Avdiyivka atrofidagi hayot va Donetsk o‘qqa tutilishi. Urush suratlari
Ukrainada urushning 398-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Dmitriy Peskov rossiyalik mulozimlarni Ukrainadagi urush uzoq cho‘zilishi haqida ogohlantirgan. The Guardian nashri manbaga tayanib yozishicha, prezident matbuot kotibi bu haqda 2022 yil dekabr oyi oxirida yuqori martabali rossiyalik amaldorlar bilan kechki ovqat mahalida aytib o‘tgan.
- Rossiya budjetining maxfiy xarajatlari 2,4 trillion rublga yetgan — bu 2022 yilning shu davridagiga nisbatan ikki barobar ko‘proq. Ekspertlar buni urush va annexia qilingan hududlar uchun xarajatlar ortishi bilan bog‘lagan.
- Novaya Moskvada «Slava Ukraine» yozuvi bitilgan qo‘lbola dron parchalari topildi. Rossiya tomoni ham, Ukraina hukumati ham bu ma’lumot yuzasidan munosabat bildirmadi.
- Politico ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy Rossiyaga zirhli nimchalar ishlab chiqarish uchun tarkibiy qismlar yuborgan — bu import Rossiyaning 2022 yil fevralidagi bosqinidan avval amalga oshirilgan va bunday nimchalarning ayrimlari Ukrainadagi harbiy harakatlar hududida topilgan.
Front bo‘yidagi Avdiyivka atrofidagi qishloqlar hayoti
Avdiyivka — Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk atrofidagi shaharcha. 2014 yildan buyon front chizig‘i Avdiyivka yaqinidan o‘tadi. 2022 yil fevralida keng ko‘lamli urush boshlangach, shahar doimiy zarbalar ostida qoldi.
Rossiyaning Donetsk oblastida 2023 yil yanvarida boshlangan yurishi davomida Avdiyivka uchun janglar qaytadan boshlandi — hozirda shahar RF qo‘shinlari tomonidan yarim qurshovga olingan, Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) Ukraina mudofaa kuchlariga tayanib xabar qilishicha, shahar atrofida turgan kuchlar orasida «Vagner» XHK yollanma jangchilari ham bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Avdiyivka va uning atrofidagi hududlar bir necha haftadan buyon tizimli ravishda va har kuni aviatsiyadan bombardimon qilinmoqda.
Avdiyivkadan bir necha kilometr shimoli-g‘arbda Semenovka qishlog‘i joylashgan — quyida Ukrainaning nisbatan xavfsiz hududlariga keta olmagan va uyida qolgan aholi hayoti aks etgan suratlar.
Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari
27 mart tongida Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Donetsk shahrini o‘qqa tutdi. Kreml tomonidan tayinlangan mahalliy rasmiylar raketa zarbasi haqida faqat bir kun o‘tib xabar berishdi. Ularning tasdiqlashicha, zarba oqibatida tinch aholi vakillaridan uch kishi yaralangan. Zarba haqida ukrain nashrlari ham xabar berishgan, ammo Ukraina qurolli kuchlari ham, mamlakat hukumati ham bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan. Quyida Donetskda ushbu zarba oqibatlari aks etgan suratlar.
Baxmut atrofidagi ukrain askarlari
«Vagner» XHK jangchilari katta ehtimol bilan Baxmut shimolida metallar qayta ishlanuvchi AZOM zavodini egallagan va shahardagi pozitsiyasini mustahkamlashda davom etmoqda — bu haqda ISW 26 mart kuni tarmoqda paydo bo‘lgan videoga asoslanib yozmoqda, videoda RIA Novosti muxbiri zavod hududida erkin harakatlanayotgani aks etgan. ISW tahlilchilari taxmin qilishicha, «Vagner» keyinroq Baxmutning g‘arbiy qismini ham nazoratga olish uchun shahar markazidagi pozitsiyalarini mustahkamlamoqda.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi so‘nggi svodkasida Baxmutdagi vaziyat tafsilotlarini keltirmagan, ammo ukrain harbiylari «shaharni mardonavor ushlab turgani va raqibning ko‘p sonli hujumlarini qaytarayotgani»ni ma’lum qilgan. Volodimir Zelenskiy Associated Press uchun intervyusida agar Ukraina Baxmut uchun jangni boy bersa, Vladimir Putin «qon isini olishi» va «bosimni kuchaytirishi», shuningdek «bu g‘alabani G‘arbga, o‘z jamoatchiligiga, Xitoyga, Eronga sotishi», ukrain jamoatchiligi esa «charchoqni his qilishi» va «[hukumatni] [Rossiya bilan] murosaga undashi»ni aytdi.
Quyida Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut atrofidagi pozitsiyalari aks etgan suratlar.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024