Jahon | 23:09 / 14.03.2023
54786
4 daqiqa o‘qiladi

Qora dengizda Amerika droni Rossiyaning Su-27 samolyoti ta’sirida suvga quladi

Prezident Jo Bayden mojarodan xabardor qilindi. 

MQ-9 uchuvchisiz droni / Foto: Getty Images

AQSh Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi Rossiyaning Su-27 qiruvchi samolyoti Qora dengiz uzra Amerikaning MQ-9 Reaper uchuvchisiz samolyoti bilan to‘qnashganini ma’lum qildi. Bayonotga ko‘ra, voqea 14 mart kuni ertalab sodir bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligi dron transponderlar o‘chirilgan holda uchgani va «maxsus harbiy operatsiya o‘tkazish uchun belgilangan havo bo‘shlig‘idan foydalanishning vaqtinchalik rejimi hududi chegaralarini buzgani»ni ma’lum qildi.

AQSh harbiylari da’vo qilishicha, Rossiyaning ikkita Su-27 samolyoti Qora dengiz ustidagi xalqaro havo hududida AQSh Harbiy-havo kuchlarining razvedka va kuzatuv uchun mo‘ljallangan droniga qarshi «xavfli va noprofessional» manyovrni amalga oshirgan.

Qayd etilishicha, ertalab tongda Rossiyaning Su-27 samolyotlaridan biri MQ-9 parraklariga urilib, shikast yetkazgan. Oqibatda, AQSh Qurolli kuchlari xalqaro suvlarda MQ-9 dronini urib tushirishga majbur bo‘lgan.

«To‘qnashuvdan oldin Su-27 samolyotlari MQ-9 oldidan yonilg‘i to‘kib, ekologik xavfli va noprofessional tarzda uchib o‘tgan. Bu hodisa layoqatsizlikni, shuningdek, ishonchsizlik va noprofessionallikni ko‘rsatadi», deyiladi bayonotda.

AQSh Qurolli kuchlarining Yevropadagi qo‘mondonligi, MQ-9 Reaper razvedkachi droni xalqaro havo hududida «an’anaviy operatsiya»ni bajargani, u Rossiya qiruvchi samolyotlari tomonidan urib tushirilganini da’vo qilmoqda.

«Bizning MQ-9 samolyotimiz xalqaro havo hududida an’anaviy operatsiyalarni bajarayotgan edi. U Rossiya samolyoti tomonidan urib tushirildi, oqibatda MQ-9 halokatga uchradi va butunlay yo‘qotildi», dedi AQSh harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general Jyeyms B. Heker.

«Aslida rossiyaliklarning bu xavfli va noprofessional harakati ikki samolyotning ham halokatga uchrashiga sabab bo‘lishi mumkin edi. AQSh va ittifoqchilarning samolyotlari xalqaro havo hududida parvoz qilishda davom etadi va biz rossiyaliklarni o‘zini professional va xavfsiz tutishga chaqiramiz», deb qo‘shimcha qildi general.

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z samolyotlarining AQSh droni bilan to‘qnashgani yoki uni urib tushirganini rad qildi. Bayonotga ko‘ra, dron transponderlar o‘chirilgan holda uchgan va «maxsus harbiy operatsiya o‘tkazish uchun belgilangan havo bo‘shlig‘idan foydalanishning vaqtinchalik rejimi hududi chegaralarini buzgan».

«Qoidabuzarni aniqlash maqsadida havoga qiruvchi samolyotlar ko‘tarilgan. Keskin manyovrlar natijasida MQ-9 droni nazoratsiz parvozga o‘tgan va suvga qulagan», deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.

AQSh prezidenti Jo Bayden Qora dengiz uzra MQ-9 Reaper droni qulab tushishiga sabab bo‘lgan Rossiya samolyotlari bilan bog‘liq mojarodan boxabar qilingan. Bu haqda Daily Beast muxbiri Shennon Vavra ijtimoiy tarmoqda yozdi. U Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi koordinatori Jon Kirbiga havola qildi.

Kirbining ta’kidlashicha, Rossiya samolyotlari Qora dengiz uzra AQSh dronlarini tez-tez qurshovga olib turadi. Ammo bu hodisa «o‘ylamasdan qilingani aniq».

Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov hodisa yuzasidan AQSh Davlat departamentiga chaqirildi, dedi idora matbuot kotibi Ned Prays.

MQ-9 Reaper droni katta balandlikda uzoq muddatli razvedka uchun mo‘ljallangan yirik uchuvchisiz uchish apparatidir.

Economist gazetasining mudofaa bo‘yicha muharriri Shashank Joshi so‘zlariga ko‘ra, rus samolyoti katta hajmdagi ma’lumotlarni to‘playotgan dronni cho‘chitishga uringan bo‘lishi mumkin. «Biroq, oqibatda dronning yo‘qotilishi juda g‘ayrioddiy», deb ta’kidladi u.

Mavzuga oid