O‘zbekiston | 19:15 / 18.01.2023
35792
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatining gaz idorasi rahbari garov evaziga ozodlikka chiqdi

2022 yil dekabr oyida, energetika inqirozi fonida qamoqqa olingan mansabdor garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Tergov davom etmoqda.

Foto: Toshkent viloyati prokuraturasi

Kun.uz manbalarining xabar berishicha, 2022 yil dekabr oyida qamoqqa olingan «Hududgazta’minot» AJning Toshkent viloyati filiali direktori Muzaffar Aliyev qo‘yib yuborilgan. Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati ushbu ma’lumotni Kun.uz’ga tasdiqladi.

Viloyat prokuraturasiga ko‘ra, gumondorga nisbatan jinoyat ishining tergovi davom etmoqda. Shu bilan birga, unga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi garov ehtiyot chorasiga almashtirilgan.

2022 yil 11 dekabr kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev energiya resurslari bilan ta’minlash sohasida qonunbuzilish holatlari yuzasidan ayrim ma’lumotlarni ochiqlagan edi.

Yo‘ldoshev «Hududgazta’minot» AJning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan «Hududgaz Toshkent» filiali direktori M.A.ga nisbatan jinoyat ishi ochilgani hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olinganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, o‘sha yig‘ilishda «Yangiyo‘l tumangaz» rahbari U. T. va «Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi» sobiq rahbari F. Sh.ga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, o‘sha yig‘ilishda Sardor Umrzoqov aytgan bir holat bo‘yicha keyinchalik boshqa hech qanaqa yangilik bo‘lmadi: Umrzoqovga ko‘ra, Toshkent viloyati prokurori Prezident administratsiyasidan noqonuniy gazga ulangan zavodni tarmoqdan uzmaslikni so‘ragan. “Prokurorning manfaati bormi bunday noqonuniy ulanishga?” degandi administratsiya rahbari.

Mavzuga oid