Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bratislavada minglab odamlar Ukrainadagi urushga qarshi namoyishga chiqdi
Slovakiya poytaxtida o‘ng qanot populist va rossiyaparast kuchlar qo‘llab-quvvatlagan namoyishchilar, shuningdek, Ukraina bayroqlari va Putinga qarshi bannerlar ko‘targan mitingchilar ko‘chalarga chiqdi.
Bratislava markazida 3 mart, juma kuni kechqurun minglab namoyishchilar mitinglarda ishtirok etdi. Ulardan biri – «Tinchlik marshi» anonim shaxs tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va, aftidan, o‘ng qanot populistlar va rossiyaparast kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Namoyishchilar Kiyevga qurol yetkazib berish o‘rniga tinchlik muzokaralarini o‘tkazishni talab qilib, Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputovaning rasmiy qarorgohidan shahar markazi orqali AQSh elchixonasiga yo‘l oldi. Olomon orasida ko‘plab Slovakiya bayroqlari, shuningdek, kamida bitta Rossiya va bitta SSSR bayrog‘i ko‘rindi. Bannerlarda «Biz tinchlikni xohlaymiz» degan ruhdagi yozuvlar, shuningdek, Slovakiyaning NATOga a’zoligiga qarshi shiorlar ustunlik qilgan.
Ayni vaqtda Ukraina bayroqlari va Putinga qarshi bannerlar bilan namoyishchilar prezident saroyi oldidagi markaziy maydonga kelishdi, deya xabar beradi dpa agentligi. Unga ko‘ra, bu guruhning soni birinchisiga qaraganda kamroq edi. Uning ishtirokchilaridan ba’zilari Amerika diplomatik missiyasiga ham borishdi va u yerda AQSh bayroqlarini ko‘tarib olishdi.
Politsiya tartibni saqlashga muvaffaq bo‘ldi, ikki namoyish ishtirokchilari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lmadi. Voqea joyidan olingan videoyozuvlarda faqat alohida og‘zaki to‘qnashuvlar, shuningdek, «Ukrainaga shon-shuhrat!» - degan hayqiriqlarni eshitish mumkin.
Slovakiya Ukrainaga 10 ta MiG-29 samolyotini yetkazib berishga tayyor. Bu haqda 1 mart kuni Slovakiya mudofaa vaziri Yaroslav Nadjiga tayanib, AP agentligi xabar berdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir vazifasini bajaruvchi Eduard Xeger bilan 9 fevral kuni Yevropa Ittifoqi sammitida uchrashdi hamda Kiyevga MiG-29 yengil qiruvchi samolyotlari yetkazib berishni so‘radi. Zelenskiyning Slovakiyaga so‘rovi Yevropa Ittifoqi davlatlariga yordam so‘rab murojaat qilishning bir qismi edi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025