Jahon | 18:22 / 03.04.2023
7983
4 daqiqa o‘qiladi

Haagadagi maxsus tribunal: Kosovo sobiq prezidenti ayblovlarni rad etdi

Foto: Reuters

Hoshim Tachi urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblovlarni rad etdi. Kosovo sobiq prezidenti Haagadagi maxsus tribunal oldida chiqish qildi.

Kosovo sobiq prezidenti Hoshim Tachi urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha ayblovlarni rad etdi. U 3 aprel, dushanba kuni Haagadagi maxsus tribunal oldida nutq so‘zladi.

«Men ayblov xulosasini tushunyapman va o‘zimni mutlaqo aybsiz deb bilaman», dedi Tachi.

Gap o‘nta ayblovlar haqida boryapti - 1998-1999 yillarda odamlarni ta’qib qilish, qotillik, qiynoqlar va zo‘rlik bilan yo‘q qilish, deya ta’kidladi Reuters agentligi.

Tachidan tashqari, Kosovo Demokratik partiyasi sobiq raisi Kadri Veseli, parlament sobiq raisi Yakup Krasnichi va Kosovo parlamentidagi eng yirik «O‘zlikni anglash» (Vetëvendosje!) partiyasi fraksiyasi sobiq rahbari Rajab Salimiyga ham ayblovlar qo‘yildi. 

Ularning barchasi 1998-1999 yillardagi urushda Serbiya armiyasiga qarshi kurashgan sobiq Kosovo ozodlik armiyasining (KOA) yuqori martabali vakillari edi. 

Xalqaro sudyalar va prokurorlar tomonidan olib borilayotgan sud jarayoni ayblov tomonining bayonotlari bilan boshlandi. Shundan so‘ng himoya tomoni va jabrlanuvchilar kengashi vakili so‘zga chiqadi. Kosovodagi harbiy jinoyat ishida jami 9 kishi ayblanmoqda. 

Eshituvlar bo‘lib o‘tgan bino oldida namoyishchilar sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘planishdi. 

Tachi maxsus tribunal oldida javob berayotgan birinchi kosovolik yuqori martabali siyosatchidir. 

Hoshim Tachi 2020 yil noyabrida Haagadagi prokurorlar ayblovlar qo‘yganidan ko‘p o‘tmay, prezidentlik lavozimini tark etdi. Keyin u hibsga olinib, sudga tortildi. Kamida ikki yil davom etishi kutilayotgan sud jarayonida 300 dan ortiq kishi guvohlik berishi kutilmoqda. 

Kosovodagi urush natijasida 13 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, ko‘plari hali ham bedarak yo‘qolgan sifatida ro‘yxatda turibdi. Qurolli mojaro NATOning Serbiyaga havo zarbalari berilganidan keyin tugadi. Keyinchalik Kosovo Serbiyadan ajralib chiqdi va bir tomonlama ravishda Belgraddan mustaqilligini e’lon qildi. 

Kosovo bo‘yicha maxsus tribunal 2016 yilda xalqaro hamjamiyat bosimi ostida tuzilgan. Rasmiy ravishda u Kosovo adliya organlarining bir qismidir, ammo undagi barcha lavozimlarni faqat chet el sudyalari va prokurorlari egallaydi - jinoiy ta’qib qilishda ko‘proq mustaqillikni ta’minlash uchun. Tribunal 1998 yil boshidan 2000 yil oxirigacha Kosovoda sodir etilgan urush jinoyatlari, insoniyatga qarshi jinoyatlar, qiynoqlar va majburiy ko‘chirish holatlarini tekshirishi kerak. 

Shveytsariyalik prokuror Dik Martining 2011 yildagi hisoboti Kosovo bo‘yicha maxsus tribunalni yaratish uchun muhim turtki bo‘ldi, unda Tachi va Veseli serblar, lo‘lilar va albanlarga qarshi urush jinoyatlarini sodir etganlikda gumon qilinganlar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Hoshim Tachi KOAning siyosiy rahbari bo‘lgan. Urushdan keyin u Kosovodagi eng yirik siyosatchilardan biriga aylandi. Tachi tashqi ishlar vaziri, bosh vazir va nihoyat, eng yosh Yevropa davlatining prezidenti lavozimida ishlagan. U Kosovo va Serbiya o‘rtasida 2005 yilda boshlangan muloqotda hal qiluvchi rol o‘ynadi. 2013 yilda Tachi Serbiya bosh vaziri Ivitsa Dachich bilan birgalikda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha Bryussel kelishuvini imzolagan. Mutaxassislarning fikricha, uning bir qator muhim bandlari haligacha bajarilmagan. Kosovoda hozir Vosa Usmoniy prezident hisoblanadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid