O‘zbekiston | 13:06 / 06.01.2023
21247
3 daqiqa o‘qiladi

«Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalari laboratoriya sinovlaridan belgilangan tartibda o‘tkazilmagan – DXX

«Quramax Medikal» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mas’ul shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berildi.

Foto: Kun.uz

Davlat xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan «Quramax Medikal» MChJ hamda «Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi» MChJ mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1863-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAKS» va «Ambronol» dori vositalarining nojo‘ya ta’siri oqibatida, hozirga qadar «o‘tkir buyrak yetishmovchiligi» tashxisi bilan davolangan bemor bolalar hayotdan ko‘z yumgan.

«Quramax Medikal» MChJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu preparatlar «Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi» MChJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgan hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida aniqlanishicha, «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJ mas’ul xodimlari tomonidan me’yoriy-huquqiy hujjat talablari qo‘pol ravishda buzilib, ushbu dori vositalari belgilangan tartibda laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaganligi natijasida, sifatsiz preparatlarning sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan”, — deyiladi DXX xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, jinoyat ishi doirasida «Quramax Medikal» MChJning 2 nafar rahbar xodimi hamda «Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi» MChJning 2 nafar mas’ul xodimi gumonlanuvchi shaxslar sifatida DXX Tergov hibsxonasiga tegishli tartibda joylashtirilgan. Shuningdek, «Quramax Medikal» MChJ tomonidan Hindiston davlatidan O‘zbekistonga import qilinayotgan dori vositalarining bojxona nazoratidan o‘tkazilishi to‘xtatilgan hamda dorixonalardagi bunday preparatlar yig‘ib olingan.  

Shuningdek, «Quramax Medikal» MChJga tegishli dori vositalari O‘zbekistonda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgani hamda sog‘liqni saqlash tizimidagi mutasaddi xodimlarning ushbu holat bo‘yicha amalga oshirgan harakatlarini tekshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid