O‘zbekiston | 15:01 / 09.01.2023
7384
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro hamkorlik bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni kelishib oldi

Hukumat delegatsiyasi amaliy tashrifi doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Qozog‘iston bosh vaziri Alixan Smailov bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Muloqot davomida asosiy e’tibor Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlari tomonidan berilgan topshiriqlar bajarilishiga qaratildi.

Alixon Smailov tashrif natijasida ikki tomonlama hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yirik kelishuvlarga erishilganini ta’kidladi. Ularning amalga oshirilishi maxsus ishlab chiqilgan «Yo‘l xaritasi»da batafsil bayon etilgan bo‘lib, respublikalar o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Tomonlar o‘zaro savdo munosabatlarini rivojlantirishdagi ijobiy o‘suvchanlikni, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik faol chuqurlashib borayotganini qayd etdilar. Yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha tashabbuslarni hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning turli dolzarb masalalari ham muhokama qilindi. O‘zbekiston tomoni mamlakat hukumatining o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha mushtarak maqsad va natijalarga erishish uchun Qozog‘iston hukumati bilan yaqin hamkorlikda samarali ishlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Qozog‘iston bosh vaziri ikki davlat prezidentlarining muzokaralari yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni imzoladi. O‘zbekiston tomonidan mazkur hujjatni O‘zbekiston bosh vaziri imzolaydi.

Mavzuga oid