Jahon | 09:43 / 03.04.2023
4398
3 daqiqa o‘qiladi

OPEK+ davlatlari may oyidan neft qazib olishni ixtiyoriy ravishda kamaytiradi

Neft eksport qiluvchilarning ishlab chiqarishni qisqartirish haqidagi kutilmagan qarori muqarrar ravishda narxlarning oshishiga olib keladi va Rossiya foydasiga ishlaydi, deydi tahlilchilar.

Foto: Bloomberg

Saudiya Arabistoni, Rossiya va boshqa OPEK+ neft eksport qiluvchi davlatlari 2 aprel, yakshanba kuni neft qazib olish hajmini kuniga taxminan 1,15 million barrelga qisqartirishlarini e’lon qildi.

Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi Ar-Riyod qazib olishni kuniga 500 ming barrelga, BAA neft qazib olishni 144 ming barrelga, Iroq – 211 ming barrelga, Kuvayt – 128 ming barrelga, Qozog‘iston – 78 ming barrelga, Ummon - 40 ming barrelga va Jazoir - 48 ming barrelga qisqartiradi, deb yozadi Reuters. Ishlab chiqarishni qisqartirish may oyida boshlanadi va yil oxirigacha davom etadi

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak, shuningdek, Rossiya qazib olishni ixtiyoriy ravishda mart oyidan 2023 yil oxirigacha kuniga 500 ming barrelga qisqartirish qarorini uzaytirishini ma’lum qildi, deb yozadi TASS.

Qo‘shimcha ixtiyoriy ravishda ishlab chiqarishni qisqartirish kutilmagan harakat bo‘ldi va Reuters tomonidan so‘ralgan tahlilchilarga ko‘ra, neft narxining darhol oshishiga olib keladi. Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi «neft bozorini barqaror ushlab turish» uchun ishlab chiqarishni qisqartirayotganini aytdi. Reuters ta’kidlashicha, global bank inqirozi talabga ta’sir qilishidan qo‘rqish tufayli neft narxi o‘tgan oyda bir barrel uchun 70 dollargacha tushib ketdi, bu 15 oy ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.

Joriy pasayish o‘tgan yilning oktyabr oyida e’lon qilingan sutkalik 2 million barrelga qo‘shimcha bo‘ladi. O‘shanda OPEK qarori AQSh ma’muriyatining noroziligiga sabab bo‘ldi. Oq uy neft narxini, shu jumladan, Rossiyaning Ukrainadagi urushni moliyalashtirish uchun ko‘proq daromad olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun pasaytirish tarafdori, deya eslatadi Reuters.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yangi qisqartirishlarni asossiz deb bilishini aytdi. «Biz bozordagi noaniqlikni hisobga olib, hozircha qisqartirishlar maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz va buni aniq aytdik», dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid