O‘zbekiston | 22:29 / 11.02.2023
37699
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi zilzilada vafot etgan vatandoshlarning jasadi O‘zbekistonga yuborildi

Turkiyaning Hatay va Qahramonmarash shaharlarida zilzila qurboni bo‘lgan ikki o‘zbekistonlikning jasadi 11 fevral kuni Farg‘ona va Namanganga yetkazilgan.

Foto: Telegram/Istanbul2020

Marhumlarning biri andijonlik erkak, ikkinchisi esa namanganlik ayol ekani aytilmoqda. 56 yoshli U.H Turkiyaning Hatay shahrida, 40 yoshli N.M. esa Qahramonmarash shahrida yashagan.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining Telegramdagi rasmiy kanalida yozilishicha, har ikki fuqaroning jasadi 11 fevral kuni Istanbul aeroportidan Farg‘ona va Namangan shahriga yuborilgan.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi zilzila oqibatida Turkiyaning Malatya viloyatida o‘zbekistonlik ayol halok bo‘lganini xabar bergandi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi 7 fevral kuni 15 nafar vatandosh Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlarida bedarak yo‘qolgani, ulardan ikki nafari bilan aloqa o‘rnatilgani, 13 nafar fuqaro qidirilayotgani haqida xabar bergandi.

8 fevral kuni 3 nafar o‘zbekistonlik topilgani haqida xabar berildi. Jumladan, Qahramonmarash viloyatida bedarak yo‘qolgan Rashid Boybekov qutqaruvchilar tomonidan vayronalar ostidan olib chiqilgandi.

1982 yil Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan Asal Shotirbekova Hatay viloyatida, 1996 yilda tug‘ilgan Akramjon Hoshimov esa Malatya viloyatida qulagan bino vayronalari orasidan qutqarilgan.

O‘zbekistonning zilzila sodir bo‘lgan hududlarda bedarak yo‘qolgan va qidirilayotgan boshqa fuqarolari taqdiri hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid