O‘zbekiston | 22:39 / 11.04.2023
52338
9 daqiqa o‘qiladi

Zo‘ravonlikka qarshi tarixiy qonun. Asosiy yangiliklar

Endilikda xotinini so‘kkan, tahqirlagan, qo‘rqitgan erkaklar buning uchun javobgarlikka tortiladi. O‘z turmush o‘rtog‘iga og‘ir jarohat yetkazish esa 12 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Birovga shilqimlik qilish, ortidan ergashib ta’qib qilish, tinmay telefon qilish va shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar uchun ham javobgarlik kiritildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunni imzoladi.

Qonun mualliflari Kun.uz'ga undagi asosiy yangiliklar va bu o‘zgarishlarning muhimligi haqidagi sharhni taqdim etdi.

Bolalarga qarshi jinsiy jinoyatlar

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda voyaga yetmaganlar hamda xotin-qizlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar soni ortib bormoqda.

Xususan, 16 yoshga to‘lmagan bola bilan jinsiy aloqa qilishda aybli deb topilganlar soni 2019 yilda 99 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda 153 nafar, 2021 yilda 216 nafar, 2022 yilda 238 nafarni tashkil etgan.

14 yoshga to‘lmagan bola bilan zo‘rlik ishlatib, jinsiy aloqaga kirishish jinoyatini sodir etganlar soni esa 2019 yilda 52 nafar, 2020 yilda 35 nafar, 2021 yilda 57 nafar, 2022 yilda esa 73 nafarni tashkil etgan.

Amaldagi qonunga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan uning roziligi asosida jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganini bahona qilib, yengilroq modda bilan javobgarlikka tortilishi mumkin edi.

Yangi qonunda bunday shaxslarning javobgarligining muqarrarligi ta’minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan-bilmaganidan qat’i nazar jinoiy jazoga tortiladi. Ya’ni 14, 16 yoki 18 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxsning qilmishi, u jabrlanuvchining yoshidan xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganidan qat’i nazar, jabrlanuvchining haqiqiy yoshidan kelib chiqib baholanishi va mutanosib og‘ir jazo belgilanishi nazarda tutilmoqda.

Yangi qonun bilan, jinsiy jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi bir pog‘onaga orttirilib, ilgari uncha og‘ir bo‘lmagan turdagi jinoyatlar, og‘ir jinoyatlar turkumiga, og‘ir jinoyatlar esa o‘ta og‘ir jinoyatlar turkumiga kiritildi.

Bolalarning jinsiy erkinliklariga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarga tenglashtirilib, ularni sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, bolalarning hayoti, sog‘lig‘i yoki axloqi uchun xavfli bo‘lgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning yagona reyestri tuzilib, ushbu reyestrga kirgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanmoqda.

Oiladagi jinsiy zo‘ravonlik

Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, o‘z yaqinlari, yoshi kichik yoki nogironlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning sodir etilishi, ularning tajovuzkordan himoyalanish imkoniyati cheklanganligi sababli alohida xavflilik darajasiga ega. Ammo, qonunchilik bunday qilmishlarini alohida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalash uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas edi.

Endilikda shaxs nafaqat amaldagi turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshiga, balki sobiq turmush o‘rtog‘iga, bir ro‘zg‘or asosida birga yashayotgan yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga, nogironga yoxud o‘ziga o‘qitish yoki tarbiyalash uchun topshirilgan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qiladigan bo‘lsa, unga og‘irroq jazo tayinlanishi belgilandi.

Oiladagi zo‘ravonlik. Kamsitish, tahqirlash, haqoratlash, qo‘rqitish va kaltaklash

O‘zbekistonda 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga oiladagi kamsitishlar bo‘yicha 72 mingta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 61 mingdan (85 foizdan) ortig‘i xotin-qizlarning kamsitilishiga taalluqli bo‘lgan.

Yangi qonun bilan, BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.

Endilikda er yoki xotin o‘z turmush o‘rtog‘ining o‘z huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa yoki tahqirlasa, qo‘rqitsa, yaqin qarindoshlardan ajratib qo‘ysa, qilmishning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Masalan, shaxs o‘z turmush o‘rtog‘ini haqoratlab, qadr-qimmatini tahqirlasa, 6 mln so‘m jarimaga tortiladi. G‘arazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazsa, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.

Ta’qib qilish

Shaxsning irodasiga qarshi unga tinmay qo‘ng‘iroq qilish, uni qidirish, ish, o‘qish va yashash joyiga borib, orqasidan yurishi jabrlanuvchi uchun o‘ta noqulaylik keltirib chiqaradi.

Chunki, beozor ko‘ringan bunday qilmishning zo‘ravonlikka aylanishi o‘rtasida bir baxya bo‘lib, u jabrlanuvchining o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun asosli xavfsirashiga sabab bo‘ladi.

Zero, Yevropa Ittifoqi hududida o‘tkazilgan so‘rovlarda ishtirok etgan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 18 foizi, ayblanuvchi ularni oldindan beozor ko‘rinishda ta’qib etib kelganini bildirgan.

Shilqimlik

Shuningdek, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish, shaxsni, uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so‘zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash yoxud unga nisbatan shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar uchun alohida ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Bu harakatlar uchun 1,5 mln so‘mgacha jarima yoki 5 sutkagacha qamoq jazosi nazarda tutilmoqda.

Shaxsning yalang‘och suratini tarqatib yuborish yoki shunday qilish bilan qo‘rqitish

Shaxs tanasining yoki jinsiy a’zolarining yalang‘och holdagi foto yoki videotasvirini o‘z ichiga olgan axborotni uning roziligisiz tarqatish, yoki tarqatish bilan qo‘rqitish qilmishlari uchun jinoiy javobgarlik belgilanib, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Bunday qilmish Kanada, Germaniya, Angliya, Shotlandiya, Yaponiya, Avstraliya, AQSh kabi mamlakatlarda ham jinoyat toifasiga kiritilgan.

Aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash

O‘zbekistonda 2021 yilda voyaga yetmagan farzandiga aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan 5,3 mingdan ortiq fuqaro ma’muriy qamoq jazosiga tortilgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 8,7 mingdan ortgan.

Yangi qonun mualliflariga ko‘ra, amaldagi qonunchilikda aliment to‘lamaganlik uchun belgilangan jarima yoki qamoq jazosi aliment oluvchi bolaga hech qanday naf keltirmaydi. Aksincha, shaxsning mablag‘i jarima uchun undirilishiga yoki u qamoqqa olinib, 15 sutka mobaynida daromad topish va aliment to‘lash imkoniyatidan mahrum bo‘lishiga olib keladi.

Buning oldini olish uchun yangi ma’muriy jazo turi – haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish jazosi kiritilmoqda. Bunda aliment to‘lamagan shaxsning jamoat ishlarini bajarish orqali ishlab topgan haqining teng yarmi aliment oluvchiga beriladi.

Himoya orderi

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilda ilgari himoya orderi berilgan xotin-qizlarning 12 nafari takroran zo‘ravonlikka uchragan.

Amalda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxsga himoya orderi ichki ishlar idoralari tomonidan 30 kunga beriladi Yangi qonun bilan esa bunday orderning muddati sud tomonidan 1 yil muddatgacha uzaytirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, himoya orderi bilan zo‘ravonga nisbatan jabrlanuvchi yashaydigan turar-joy maydoni yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining ish joyi yoki boshqa joylarga yaqinlashishini muayyan vaqtga cheklash, muayyan joylarda bo‘lmaslik, narkologik kasallikdan davolanish kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilish mumkinligi belgilanmoqda.

Sudga arz qilishdagi davlat boji

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan sudlarga kiritiladigan da’volar bo‘yicha davlat bojini

to‘lash majburiyatining mavjudligi xotin-qizlarning huquqlari

va qonuniy manfaatlarini ta’minlash faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda

Shu sababli, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy sudlarga bergan da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod qilinmoqda.

Mavzuga oid