O‘zbekiston | 13:28 / 31.03.2023
28178
2 daqiqa o‘qiladi

Jo‘rabek Rahimov Xorazm viloyati hokimi etib tasdiqlandi

Kecha, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bir kunlik tashrifini amalga oshirgan prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xorazm viloyatiga yetib keldi. Davlat rahbarining kun tartibi viloyat hokimligi majlislar zalida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishdan boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi va faollar ishtirokidagi yig‘ilishda Xorazm viloyatiga hokim tayinlash bo‘yicha tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

“Rahimov mehnat faoliyatini Shovot tumanida boshlab, so‘nggi yillarda Bog‘ot va Qo‘shko‘pir hokimi lavozimlarida ishladi, qishloq xo‘jaligida katta tajribasi bor. Bundan uch oy oldin, Jo‘rabek Rahimovga ishonch bildirib, viloyat hokimi vazifasini bajarishni yukladik. Bu muddat Rahimovga viloyat aholisini qiynayotgan masalalarning ichiga kirish, ularni hal etishni boshlash uchun yetarli bo‘ldi, deb hisoblayman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biroq bugungi sessiyada nomzod odatdagidek deputatlar tomonidan shunchaki qo‘l ko‘tarib, tasdiqlab qo‘yilmadi. Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Jo‘rabek Rahimov yig‘ilishda viloyat imkoniyatlarini ishga solish bo‘yicha o‘z taklif va rejalari taqdimotini qildi.

Taqdimotdan kelib chiqib, takliflar mahalliy deputatlar tomonidan muhokama qilindi va undan so‘ng Jo‘rabek Rahimov Xorazm viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Jo‘rabek Rahimov 1981 yil Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosi hisoblanadi.
 
Jo‘rabek Rahimov o‘tgan 2022 yilning dekabr oyida Xorazm viloyatiga hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. Bundan oldin u Qo‘shko‘pir tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid