Jamiyat | 15:34 / 31.01.2023
22324
2 daqiqa o‘qiladi

Olmazorda 4 kishini pichoqlagan 20 yashar yigitga hukm o‘qildi

Sud tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchilardan biri og‘ir, yana biri o‘rtacha og‘ir, ikki nafari esa yengil jarohatlar olgani haqida xulosa bergan.

Videodan kadr

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida qasddan badanga og‘ir, o‘rtacha og‘ir va yengil shikast yetkazgan 21 yoshli yigitga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

20 yashar sudlanuvchi avvaldan tanish bo‘lgan jabrlanuvchi bilan o‘zaro janjallashib qoladi. Kutilmaganda kelib tushgan mushtdan g‘azab otiga mingan yigit tanishining tanasining turli joylarini pichoq bilan jarohatlaydi.

Bundan tashqari, jabrlanuvchi bilan birga kelgan 21 va 23 yashar yigitlar, janjallashayotganlarni ajratishga uringan erkak ham pichoqlanadi. Shundan so‘ng jinoyatchi hodisa joyidan yashirinib, 4 kishiga jarohat yetkazishda ishlatilgan pichoqni Olmazor tumanidan oqib o‘tuvchi Achchi kanaliga otib yuboradi.

Sudya Zohiddin Nuriddinovning sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga tayanib ma’lum qilishicha, pichoqbozlik natijasida jabrlanuvchilardan biri og‘ir, yana biri o‘rtacha og‘ir, qolganlari esa yengil tan jarohat olgan.

Sudda sudlanuvchi aybiga to‘la iqror bo‘lgan. Sud hukmi bilan u 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid