Jamiyat | 15:43 / 08.03.2023
40247
13 daqiqa o‘qiladi

«Aroq tufayli navqiron bir yigitning umriga zomin bo‘lganman» – sobiq mahbus iztiroblari  

«Aroq ichib yurar ekanman, keyinchalik bir yomon odatga o‘rgandim. O‘tirgan davramda kimdir ichmasa bu ruhiyatimga yomon ta’sir qilar, nima qilib bo‘lsa ham o‘sha odamni ichirishga urinardim. Bu ishimni bilgan ayrimlar aroq uzatganimda indamay olib ichar, ichishni xohlamagan boshqalari esa davradan turib ketardi. Biroq oxiri hodisa ayanchli tugadi».

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub «zahri qotil» aroqning ortidan qotilga aylangan va bir begunoh yigitning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lib, qamalib chiqqan odamdan ekan.

Uning yozishicha «peshonasi devorga borib urib» qamalib chiqqach aqlini yig‘ib olgan va shundan so‘ng sog‘lom hayot kechirgan.

«Qamoqda o‘tirib o‘tgan umrimni sarhisob qildim. O‘ylab ko‘rsam o‘zimning maishatim ortidan yaqinlarimga, atrofimdagilarga ko‘p ozor bergan ekanman. O‘shanda «qamoqdan chiqsam mast qiluvchi ichimliklarni og‘zimga olmayman», deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim. Mana, panjara ortidan chiqqanimga o‘n yil bo‘lib qoldi, o‘sha so‘zimda turibman», deb yozgandi maktub sohibi.

Maktubni o‘qir ekanman inson aqlini yig‘ib olmasa istalgan yomonlikni, jinoyatni sodir etishi mumkinligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Maktub kimlargadir ibrat bo‘lar, degan umidda uni sizlarga ham havola qilishga qaror qildim.

«Aroqni ilk bor tatib ko‘rganimda 17 yoshda edim. 1990 yillarning boshi, endi mustaqil bo‘lgan paytimiz edi. O‘sha paytda maktabning yuqori sinfida o‘qirdim. Qo‘shnimizning o‘g‘li uylandi. Shu to‘yda tasodifan kuyovjo‘ralar bilan bir joyda o‘tirib qoldim.

Qarasam davrada aroq ko‘rinmayapti. Hayron qoldim. Odatda bunaqa to‘ylar aroqsiz o‘tmasdi. Hatto aroq qo‘yilmaydigan to‘ylarda ham kuyovjo‘ralar ko‘chadagi do‘kondan keltirib ichishardi.

Davrada salqin ichimliklar orasida rangi sariq, plastik idishga qadoqlangan ichimlikka ko‘zim tushdi. Limonadning yangisini chiqarishibdi-da deb hayron bo‘ldim.

Bir payt kuyovjo‘ralardan biri o‘sha ichimlikni ochib, piyolalarga quydi va navbati bilan menga ham uzatdi. Ikkilanib turgandim, «bu oddiy limonad» dedi. Olib ichib yubordim. Ichimlik juda taxir, sassiq hidi ham bor ekan. Uning limonad emasligi aniq edi.

Shu payt kuyovjo‘ralar yasha o‘g‘il bola, deb kulib yuborishdi. Ma’lum bo‘lishicha, sariq ichimlik limonad emas, aroq bo‘lib, u Xitoydan keltirilgan ekan. Aroqni birinchi tatib ko‘rishim shu tarzda boshlangandi.

Bir yildan keyin maktabni bitirdik. Sinfdosh yigitlar birin ketin uylana boshlashdi. Birinchi marta ichganimda achchiq ta’m va sassiq hid dimog‘imga o‘rnashib qolgani uchun avvaliga qancha qistashsa ham aroq ichmadim. Biroq sinfdoshlarning to‘yida yana ichirishdi.

«Nima, sen mening baxtli bo‘lishimni xohlamaysanmi? Mening yaxshi kunimda do‘stlar tilak bildirayapti, sen qo‘shilmaysanmi, degan savollar bilan ezib tashlashdi. Oxiri ichadigan bo‘ldim.

Keyinchalik aroq doimiy hamrohimga aylandi. Avvaliga mahalladagi to‘y-ma’rakalarda ichib yurgan bo‘lsam, keyinchalik tushligim ham aroqsiz o‘tmaydigan bo‘ldi.

Bu orada uylandim, xotinim, ota-onam meni aroqdan qaytarish uchun nimalar qilishmadi, baribir ichishni tashlamadim.

Endi o‘tirib eslasam aroq meni yengmaganiga sabab u “zahri qotil”ni bo‘kib ichmas ekanman. Chunki aroq ichib biron marta o‘zimni bilmaydigan, og‘zimdan chiqayotgan gapni anglay olmaydigan darajaga tushmaganman.

Biroq, ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deyilganday bir kun kelib aroq hayotimni barbod qildi: meni qotilga, navqiron bir yigitni esa marhumga aylantirdi.

Aroq ichib yurar ekanman, keyinchalik bir yomon odatga o‘rgandim. O‘tirgan davramda kimdir ichmasa bu ruhiyatimga yomon ta’sir qilar, nima qilib bo‘lsa ham o‘sha odamni ichirishga urinardim.

Bunday paytlarda maqsadim ichmaydigan odamni oxirigacha ichirish bo‘lmasdi. U men bilan bir marta urishtirib ichsa bo‘ldi, boshqa bezovta qilmasdim.

Bu odatimni bilgan ayrimlar aroq uzatganimda indamay olib ichar, ichishni xohlamagan boshqalari esa davradan turib ketardi. Vaziyat shu darajaga bordiki, turli ma’rakalarda men o‘tirgan davraga boshqalar o‘tirgisi kelmay qoldi. Mabodo qaysidir davraga o‘zim borib o‘tirsam, u yerdagilar aftini burishtirardi.

Tuman markazidagi oshxonalarga ovqatlangani kirganimizda ulfatlar bilan tinchgina yeb-ichib chiqib ketardik. Biroq oxiri hodisa ayanchli tugadi.

Kunlardan bir kun ikkita ulfatim bilan tuman markazidagi oshxonalardan biriga kirdik. Odam ko‘p ekan, amallab joy topdik. Ovqat va aroq buyurdik. Shu payt oldimizga yoshi yigirmalarda bo‘lgan bir yigit kelib «Yonlaringga o‘tirsam bo‘ladimi?», dedi. Bosh irg‘adik. Yigit bo‘sh stulga o‘tirdi va nimadir ovqat buyurdi.

O‘sha paytda yigit o‘zini qanday taqdir kutayotganini bilganida bu oshxonaga umuman kirmasdi. Yoki o‘tirgan zahoti turib ketardi. Ammo inson bir soniyadan keyin o‘zi bilan nima sodir bo‘lishini bilmaydi.

Ovqatimiz kelguncha yigit bilan u yoq-bu yoqdan gaplashdik. Qayerdan, kimning farzandi ekani bilan qiziqdik. U otasining nomini aytgandi tanidik. Yigitning otasi ko‘pchilikka nafi tekkan, yaxshi odam bo‘lib, bir necha yil avval o‘lib ketgandi.

Yigit viloyat markazidagi qaysidir institutda o‘qir, ta’tilda uyga qaytgan ekan. Yigitning tarbiyali ekani bilinib turardi. U davramizga qo‘shilganidan «Choyni men quyay», deya choynakni oldiga oldi. Savol bersak javob berdi, boshqa payt betgachoparlik qilmay jim o‘tirdi.

Shu asnoda avval aroq, keyin ovqatlarimizni olib kelishdi. Yigit aroqning shishasiga bir qaradi-yu, indamay ovqatini tanovul qila boshladi.

Men aroqni ochdim va to‘rtta piyolaga quydim. Yigit hatti-harakatlarimga zimdan qarab qo‘yar, biroq indamas edi. Aftidan u o‘ziga ham aroq quyganimni fahmlab turgandi.

Aroq quyilgan piyolalarni avval sheriklarimga, oxirida yigitga uzatdim. Yigit uzr so‘radi va hayotida umuman ichmaganini aytib, qo‘limni qaytardi.

O‘sha paytda xayolimga bir zumga «E qo‘y, nima qilasan majburlab» degan o‘y ham keldi. Biroq o‘rligim yengib chiqdi. Yigitga nasihat qilishni boshladim:

«Uka, bu hayotga bir marta kelamiz. O‘ynab-kulib qolaylik. Ertaga bu dunyodan o‘tsak, barchasi qolib ketadi. Senga men bilan oxirigacha ich demayman. Mana shu piyoladagini ichsang bo‘ldi. Boshqa quymayman».

Yigit uzr so‘rab yana yo‘q dedi. Shundan so‘ng uni ancha payt ichishga ko‘ndira olmadim. Men qistardim, yigit yo‘q derdi.

Oxiri sheriklarga yuzlandimda «Qani oldik, biz bilan ichishni xohlamasa nima ham derdim, u ichmasa o‘zim ichaman» deb ikkita piyolani ham o‘zim bo‘shatdim.

Birozdan so‘ng miyam qizidi va yigitning ichmaganiga jahlim chiqa boshladi. Aroqni olib yana to‘rtta piyolaga quydim. Boya ikkita piyoladagi aroqni ichib yuborganimni ko‘rib «Xayriyat qutildim» deb o‘tirgan yigit ishimni ko‘rib yana xavotirlana boshladi.

Shu paytda e’tibor berdim, u oldimizdan tezroq turib ketish uchun ovqatini juda shoshilib yeyayogan ekan. Biz hali ovqatimizni boshlaganimiz yo‘q, uning idishi bo‘shayotgan edi.

Bu safar birinchi piyolani yigitga uzatdim. U yana uzr so‘radi va ichmasligini aytdi. Piyola ushlagan qo‘lim havoda turar, yigit esa rad etardi. Sheriklarim bu holatdan ziq bo‘lib, «ichmasa nima qilasan, qo‘y endi» deyishdi. Ularning bu gapini «shuncha urinsang ham qo‘lingdan bir ish kelmadi, yosh bolaga gaping o‘tmadi» degan ma’noda tushundim.

Shu paytda menga nima bo‘ldi bilmayman, o‘rnimdan turib yigitga ichasan deb baqira boshladim. U javob qaytarmasdi. Indamay o‘tirgani meni battar muvozanatdan chiqara boshladi. Shu payt ko‘zim stol ustida turgan pichoqqa tushib qoldi. Uni qanday oldim, yigitning tanasiga qanday urdim, esimda yo‘q. Hushim o‘zimga kelganda oshxonada barcha dod solib baqirar, yigit esa oyoq ostida qonga belanib yotardi.

Shundan so‘ng yigitni kasalxonaga olib ketishdi. Men esa IIB xodimlari kelib olib ketguncha o‘sha joyda o‘tirdim.

Hibsxonada o‘tirib tergov berar ekanman, qanchalik og‘ir gunoh qilganimni tushunib yetgandim. O‘tgan umrimga afsuslanardim, biroq g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘lgandi. Tergov berayotgan paytimda meni eng yomon qiynagan narsa «Sudda yigitning onasining ko‘ziga qanday qarayman?», degan savol bo‘ldi.

O‘sha paytlarda sudgacha jonimni olishini so‘rab Xudoga nola qilardim.

Sud zaliga kirib borar ekanman, yerga qarab olgandim. Ayolning ko‘ziga qarashga yuragim dov bermasdi. O‘sha paytda «sudya necha yilga qamasa qamasin, sud zalidan tezroq chiqib ketsam bo‘ldi» deb o‘ylardim. Baribir ayolning ko‘ziga qarashga majbur bo‘ldim. U menga qattiq nafrat bilan qarab turar, o‘ziga so‘z berilganda juda og‘ir so‘zlar bilan la’natladi. Ayol qarg‘ar ekan, men shunga loyiqman deb turardim.

Advokatim yigitga pichoqni mastlik tufayli o‘zimni bilmagan holda urganimni aytib, sudyadan yengillik so‘rardi.

Menga so‘z berilganda gapirgan gaplarim haliyam esimda.

«Bir paytlar aroq barcha yomonliklarning onasi deyishganda parvo qilmasdim. Mana endi shunga amin bo‘ldim. Bu so‘zlarni o‘zimni oqlash uchun aytmayapman. Yigitga pichoq urganimda mast emasdim. Hushim o‘zimda edi. Menga nima jazo berilsa kam. Qilgan ishim bilan eng og‘ir jazoga loyiqman. Shu tobda men qamoqda qanday o‘tirishni emas, bir begunoh insonning umriga zomin bo‘lganim uchun oxiratda qanday javob berishni o‘ylayapman», dedim.

Sudya menga 15 yil qamoq jazosi berdi. Sud majlisi tugagandan so‘ng advokat appelyatsiya haqida gapirgandi, shartmas dedim.

Qamoqda o‘n yil o‘tirganimdan so‘ng ozod qilib, probatsiya nazoratiga o‘tkazishdi. Qamoqning bir kuni ham qamoq deyishadi. Biroq men o‘zim bilan o‘zim bo‘lib, qilib qo‘ygan ishimdan vijdonim qiynalib o‘n yil qanday o‘tib ketganini sezmay ham qoldim.

Qamoqdan qaytib kelganimda yoshim qariyb 45 ga kirib qolgandim. Men uyoqdaligimda o‘g‘lim uylanibdi, qizimni uzatishibdi. Bolalardan tinchidim. Biroq ko‘nglim hanuzgacha notinch.

Bir bandaning Xudo omonat qilib bergan joniga qasd qildim va uning bevaqt hayotdan ko‘z yumushiga sabab bo‘ldim. O‘sha hodisaga o‘n yildan oshgan bo‘lsa-da, hanuzgacha unutmadim.

Qamoqdan chiqib kelganimdan so‘ng bugungacha aroq bor joyga yaqin yo‘lamadim. Mast qiluvchi ichimliklar qo‘yilgan dasturxon chetiga o‘tirmadim. O‘tirgan joyimga olib kelib qo‘yishsa turib ketdim. Nomini eshitishni, o‘zini ko‘rishni xohlamadim.

Yoshlarga ham shuni maslahat beraman, o‘qib bilim olishsin, yaxshi kasblarni egallashsin. Elga, vatanga xizmat qiladigan yigit bo‘lib ulg‘ayishsin. Insonni hayvon darajasiga tushirib qo‘yadigan bu ichimlikdan uzoq yurishsin».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid