Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda yangi tug‘ilgan bolalarga jamg‘arma hisobvaraqlari ochiladi
Qozog‘istonda yangi tug‘ilgan bolalar uchun dollarda omonat hisobvarag‘i ochilib, unga bola 18 yoshga to‘lgunga qadar mablag‘ o‘tkazib turishni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinishi kutilmoqda. Bunda har bitta bolaning jamg‘armasidagi taxminiy pul miqdori 3500 AQSh dollarini tashkil qilishi mumkin.
Qozog‘iston Moliya vazirligi mamlakatda 2024 yildan boshlab ishga tushirilishi rejalashtirilgan Bolalar milliy jamg‘armasi loyihasi tafsilotlarini taqdim etdi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar bermoqda.
Moliya vaziri o‘rinbosari Dauren Temirbekovning so‘zlariga ko‘ra, Milliy bank investitsiya daromadining 50 foizini Milliy jamg‘armaning o‘tgan yillardagi o‘rtacha rentabelligini inobatga olgan holda hisoblab chiqadi. Investitsion daromad stavkasini hisobot davriga qadar oldingi 18 yil uchun o‘rtacha yillik qiymat darajasida aniqlash taklif etilmoqda. Bunda har bitta bolaning jamg‘armasidagi taxminiy pul miqdori 3500 AQSh dollarini tashkil qilishi mumkin.
Bank hisobi bola tug‘ilgandayoq Adliya vazirligining ma’lumotlar bazasidan foydalanilib, avtomatik ravishda ochiladi va har yili tabiiy resurslarni qazib olishdan olingan mablag‘lar hisobidan to‘ldirilib boriladi. Hisobni to‘ldirish har yili 1 yanvarda, bola 18 yoshga to‘lgunga qadar amalga oshiriladi.
Mazkur mablag‘lar 18 yoshga to‘lgandan keyin uy-joy sotib olish va ta’lim uchun ishlatilishi mumkin. Bunday hisobvaraqlarni soliqdan ozod qilish rejalashtirilmoqda.
«18 yoshga to‘lganidan so‘ng mablag‘lar bolaning mulki bo‘ladi va undan qanday foydalanishni mustaqil hal qiladi. Ta’lim yoki uy-joy sotib olish uchun ishlatish mumkin. Shu bilan birga, xorijiy ta’lim muassasasida o‘qish haqini to‘lash uchun mablag‘lardan foydalanishga cheklovlar o‘rnatish rejalashtirilmagan. O‘z navbatida, uy-joy sotib olish uchun yig‘ilgan mablag‘lardan foydalanishga faqat Qozog‘istonda ruxsat beriladi. Ushbu mablag‘larga sotib olingan uy-joylarni qayta sotish bo‘yicha cheklovlar kiritilmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan Dauren Temirbekov.
Shuningdek, loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:
- agar 18 yoshgacha bo‘lgan bola mamlakatni tark etsa va fuqaroligini o‘zgartirsa, u holda to‘lovlarni talab qilish huquqi yo‘qoladi. Mablag‘lar qolgan bolalar o‘rtasida qayta taqsimlanadi;
- agar 18 yoshgacha bo‘lgan bola fuqaroligini o‘zgartirmasdan mamlakatni tark etsa, to‘lovlarni talab qilish huquqi saqlanib qoladi;
- 18 yoshga to‘lgan bolaning hisobidagi mablag‘lar 5−10 yil davomida saqlanadi;
- agar mablag‘lar 5−10 yil ichida talab qilinmasa, hisobvaraqdagi mablag‘lar pensiya hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
- to‘plangan mablag‘larni fuqarolik qonunchiligiga muvofiq meros qilib, o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘ladi;
- bola muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, ota-onasi yoki vasiylarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mablag‘lardan foydalanish huquqi beriladi.
Mavzuga oid
21:25 / 25.05.2025
Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan 100 dan ortiq o‘lik tyulen topildi
21:27 / 23.05.2025
O‘zbekiston va Qozog‘iston 4 ta chegara postida yuk avtomobillari harakatini yo‘lga qo‘ymoqchi
20:41 / 23.05.2025
FXX Qozog‘iston fuqarolarining Rossiyaga kirishini taqiqlay boshladi
08:50 / 22.05.2025