“Ming dollarga yaqin maosh olaman” – eksklav hududda ishlayotgan shifokor
Mirolim G‘oziyev asli Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidan. So‘x tumanining Oftobro‘ qishlog‘idagi oilaviy shifokorlik punktida ishlaydi. Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan shifokor bir necha yildan buyon uyidan 200 km olisda yashab, faoliyat yuritmoqda.
Prezidentning 2020 yil 8 avgustdagi qaroriga ko‘ra, So‘x tumanida joylashgan tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlarning lavozim maoshlariga sohadagi ish stajining birinchi uch yili uchun tarif stavkasiga nisbatan 40 foiz, har bir keyingi ikki yil uchun tarif stavkasiga nisbatan 15 foiz miqdorda, ustamaning eng ko‘p miqdori 100 foiz bo‘lishi belgilangan.
Prezident tegishli farmoniga asosan 2021 yildan olis va chekka hududlarda aholi tibbiy xizmat olishi uchun sharoit yaratish maqsadida “Qishloq shifokori” dasturi joriy etilgan edi. Mirolim G‘oziyev uyidan 200 kilometr olisda joylashgan So‘x tumanida faoliyat yuritmoqda. Ikki nafar farzandning otasi.
“Maktabni tamomlab, Samarqand davlat tibbiyot institutida tahsil oldim. Bir muddat Qo‘qon shahri, Furqat, O‘zbekiston tumanlarida ishladim. 2018 yilda So‘x tumanida faoliyat yuritish istagida bo‘lgan shifokorlar oyligiga qo‘shimcha ustama haqi berilishi haqida eshitdim. To‘g‘risini aytganda, o‘zimizning tumanda ishlayotgan paytda maoshim kam edi.
2018 yilda So‘x tumaniga oilam bilan ko‘chib o‘tib ishlashga qaror qildim. Mahalliy hokimiyat tomonidan berilgan mablag‘lar evaziga moddiy holatimiz ancha yaxshilandi. Dastlab kelganimda ijara uyda yashadim. Ayniqsa, Vodil qishlog‘i orqali Qirg‘iziston chegarasidan o‘tib, So‘xga yetib kelish azob edi.
Yangiariq qishlog‘idan xizmat uyi berishdi. Oilam bilan bir muddat shu yerda yashadik. “Qishloq shifokori” dasturi asosida viloyat hokimi bilan shartnoma tuzganimdan keyin 30 million so‘m pul berishdi. Maoshimdan jamg‘arib yurgan mablag‘ga qo‘shib, mashina va keyinchalik shifoxonaga yaqin joydan yangi qurilgan uylardan ipoteka krediti asosida 3 xonali uy sotib oldim.
Ayni kunda 10 million so‘m atrofida maosh olaman. Turmush o‘rtog‘im hamshira. Hozirda uyda farzand parvarish qilyapti. U shu yili oliygohga imtihon topshirib, nasib qilsa oliy ma’lumotli shifokor bo‘lmoqchi.
Ustama haqida gapiradigan bo‘lsam, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan shartnoma tuzganmiz. Unga ko‘ra tumanda 3 yil ishlagan xodim 30 million so‘m mablag‘ olishi belgilangan. Aprel oyida shartnoma tuzgan bo‘lsak, may oyida 30 million so‘m naqd ko‘rinishda pul oldik.
Bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida yashash uyi uchun ijara puli berildi. 2022 yil apreldan e’tiboran 2 million so‘m har oy maoshimizga qo‘shib berilyapti. Bundan tashqari, hududda 3 yil ishlagan xodim ordinaturaga imtihonsiz qabul qilinishi belgilandi.
Shuningdek, 3 yil ish stajiga ega shifokorga 40 foizdan 100 foizgacha ustama beriladi. Ustama har ikki yilda 15 foizdan qo‘shib boriladi. Daromad solig‘i esa aynan So‘x tumanida ishlaganlar uchun 1 foizni tashkil qiladi.
Ko‘p qavatli uydan xonadon sotib olganimizda Xayrullo Bozorov kelib, xonadon narxining 10 foizini, ya’ni 20 million so‘m boshlang‘ich to‘lovini to‘lab bergan.
So‘xliklar sodda, kezi kelganda talabchan xalq. So‘x havosi toza, musaffo. Shu tomonlari yaxshi. Oilaviy shifokorlik punktimiz bugungi kunda 4 901 nafar aholiga xizmat qilyapti. Tumanda hozirgi kunda 27 nafar shifokor turli viloyatlardan kelib faoliyat yuritmoqda”, — deydi Mirolim G‘oziyev.
Shifokor Mirolim G‘oziyev tog‘ bag‘rida yashovchi, sodda, samimiy odamlarning ko‘nglidan oson yo‘l topa olgan. Ularning xonadonlariga kirib borib, kerakli muolajalar olib boradi. Shifokor qishloqdan ketgisi yo‘q.
Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
13:10
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
10:06 / 10.10.2024
Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
15:56 / 08.10.2024
Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat
12:23 / 07.10.2024