O‘zbekiston | 17:20 / 13.02.2023
24113
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy qismda o‘zini otgani aytilgan askar o‘limida jinoyat alomati yo‘q deb topildi

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazgan Toshkent harbiy prokuraturasi harbiy qismda sutkalik naryad va qurol-yarog‘ni topshirish-qabul qilishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan.

Foto: KUN.UZ

Ish hujjatlarida keltirilishicha, 2023 yil 11 yanvar kuni soat 10:00larda oddiy askar Mirjalol Imomov harbiy qism nazorat o‘tish punktida sutkalik naryadini o‘tayotgan vaqtida dam olish xonasiga kirib, qurol saqlash javonida turgan, boshqa bir navbatchi serjantga biriktirilgan AK-74 rusumli jangovar avtomatni olgan. So‘ng quroldan o‘zining jag‘ qismida otib joniga qasd qilgan.

Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida to‘plangan hujjatlar va ekspertizalar xulosalaridan kelib chiqib, askarning o‘limida biror-bir shaxsning harakatida jinoyat tarkibi aniqlanmagan. Shu sababli 2023 yil 11 fevral kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, harbiy qismda sutkalik naryad va qurol-yarog‘ni topshirish-qabul qilishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni nomiga taqdimnoma kiritilgan. Qabul qilingan qaror qonuniyligi harbiy prokuror tomonidan nazorat tartibida o‘rganilmoqda.

Avvalroq marhumning yaqinlari Milliy telekanalining “Millar” dasturiga bergan intervyusida askar yigit urib o‘ldirilgan degan gumonda ekanini bildirishgandi.

Avvalroq Qashqadaryoda, so‘ngra Surxondaryoda harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar xizmat vaqtida vafot etgandi.

 

Mavzuga oid