O‘zbekiston | 15:59 / 25.04.2023
43117
14 daqiqa o‘qiladi

“Eng yomoni – naqd pulga qaytish” - P2P nazorati haqida iqtisodchilar bilan suhbat

1 maydan kartadan kartaga pul o‘tkazmalari soliq organlari nazoratida bo‘ladi. Bu – qonunlarga zid. Potensial oqibatlar esa xavotirli. Kun.uz suhbatlashgan iqtisodchilar bundan maqsad yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish emasligini aytyapti. Maqsad nimaligini tashabbuskorlarning o‘zlari aytmayapti, ular intervyuda qatnashish bo‘yicha Kun.uz taklifini rad etdi. Boshqa idoralar esa negadir sukutda.

O‘zbekistonda 1 maydan boshlab pul o‘tkazmalarini (P2P) amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olish-olmasligidan qat’i nazar, o‘tkazmalar uchun elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirib, soliq organlariga taqdim etishi kerak.

Bu bilan, barcha kartadan kartaga o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlar soliq organlarining ixtiyorida jamlanadi. Bu bank sirlari va to‘lov tashkilotlariga doir qonunlarga zidligi haqidagi tanqidlarga qaramay, mas’ul organlar shu vaqtgacha nega bunga yo‘lga qo‘yilayotganiga biror izoh bermadi. Qonun chiqaruvchi organlar va Markaziy bank ham sukut saqlayapti.

Kun.uz shu mavzuda iqtisodchilar Shuhrat Qurbonov va Otabek Bakirov bilan suhbatlashdi. Intervyuga ular bilan birga, Soliq qo‘mitasi vakillarini ham taklif qilgan edik, lekin ular kelmasligini aytishdi.

— P2P o‘tkazmalarga hisob-faktura rasmiylashtirish o‘zi nima, oddiy tilda tushuntirilsa?

Shuhrat Qurbonov: — P2P bir jismoniy shaxs ikkinchi jismoniy shaxsning kartasiga pul o‘tkazma amalga oshirishidir. Kundalik hayotdagi oddiy o‘tkazmalar. O‘tgan yildan boshlab to‘lov ilovalari P2P uchun fiskal chek ham chiqara boshladi. Endi 1 maydan hisob-faktura rasmiylashtirish boshlanadi.

Odatda, hisob-faktura ikki yuridik shaxs o‘rtasida rasmiylashtiriladi, ya’ni jismoniy shaxslarga aloqasi yo‘q. Shu vaqtgacha jismoniy shaxs nimadir sotib olsa, unga hisob-faktura rasmiylashtirilishini ko‘rmaganman. Odatda fiskal chek beriladi. Hisob-fakturaning farqi shuki, unda tomonlarning to‘liq ma’lumoti ko‘rsatiladi. Hozircha bu narsa nima uchun va kimga kerakligi haqida hech kim aytmadi.

P2P o‘tkazmalarda hisob-faktura qanday rasmiylashtirilishi, [unda] qaysi ma’lumotlar bo‘lishi haqida nizomni ko‘rganimiz yo‘q. Bu borada ochiq savollar ko‘p. Bizning ixtiyorimizda faqat yuridik shaxslar o‘rtasida hisob-faktura to‘ldirish nizomi bor.

Otabek Bakirov: — Hozirgi suhbatimizda soliq organidan xodim bo‘lganida, yaxshi bo‘lar edi. Umuman, soliq organi tomonidan oxirgi paytlar tushuntirish yoki munosabatlarni ham ko‘rmayapmiz.

To‘liq nizomni ko‘rmadik. Lekin 13 apreldagi yig‘ilishda qatnashgan bank xodimlarining aytishicha, endi har kunlik o‘tkazmalarning umumiy hisoboti qo‘lda tayyorlanib, Soliq qo‘mitasiga yetkazib beriladi. Hali bu avtomatik tizimga o‘tsa kerak. Lekin biz uchun texnik tarafi emas, huquqiy va iqtisodiy taraflari muhim. Bu haqda Kun.uz'da batafsil maqola ham e’lon qilingandi.

Bu masala birinchi marta 2020 yilning mart-aprel oylarida ko‘tarilgandi. O‘sha paytda Soliq qo‘mitasi oyiga 30 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan o‘tkazmalar va tranzaksiyalar soni 10 tadan oshganda buni nazoratga olishni istagan, lekin bu e’tirozlar sabab to‘xtatilgan edi. Lekin hozir, mana ikki oy bo‘ldiki, bu narsaga na Markaziy bank, na Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, na Senat o‘z munosabatini bildirdi. Vaholanki, bu holatda ikkita: “Bank siri to‘g‘risida”gi va “To‘lov tizimi to‘g‘risida”gi qonun me’yorlari to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilyapti.

O‘zicha tadbirkorlar huquqini himoya qiluvchi O‘zLiDeP har doimgiday soqov. Savdo-sanoat palatasi ham bunday vaziyatlarda o‘z fikrini bildirmaydi, topshiriqlarni bajaradi xolos. Lekin hayron qoldirayotgani shuki, qonunchilik va bank tizimi bo‘yicha o‘zini har doim javobgar deb bilib, masalalarni o‘zidan soqit qilmaydigan instansiyalar ham jim turibdi.

Hozir endi bu qadamdan o‘tsak, keyingisi nima bo‘lishini bilmaymiz. Biz yomon deyotgan davrda ham bank siriga oid me’yorlarga daxl qilinmagan.

— Banki siriga oid me’yorlar buzilishi haqida batafsil gaplashsak.

Shuhrat Qurbonov: — Barcha mijozlarning amaliyoti bank siri hisoblanadi. Lekin soliqqa oid qonunbuzarlik bo‘lgan holatda, ma’lumot olish haqida band bor. Ya’ni Soliq qo‘mitasi belgilangan tartibda va holatda ma’lumot olishi mumkin. Jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni legallashtirish bo‘yicha qonun bor, shu qonun doirasida ham soliq qo‘mitasi ma’lumotlarni olishi mumkin. Aniq tartibi belgilab berilgan.

Hozirgi holatda esa hech qanday qonuniy asossiz barchaning o‘tkazmalari haqida ma’lumot olish ko‘zda tutilyapti. P2P o‘tkazmalarda hammasi qonuniy bo‘ladi, jinoyat emas bu. Soliq qo‘mitasi banklar uchun uchinchi tashkilot hisoblanadi. Qonunchilik bo‘yicha esa uchinchi tarafga ma’lumot berilmasligi kerak.

— 13 apreldagi uchrashuvdan so‘ng jamoatchilik tanqid qilgach, Soliq qo‘mitasi P2P o‘tkazmalar soliqqa tortilmaydi degan bayonot berdi. Lekin maqsad ochiq aytilgani yo‘q. Taxminiy maqsadlar nima bo‘lishi mumkin?

Shuhrat Qurbonov: — Huquqiy tomondan P2P o‘tkazmalar uchun soliq yo‘q. Lekin Soliq qo‘mitasi tomonidan banklarga yuborilgan xatda “kartadan kartaga o‘tkazma va ularni soliqqa tortish” jumlasi ishlatilgan.

Otabek Bakirov: — Bu narsa 36 mln aholini chalg‘itish uchun qilingan deb o‘ylayman. Chunki hali birorta davlat nomidan gapiruvchi odam P2P o‘tkazmalarni soliqqa tortish bo‘yicha gapirgani yo‘q, kun tartibida mavjud emas. Ya’ni asosiy masala bo‘lgan bank siri to‘g‘risida fikrlar, e’tirozlar bo‘lmasligi uchun soliqqa tortish degan band qo‘shib qo‘yilgan ongli ravishda. O‘tkazmalar soliqqa tortilmaydi, degan bayonot bilan qutulib ketishmoqchi.

Vaholanki, iqtisodchilarning, bank sohasi vakillarining asosiy savoli – bank siri to‘g‘risida. Soliqqa tortish haqida emas. Aholining juda katta qismi soliqqa tortilmas ekan, deb mavzuni yopdi. Aslida mavzuga tinimsiz va har kuni qaytish kerak.

Shuhrat Qurbonov: — Aytadigan fikrlarimiz “fitna nazariyasi” bo‘lib qolishi mumkin. Hali ma’lumotlar ochiqlangani yo‘q. Kartadan kartaga o‘tkazma orqali savdo qiluvchilar ko‘p, shularni qamrab olish kabi fikr ham bildirilyapti. Lekin hisob-fakturada pul oluvchining emas, pul beruvchining ma’lumotlari ko‘rsatiladi. Ya’ni karta orqali savdo qilayotgan bo‘lsa, hisob-fakturaga qarab sotuvchini aniqlay olmaydi. Hisob-faktura faqat jo‘natuvchining ma’lumotlarini beradi.

Otabek Bakirov: — So‘nggi vaqtlarda soliq tushumlari o‘smayotganini yashirin iqtisodiyot orqali izohlash mumkin. Soliq tushumlari YaIM bilan mutanosib tarzda o‘sib borishi kerak. To‘g‘ri, yashirin iqtisodiyotning ulushi ortib boryapti, hech kimga sir emas bu. Biz oqibatlarni emas, sabablarni o‘rganishimiz kerak bu borada. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi oqibatlarga qarshi kurash rejasini tuzgan shekilli, sabablarga qarshi kurashishni emas.

Deylik, “Malika” bozoriga borsangiz va naqd pulingiz bo‘lmasa, sotuvchi kartaga o‘tkazishni taklif etadi. Maishiy texnikalar markirovkalangan, lekin baribir yashirin iqtisodiyot bo‘lyapti. O‘sha maishiy texnika qanday kirib keldi, degan savol bor. Balki Iqtisodiyot va moliya vazirligi bojxona kanallarini o‘rganishi kerakdir.

Keyin o‘sha ijtimoiy tarmoqlar orqali bo‘layotgan savdo-sotiqlarda sotuvchi aniq qilib karta raqamlarini berib qo‘yadi o‘zi, ya’ni manzil ma’lum. Nega endi manzili aniq bo‘lgan qonunbuzarlarni nazorat qilish o‘rniga, 25 mln karta egasini nazorat qilish kerak?

Ya’ni asosiy maqsad – yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash emas, balki ma’lumotlar to‘plash va o‘zlariga manfaatli usulda xatti-harakatlarni amalga oshirish.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni men qo‘llab-quvvatlayman, lekin buni manzilli ravishda qilish kerak. Deylik, P2P orqali savdo qilayotgan 10 mingta odam bo‘lsa, ularga qarshi kurashish uchun 25 mln kartani nazorat qilish zarurati yo‘q.

— Haqiqatan ham, P2Pdan savdo maqsadida foydalanayotganlarga qarshi kurashmoqchi bo‘lsa, bunga shundog‘am qo‘mita imkoniyatlari va resurslari yetarli, shunday emasmi?

Otabek Bakirov: — Resurslar yetarli va qonunchilik ham ruxsat beradi bunga. Deylik, birorta ijtimoiy tarmoq orqali savdo qilayotgan odamning karta raqamini olib, sud orqali o‘sha kartaga oid barcha ma’lumotlarni qo‘lga kiritsa bo‘ladi. Bozordagi maishiy texnika savdo do‘konidan sinov tariqasida kartaga o‘tkazma amalga oshirib, keyin ish ochishi mumkin. Qonunan ruxsat bor bunga. Maqsadi nazoratga olish bo‘lsa, bemalol shu narsani yo‘lga qo‘ysa bo‘ladi.

— Deylik, bu tartib 1 maydan kuchga kirdi va Soliq qo‘mitasi P2P orqali savdo qilayotgan tadbirkorlarni aniqladi, keyin nima bo‘ladi?

Shuhrat Qurbonov: — Takror aytamanki, bu holatda faqat pul o‘tkazuvchi haqida ma’lumot olish mumkin. Huquqiy tomondan faqatgina o‘tkazuvchiga hisob-faktura beriladi, chunki xizmat unga ko‘rsatilyapti. Ayni vaziyatda faqatgina kartadan kartaga ko‘p pul o‘tkazayotgan odamlar haqida ma’lumot olish mumkin.

Otabek Bakirov: — Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda bu amaliyot umuman yordam bermaydi. Axborot jamlashga imkoniyat bo‘lyapti. Biz eng yaxshi gumonda bo‘lsak ham, bu xatti-harakatlar absurd. Hozirgi zamonda bunday yig‘ilgan axborotlar biznesni, raqobatni manipulyatsiya qilishda ishlatilishi mumkin. Shaxsan men shaxsiy ma’lumotlarini to‘plashga doir qarorlar orqali manfaat ko‘rganim yo‘q, zarar ko‘rgan bo‘lishim mumkin. Masalan, IMEI tizimi.

— Agar shunday bo‘lsa, qanday iqtisodiy oqibatlarni kutishimiz mumkin?

Shuhrat Qurbonov: — 2019 yilda Qozog‘istonda ham fiskalizatsiya qilish, P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish masalasi ko‘tarildi. Qozog‘ictonda bu juda katta negativ olib keldi. Savdogarlarning o‘zi kartadan to‘lov qilsa ham, chek berayotganini aytib chiqdi. Katta shovqin kelib chiqqanidan keyin, yil oxirigacha Moliya vazirligi bu fikridan qaytdi va bekor qilindi. Moliya vaziri o‘rinbosari hisob-kitob natijalariga tayanib, naqdsiz to‘lovlarning 10 foizga oshishi real YaIMning 1 foizga oshishiga olib kelishini aytdi. Naqdsiz to‘lov bo‘lsin, P2P o‘tkazma bo‘lsin, naqdsiz to‘lovlar raqamli izini qoldirib ketadi va YaIM o‘sishiga hissa qo‘shadi.

Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qilishi aslida qimmatga tushadi. Ya’ni tushumdan ko‘proq chiqim bo‘lishi mumkin. Qozog‘istonda ham ayni shuning uchun bu yo‘ldan qaytildi. Lekin negadir biz ham shu xatoni takrorlayapmiz. Savdo uchun bo‘lgan P2P o‘tkazmalarini zarur paytda aniqlash va chora ko‘rish mumkin, lekin naqd pulda izi qolmaydi, imkonsiz bo‘lib qoladi. Ya’ni yashirin iqtisodiyotning aylanmasini aniqlash mumkin P2P o‘tkazmalarida.

Hozirda kutilishi mumkin bo‘lgan eng yomon narsa — naqd pulga qaytish. Aholi nazorat qo‘rquvi bilan naqdga o‘tib ketish ehtimoli katta.

Otabek Bakirov: — Aholida banklar bilan ishlash ko‘nikmalari endi shakllanyapti. Bank omonatlari ichida eng katta o‘sishga kartalardagi qoldiqlar turtki bo‘lyapti. Agar hozirgi jarayon qonuniy tus olsa, bank sistemasidan birinchi o‘rinda qochadigan mablag‘lar kartalardagi qoldiqlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bank tizimining likvidligi haddan tashqari yutqazadi. Bank tizimining likvidligini ushlab turgan eng katta narsa bu – plastik kartalardagi qoldiqlar.

— Xalqaro amaliyotda ham bormi bunday holat?

Shuhrat Qurbonov: — Xalqaro amaliyotda jinoiy yo‘l orqali topilgan daromadlarni legallashtirish ustidan nazoratni banklarning o‘zi amalga oshiradi. Bu borada banklarning ichki siyosati bor. AQShda ham soliqdan qochuvchilar manzilli ravishda tartibga olinadi.

Otabek Bakirov: — Aybsizlik prezumpsiyasi birinchi o‘rinda turadi. Har bir bank o‘zining obro‘si uchun mijozlar va ularning operatsiyalari tozaligini o‘zi nazorat qiladi. Agar bankda jinoiylikka aloqador mablag‘lar ko‘p bo‘lsa, uning obro‘si tushib ketadi. O‘zbekistondagi har bir bank chet el banklari bilan aloqador. Lozim darajada legalizatsiyani yo‘lga qo‘ymagan bo‘lsa, u bank qoidadan chetga chiqib qoladi. Demoqchimanki, noqonuniy mablag‘larni nazorat qilish – bankning vazifasi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Operator va montajchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid