yig‘ishtirib olingan. 

Aholi orasida dori-darmonlarni shifokor ko‘rsatmasisiz, palapartish iste’mol qilishning salbiy oqibatlari bo‘yicha shifokor va patronaj hamshiralari tomonidan uyma-uy yurib, tushuntirish olib borilmoqda. Bu jarayonda xonadonlardagi shaxsiy dori qutilari ham ko‘zdan kechirilmoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 4 yanvarda Sirdaryo viloyatida “DOK-1 MAKS” va “Ambronol” dorilari yetti nafar bolaga nojo‘ya ta’sir qilgani ma’lum qilingandi. 2 yanvarda esa Farg‘onada ham aynan shu preparat sabab zaharlanish aniqlangandi.

Undan oldinroq, 2022 yilda esa Qashqadaryoda 1 nafar, Samarqandda 18 nafar bola “DOK-1 MAKS”dan vafot etgandi.

Mavzuga oid