Jahon | 22:48 / 14.02.2023
11381
4 daqiqa o‘qiladi

Zilzilada vafot etgani aytilgan namanganlik ayol tirik bo‘lib chiqdi. Yana bir vatandosh dafn etildi

Rasmiylar hozirga qadar Turkiyadagi zilzila oqibatida uch nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lganini tasdiqlashgan. Bedarak yo‘qolgani aytilayotgan o‘ndan ziyod o‘zbekistonlik esa hamon qidirilmoqda.

Foto: Hassan Ayadi/AFP/Getty Images

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi 1975 yilda tug‘ilgan va Namangan viloyatida doimiy yashab kelgan vatandoshimiz Shohista Niyazova tirik ekanini ma’lum qildi va buning tasdig‘i sifatida u boshidan nimalar o‘tganini so‘zlab bergan videoni ulashdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda yana bir O‘zbekiston fuqarosi zilzila oqibatida qulagan bino ichida vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan, shundan so‘ng Bosh konsulxona ushbu ayolni qidirib topgan.

“Biz Qahramonmarashdagi zilzila ostida qoldik. Internetda mening o‘lganim haqida xabarlar tarqalibdi. Allohimga ming shukr, zilzila tagida qolgan bo‘lsak-da, umrimiz, rizqimiz bor ekan, vayronalar orasidan omon chiqdim. Hozir biz Istanbulda, Bosh konsulxonadamiz. Bu yerdagi yigitlar bizni shifoxonalarga olib borishdi, katta yordam qilishdi. Xudo xohlasa ikki kun ichida O‘zbekistonda bo‘laman”, deya ta’kidlagan Shohsanam Niyazova.

Ma’lum bo‘lishicha, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan o‘zbekistonlik ayolga zaruriy tibbiy muolaja ko‘rsatildi, hozir uning sog‘lig‘i qoniqarli deb baholanmoqda.

Bundan tashqari, Bosh konsulxona 12 fevral kuni zilzila natijasida Turkiyaning Shonliurfa shahrida vafot etgan namanganlik Barchinoy Mirzayevaning jasadi Istanbuldan Toshkentga yuborilganini ma’lum qilgan.

“Daryo” nashrining yozishicha, Norin tumanidagi Boyovul mahallasida istiqomat qilgan 45 yashar Barchinoy Mirzayeva 2022 yil noyabrida Turkiyaga yo‘l olgan va Shonliurfa shahrida keksa ayolga qarov bilan mashg‘ul bo‘lgan.

Yaqinlari u 6 fevral kuni ro‘y bergan zilziladan sog‘-omon chiqqani, biroq o‘zi ishlayotgan xonadon vakillari bilan mashinada ketayotgan payt zilziladan qulayotgan uylarni ko‘rib yuragi dosh bermagani va shu yerdagi kasalxonada vafot etganini ta’kidlashgan. Uning avvaldan yuragi zaif bo‘lgani aytilmoqda.

18 yashar talaba qizini yolg‘iz voyaga yetkazayotgan Barchinoy Mirzayeva 13 fevral kuni dafn etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni Turkiyadagi zilzilada vafot etgan ikki nafar vatandoshimiz (andijonlik 56 yoshli H.U. hamda namanganlik 40 yoshli M.N.) jasadi O‘zbekistonga yuborilgandi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi 7 fevral kuni 15 nafar vatandosh Turkiyaning zilzila sodir bo‘lgan hududlarida bedarak yo‘qolgani, ulardan ikki nafari bilan aloqa o‘rnatilgani, 13 nafar fuqaro qidirilayotgani haqida xabar bergandi.

8 fevral kuni 3 nafar o‘zbekistonlik topilgani haqida xabar berildi. Jumladan, Qahramonmarash viloyatida bedarak yo‘qolgan Rashid Boybekov qutqaruvchilar tomonidan vayronalar ostidan olib chiqilgandi.

1982 yil Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tug‘ilgan Asal Shotirbekova Hatay viloyatida, 1996 yilda tug‘ilgan Akramjon Hoshimov esa Malatya viloyatida qulagan bino vayronalari orasidan qutqarilgan.

O‘zbekistonning zilzila sodir bo‘lgan hududlarida bedarak yo‘qolgan va qidirilayotgan boshqa fuqarolarining taqdiri hozircha noma’lumligicha qolmoqda.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid