Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pokiston Ukrainaga o‘q-dorilar yetkazib beradi
Pokistondan Polsha porti orqali Ukrainaga artilleriya snaryadlari va boshqa o‘q-dorilar solingan 159 ta konteyner keladi. Ilgari bu davlat Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yetkazib bermas edi.
Pokiston Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlovchi davlatlardan biri bo‘ldi. Hindistonning eng yirik biznes nashri The Economic Times 9 yanvar, dushanba kuni xabar berishicha, Ukraina armiyasi uchun 159 ta konteyner o‘q-dorilar Pokistonning Karachi port shahridan Gdansk porti orqali Ukrainaga yetkaziladi. Ushbu o‘q-dorilar orasida 155 mm artilleriya snaryadlari (NATOning umumiy standarti), ular uchun yoqilg‘i zaryadlari, shuningdek, M82 artilleriya kapsulalari va PDM portlovchi qurilmalari qayd etilgan.
Ilgari Pokiston Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yetkazib bermagan, biroq o‘tgan yilning avgust oyida Buyuk Britaniya Pokistonning Nur-Xon aviabazasidan Ruminiya orqali Ukrainaga qurol o‘tkazgan. The Economic Times ham Pokiston qurol-yarog‘i yetkazib berishning bir qismi Sharqiy Yevropa davlatlari orqali amalga oshirilganini yozadi.
Buning evaziga Ukraina Pokistonga Mi-17 vertolyot parkini modernizatsiya qilish va T-80UD tanklarini ta’mirlashda yordam berishi kerak bo‘ladi. Pokiston va Ukraina qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha uzoq yillik hamkorlardir: 1991-2020 yillarda ular umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik tegishli shartnomalarni imzolagan.
Avvalroq Financial Times gazetasi Ukraina armiyasida o‘q-dorilar taqchilligi bo‘lishi mumkinligini yozgandi – Ukraina Qurolli kuchlari har kuni 4-7 mingta artilleriya o‘qini sarflaydi. Shu bilan birga, standart 155 mm gaubitsa snaryadi 800 dollar turadi. Britaniya razvedkasi Rossiyada urushni davom ettirish uchun o‘q-dorilar tugab borayotganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025