O‘zbekiston | 15:06 / 07.01.2023
33499
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gullab-yashnayotgan dorixona biznesi va izdan chiqqan tibbiyot - xorijdagi shifokorlar bilan suhbat

O‘zbekistonda “Dok-1 Maks” preparatidan bolalar zaharlandi. Bugungacha 20 nafar bola hayotdan ko‘z yumdi, yana bir qancha bolalarning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Kun.uz xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik shifokorlarning bu holat yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi.

Suhbatdoshlarimiz – Quvaytdagi “Al-jabr al-Ahmad” shifoxonasi reanimatologi Jahongir Jo‘rayev, Angliyada umumiy amaliyot shifokori bo‘lib faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz Nihola Madaliyeva va Umidjon Madaliyev.

“Muammoning ko‘tarilishi bundan keyingi o‘limlarning oldini oladi”

Umidjon Madaliyev, Buyuk Britaniya Qirollik qoshidagi Umumiy amaliyot shifokorlar uyushmasi a’zosi, shifokor:

— Yurtimizdagi bu holatni eshitib qayg‘uga tushdik. Farzandlarini yo‘qotgan ota-onalarga chuqur ta’ziya bildiramiz. Farzand yo‘qotish nihoyatda og‘ir, lekin najot kutib turgan bolasiga bu dorini o‘z qo‘li bilan bergan ota-onalar ahvolini tasavvur qilishimiz qiyin. Bu xalqimiz uchun tragediya.

Bu holatga olib boruvchi faktorlar bir nechta: avvalo O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimi noto‘g‘ri ishlayotgani, dorilarga judayam berilib ketish, bilib-bilmasdan har qanday dorini iste’mol qilish, O‘zbekistonga kirayotgan dorilar yetarlicha tekshiruvdan o‘tkazilmayotganida deb bilaman.

Jahongir Jo‘rayev, Quvaytdagi “Al-jabr al-Ahmad” shifoxonasi reanimatologi:

— Bu fojiada shifokorlarni ayblash noto‘g‘ri deb hisoblayman. Bu farmatsevtika sohasidagi mas’ullarning o‘z ishiga mas’uliyatsizligidan deyish mumkin. Bolalarning o‘limi bilan shu muammo ko‘tarildi. Yaxshiyamki muammo ko‘tarildi – ko‘tarilmasligi ham mumkin edi. Muammoni ko‘targan shifokorlarimizga tasanno aytgan bo‘lardim. Shu kungacha bunaqa muammolar O‘zbekiston tibbiyotida ko‘tarilmasdi. Yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolib ketishi mumkin edi. Muammo ko‘tarilishi – bundan keyingi o‘limlarning oldi olinishining belgisi.

Lekin bu muammoni ko‘targan shifokorlarni jazolash yoki qarama-qarshi fikr bildirish, ularni ishdan bo‘shatish kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan muammolar yopilib ketishiga olib keladi.

“O‘zbekiston telekanallarida dorilar reklamasini ko‘rib hayratda qoldik”

Nihola Madaliyeva, Buyuk Britaniya Qirollik qoshidagi Umumiy amaliyot shifokorlar uyushmasi a’zosi, shifokor:

— Bundan 15 yil avval O‘zbekistonda ishlaganimda dorilarga bu qadar o‘chlik yo‘q edi. Dorixonalar biznesi ham bunchalik gullab-yashnamagan edi. Buni rag‘batlantirayotgan, ko‘payishiga sabab bo‘layotgan narsa – dorilar nazoratsiz, erkin holatda O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi deb o‘ylayman. Shifokorlar dori yozganda bitta emas, bir nechta dorini yozadi, ko‘p hollarda tomchi dorilar ham bo‘lishi shart. Bu o‘z-o‘zidan dorixonalar qo‘ziqorinday ko‘payishiga olib keldi.

Yana bitta omil – bu dorilar reklamasi.

Yaqinda vatanimizga borganda televizorda biror ko‘rsatuvni tuzukroq ko‘rganimiz yo‘q. Har 5-10 daqiqada reklamalar, ularning katta qismi esa dorilar reklamasidan iborat. Buni ko‘rib hattoki farzandlarim ham shuncha ko‘p dori ichilishidan hayron qolishdi.

Shu narsalarning o‘zi bu marketni rag‘batlantiradi. Ayniqsa taniqli odamlar reklamada chiqishlari bunga yanada ishonch uyg‘otadi. Shular sabab bizda dorilarga o‘chlik bor.

Jahongir Jo‘rayev:

— Yana bir sabab – shifokorlar moddiy tomondan yetarli rag‘batlantirilmagani. Bu gap tagida juda katta ma’no bo‘lib, och shifokor o‘z manfaati uchun kasbidan foydalanishni boshlaydi va bundan so‘ng farmatsevtika bilan kelishuvlar, keraksiz dorilar sotuvi o‘z-o‘zidan ko‘payadi. Bunga shifokor emas, uni moddiy rag‘batlantirmagan tashkilot aybdor deb hisoblayman. Biz ham oldin shu holatni boshimizdan o‘tkazganmiz va hozirgi kunda chet elda bunday rag‘batlantirish ortig‘i bilan bo‘lgani uchun bizda bu kabi savollar umuman uchramaydi va hattoki bu haqda o‘ylamaymiz, asosiy fikrimiz faqat bemor haqida bo‘ladi va uning holatiga qarab qaror qabul qilamiz.

O‘zbekistonda aynan hozirgi vaziyatda shuncha yil umrini ketkazib o‘qishadi, shuncha pul, vaqtini sarflab yetuk shifokor bo‘lishgandan keyin ularda ham orzu-istaklarini amalga oshirish uchun xohish paydo bo‘ladi va bu – ular farmatsevtlar bilan kelishib ishlashiga yoki korrupsiya yo‘liga kirib ketishiga muhim bir omil bo‘ladi. Agar bu holat to‘g‘rilanmasa, aynan ana shu sohada o‘sish bo‘lmaydi. Bu – eng birinchi sabab.

Ikkinchi sabab bu – shifokorlar sobiq ittifoq davridagi davolash uslubidan foydalanishi. Bu masalani bir necha bor tushuntirishga harakat qildim, ammo buni o‘zbekistonlik shifokorlar tushunishmadi. Biz ham bir vaqtlar ana shu qonun-qoidalar va o‘rgangan bilimlarimiz bilan chet elga kelganimizda bu yerdagi davolash uslubi xuddi xatodek ko‘ringan, ammo keyinchalik bu eng to‘g‘ri yo‘l ekanini tushunib yetganmiz. E’tibor bilan qarasak, sobiq davrda juda ko‘p keraksiz dorilar yozilgan. Hattoki bu dorilar bemor uchun foyda bo‘lmasa ham, omma yuzini ko‘rgan. Lekin Amerika, Buyuk Britaniya va shu kabi davlatlarda har bir bemor uchun alohida protokol tuziladi va har bir dori protokoldan o‘tib tasdiqlangandan so‘ng unga tavsiya etiladi. Shu sababli ham bizda shifokorlar fikri 90 foiz bir-biriga yaqin chiqadi. O‘zbekistonda esa buning teskarisi: hamma shifokor fikri har xil, ularning barchasi umuman bir-biriga yaqin bo‘lmagan dorilar yozib berishadi. Buni o‘zgartirish oson emas. Ta’lim tizimidan boshlab, shifokorlar dunyoqarashini tag-tugidan o‘zgartirishimiz kerak. Bu yerdagi dorixonalarda dorilar juda oz va juda sodda miqdorda sotiladi. Qo‘shimcha mikroelementlar, vitaminlar topish mumkin. Lekin dorilar sotuvida juda katta chig‘iriqlar mavjud.

***

Buyuk Britaniyada ishlayotgan shifokorlarning ta’kidlashicha, u yerda dorilarning nojo‘ya ta’siridan ogohlantiruvchi tashkilot bor. Bundan bemor ham, shifokor ham xabardor bo‘ladi va agar bu dori bemorga yomon ta’sir qilsa, u tashkilotga xabar berish huquqiga ega. Xabar berishi shart, chunki bu yerda dorilar tez-tez nazorat qilinadi. Shuning uchun ham dorixonalarda erkin savdo yo‘q. Shifokorlarga esa farmatsevtik bosim o‘tkazilmaydi.

 “Xalqimizda “Bilimsiz shifokor kam dori yozadi” degan tushuncha shakllangan”

Jahongir Jo‘rayev:

— Doridan zaharlanish holatida dorilarning erkin savdosiga e’tiborsizlik qilib, har qanday dorining katta miqdorda sotilishiga ruxsat bergan shaxslarni aybdor deb bilaman. Bu aysbergning bir uchi. Chunki tekshiruv vaqtida zaharlanmagan, ammo keraksiz dorilarga ruxsat berib yuborilgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Chunki o‘zim juda ko‘p marotaba buning guvohi bo‘lganman. Qanday qilib: O‘zbekistondagi dorilarning ko‘pchiligini bemorga berasiz va u ta’sir qilmaydi, buning sababi noto‘g‘ri tarkib yoki noto‘g‘ri dozada iste’mol qilish bo‘lishi mumkin. Shu sababli biz ko‘p marotaba tekshiruvlar olib borganmiz, buning natijasida katta farqlar kelib chiqqan. O‘zbekistonda o‘ta kuchli dorilar iste’moli ularning sifatiga nisbatan shubha uyg‘otadi. O‘zimning sohamdan kelib chiqqan holatda gapiradigan bo‘lsam, bizda bemorga narkoz berish vaqtida 10-15 xil keng servis mavjud bo‘lib, siz bemorning holatiga ko‘ra unga mos keladigan doridan foydalanishingiz mumkin. Ammo O‘zbekistonda sizga mutaxassislar tomonidan kelgan doridan foydalanishga majbursiz. Bu qaysidir ma’noda sizning shifokorlik faoliyatingizni cheklab qo‘yadi.

Dunyo rivojlangan mamlakatlari foydalanayotgan ayrim dorilar hali O‘zbekistonga kirib bormagan. Nimaga deb so‘rasangiz, u hali yuqoridagi mutaxasislar tomonidan tasdiqlanmagan va shu sababli bu dorilardan foydalanish mumkin emas. Bu logikaga to‘g‘ri kelmaydigan holat.

 “Chaqaloqlar o‘limi saboq bo‘lishi kerak”

Umidjon Madaliyev:

— Oila a’zolarimiz tez-tez bizga shifokor yozib bergan retseptlarni yuborishadi va rostdan ham u yerda bir dorining 3-4 xili yozilgan bo‘ladi. Bitta dorini boshqa nomlardagi varianti, tarkibi esa bir xil bo‘ladi.

Bu vaziyatda bemorning ham fikri muhim rol o‘ynaydi, chunki agar shifokor unga kam dori yozib bersa u: “Bu shifokor hech narsani bilmas ekan, menga kam dori yozib berdi”, degan fikrga boradi. Ushbu vaziyatda shifokor majburligidan ham ko‘p dori yozib berishi mumkin. Bizda odamlar vrachga borsa-yu, 4 yoki 10ta dorini yozib bersa va shuni bolasiga bersa-yu, bola birdaniga tuzalib qolsa. Hayotda mo‘jiza yo‘q, hamma narsaga vaqt kerak. Ma’lum infeksiya ketishi uchun ma’lum muddat kerak. Buni ularga tushuntira bilish zarur.

O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimi yo‘lini yo‘qotgan lokomotivga o‘xshaydi. O‘zi boradigan bekatni yo‘qotib qo‘ygan. Manzil boshqa yoqda, lekin lokomotiv boshqa tomonga qarab ketyapti. Uni boshqarayotgan haydovchi ham o‘zi bilmaydi bekat qayerdaligini. Ichidagi shifokorlarni konduktorlar deb qarasak, ular ichidagi aholini duch kelgan joyda tushirib yuborish bilan ovora.

Bu vaziyatni to‘g‘rilash uchun O‘zbekistonda juda katta ishlar qilinishi zarur va buning uchun hozirdan harakatni boshlash kerak. Aks holda bundan-da og‘ir vaziyat bo‘lishi mumkin. Va eng muhimi, butun tizimni eng boshidan o‘zgartirish kerak.

Eng asosiysi, ana shu go‘dak chaqaloqlar o‘limi bekor ketmasligida. Agar xalqimiz bu vaziyatdan kerakli saboqni olsa va ushbu xatolarni boshqa takrorlamasa, maqsadga muvofiq ish bo‘lar edi.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid