O‘zbekiston | 14:20 / 26.01.2023
12391
2 daqiqa o‘qiladi

2023 yil oxirida O‘zbekiston – Xitoy – Qirg‘iziston temiryo‘li qurilishi boshlanishi mumkin

O‘zbekiston – Xitoy – Qirg‘iziston temiryo‘li qurilishi 2023 yil oxirida yoki keyingi yilning boshida boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Temir Sariyev Bishkekda bo‘lib o‘tayotgan biznes forumda ma’lum qildi.

«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi loyihasiga kelsak, bu juda istiqbolli. Uzoq vaqt davomida mamlakatlar bu borada yagona qarorga kela olmadi. Ammo bugun Xitoy, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlarining siyosiy irodasi bor. Shu bois 2022 yilda Samarqandda tegishli hujjatlar imzolandi.

Joriy yil o‘rtalarida birinchi texnik-iqtisodiy asoslar tayyor bo‘lishi, qurilish ishlari yil oxirida yoki keyingi yilning boshida boshlanishi kutilmoqda. Agar yo‘l qurilsa, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning iqtisodiy, savdo, logistika, transport imkoniyatlarini bir necha barobar oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mamlakatlarimizda tranzit tashish orqali daromad olish imkoniyati ham paydo bo‘ladi», – deydi Temir Sariyev.

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘lini qurish tashabbusi 2000 yillarning boshlarida e’lon qilingandi, ammo o‘sha vaqtdan beri bu narsa amalga oshirilmay qolib ketmoqda. 

Bu mavzudagi so‘nggi oliy darajadagi kelishuvlarga 2022 yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida erishilgan.

Mavzuga oid