Xitoy tahdidiga ishora, shubhali tenderlar va yana semirayotgan hukumat - hafta dayjesti
Chin elchisining so‘zlariga Markaziy Osiyo javob qaytarmadi: sukut bilan bo‘lsa-da tegishli xulosalar qilinadimi? Maktab ta’limining mazmunini maktab vazirligi emas, yangi ochilgan markaz belgilaydigan bo‘ldi: ma’muriy islohot unutildimi? Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Xitoy elchisi – possovet davlatlarining suverenitetidan shubhada
O‘zbekistonga potensial tashqi tahdidlar haqida gap ketganda ko‘pincha shimoldagi sobiq metropoliya va janubdagi ekstremizm haqida gapiriladi. Lekin ayrim holatlar borki, sharqiy yo‘nalishni ham ko‘zdan qochirmaslik kerakligini ko‘rsatib turibdi. Misli ko‘rilmagan iqtisodiy taraqqiyotga erishayotgan, shu bilan birga ochiqlik va erkinlik yo‘lini emas, fuqarolar ustidan kuchli nazorat, xususan uyg‘urlarga qarshi repressiv siyosatni tanlagan Xitoyning geosiyosiy qarashlari, siyosatshunoslar nazarida, Markaziy Osiyo manfaatlari uchun xizmat qilmasligi mumkin.
Shu ma’noda, Xitoyning Fransiyadagi elchisi Lu Shay aytgan so‘zlar Sharqiy Yevropadan ko‘ra ko‘proq Markaziy Osiyoda diplomatik mojaroga sabab bo‘lishi mantiqiy bo‘lardi. Amalda esa buning aksi kuzatildi.
Elchining fikriga ko‘ra, sobiq SSSR davlatlari “xalqaro huquq borasida samarali statusga ega emas, chunki ularning statusiga suveren davlatlar kuchini taqdim etuvchi xalqaro kelishuv yo‘q”. Bundan tashqari, Lu Shay Qrim avvalboshdan Rossiyaniki bo‘lganini ham aytgan. Albatta, bu o‘rinda sobiq SSSR davlatlari BMTning teng huquqli a’zolari ekani, Qrim esa 1954 yilda qonunan Ukrainaning bir qismiga aylangani, SSSR parchalanganidan keyin Rossiya va Ukraina bir nechta kelishuvlar imzolab, ularda 1991 yilgi chegaralar tan olinganini eslatib o‘tish foydadan xoli emas.
Xitoyning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi degan lavozim egasining xalqaro huquqda mutlaq konsensusga kelingan masalalarni tushunmasligi mumkin emas. Uning bu masalalarga shubha bildirishi, tahlilchilar nazarida, Pekinning zimdan yuritayotgan geosiyosiy o‘yinidan darak beradi. Bu – Rossiya va Xitoyning yaqinlashuvi, Pekin Ukrainaga bosqinni qoralashdan tiyilgani fonida yuz berayotgani ham ana shunday xulosalarga olib kelyapti.
Elchining so‘zlarini Yevropa Ittifoqining bosh diplomati, Fransiya, Latviya, Litva, Estoniya, Ukraina kabi davlatlar tashqi ishlar vazirlari keskin qoraladi. Rasmiy Pekin esa o‘z elchisi quyushqondan chiqqanini tan olish o‘rniga, Xitoyning pozitsiyasini go‘yoki buzib ko‘rsatgan ommaviy axborot vositalarini aybdor qildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining aytishicha, Lu Shayning so‘zlari shunchaki uning “shaxsiy fikri” bo‘lgan. Vazirlik rasmiysi Pekin possovet davlatlarini birinchilardan bo‘lib tan olgani va ularning suverenitetini qo‘llab-quvvatlashini ham aytdi.
Markaziy Osiyo davlatlari holatga munosabat bildirmadi. Bu o‘rinda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov to‘rt yildan ortiqroq vaqt davomida O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi bo‘lib ishlaganini eslatib o‘tish kerak. Yil boshidan buyon tashqi ishlar vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Saidov seshanba kuni “vazifasini bajaruvchi” qo‘shimchasidan xalos qilinib, vazir lavozimiga tasdiqlandi.
27 aprel kuni Xitoyning Sian shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Xitoy tashqi ishlar vaziri Tsin Gan hamkasblarini Pekin ularning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan. Bu uchrashuvdan keyin e’lon qilingan press-relizga ko‘ra, may oyida Sian shahrida davlat rahbarlarining Markaziy Osiyo – Xitoy formatidagi sammiti bo‘lib o‘tadi.
YeI elchisi: Sanksion ro‘yxatdagi mahsulotlarni O‘zbekiston orqali Rossiyaga yetkazish 126 foizga oshgan
Tashqi siyosatda ikkilamchi sanksiyalar xavfi doimiy kun tartibida bo‘lib turibdi. Bir necha oylardan beri g‘arb nashrlari Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasini shubhali ravishda oshirgani haqida yozyapti. Ularga ko‘ra, Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi taqiqlangan tovarlar avvaliga Markaziy Osiyoga import qilinib, keyin Rossiya hududiga reeksport qilinyapti.
O‘tgan hafta AQSh Moliya vazirligi Qozog‘istonni Rossiyaga yordami tufayli sanksiyalar xavfi haqida rasman ogohlantirgan edi. O‘zbekistonga nisbatan rasmiy ogohlantirish bo‘lmagan bo‘lsa-da, ayrim tovarlar guruhlarida Rossiyaga eksport noodatiy ravishda sezilarli ko‘payganini rasmiy statistika ham ko‘rsatib turibdi.
Shu hafta Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan ikki kunlik tashrif bilan Toshkentga keldi. U prezident Shavkat Mirziyoyevning qabulida bo‘lgach, matbuot anjumanida ishtirok etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrifi vaqtida O‘zbekiston o‘z hududidan sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun foydalanilishiga qarshi ekaniga ishonch hosil qilgan. Yevropalik diplomat buning uchun O‘zbekiston rasmiylariga minnatdorchilik bildirdi.
Shu bilan birga, Devid O’Sallivanning aytishicha, O‘zbekiston tomoniga Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan va Rossiyaga yetkazilishi taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxati topshirilgan. Bu mahsulotlar ikki xil maqsadda foydalanishga yoki harbiy maqsadlarga mo‘ljallangan bo‘lib, sanksiyalar joriy qilingan bo‘lsa ham, baribir Rossiyaga yetib boryapti.
“Biz o‘zbekistonlik hamkasblarimizdan ro‘yxatdagi mahsulotlarni O‘zbekiston orqali olib o‘tilishiga alohida e’tibor qaratishlarini so‘radik, chunki yaqinda bu ro‘yxatdagi tovarlarni O‘zbekiston hududi orqali eksport qilish hajmi sezilarli darajada katta – 126 foizga oshganiga guvoh bo‘ldik”, dedi O’Sallivan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining yangi 11-paketida sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berayotgan davlatlarni jazolash ham ko‘zda tutilayotgan bo‘lishi mumkin.
Maktab vazirligining shubhali tenderlari
Ochiq-oydin ko‘rinib turgan milliardlab so‘mlik qonunbuzilish holatlari haqida ommaviy axborot vositalarida yoziladigan, lekin huquq organlaridan hech qanaqa reaksiya bo‘lmaydigan kunlarga ham yetib keldik. 25 aprel kuni saytimizda e’lon qilingan, maktab o‘quvchilariga beriladigan prezident sovg‘asi bo‘yicha tender haqidagi surishtiruvdan keyin birorta rasmiy munosabat bo‘lmaganini boshqacha izohlash qiyin.
Gap shundaki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi” sifatida berish uchun o‘quv qurollari sotib olish bo‘yicha 12 ta tender o‘tkazgan. Ularning 4 tasini qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanadigan firma, yana bittasini avtomashinalarni yuvishga ixtisoslashgan firma yutib olgan. Ustiga ustak, g‘olib firmalar bilan kamida 13,5 mlrd so‘m qimmat narxlarda shartnoma tuzilgan. Ya’ni arzonroq narx taklif qilgan kompaniyalar bir chetda qolib, qimmatroq narx taklifini berganlar g‘olib deb topilgan.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu – vazirlikning ta’minot xizmati o‘tkazgan shubhali tenderlarning birinchi ham, oxirgisi ham emas. Ingliz tili fanidan mashq daftarlari, darsliklar sotib olish maqsadida 11 ta lotda o‘tkazilgan tenderlarda ham negadir qimmat narx taklif qilgan firma g‘olib deb topilgan. Undan naq 30 foiz arzon narx bergan korxona esa jarayondan chetlashtirilgan.
Xayriyatki, davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya bu tender natijasini bekor qilgan. Lekin shu bilan ish yopdi-yopdi bo‘lib ketgan ko‘rinadi. Ya’ni budjet pulidan olinadigan tovarlarni 30 foiz qimmatiga sotib olishga qaror qilgan mansabdor shaxslarga nisbatan biror javobgarlik qo‘llangani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’muriy islohotdan keyin hali yarim yil o‘tmay turib...
Ixcham va samarali hukumat tashkil qilish maqsadida ma’muriy islohot e’lon qilinib, vazirlik va idoralar soni qisqartirilganidan 4 oy o‘tib, hukumat yana semirishni boshladi. 20 aprel kuni hukumat tarkibida ikkita yangi tuzilma paydo bo‘ldi.
Ulardan biri – Vazirlar Mahkamasi tuzilmasidagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti. Bu departament ma’muriy o‘zgarishlardan oldin ham bor edi. Idora nega yopilgani haqida biror izoh berilmagandi, 4 oy o‘tib nega yana qayta ochilganini ham hech kim tushuntirgani yo‘q. Lekin departamentning avvalgi faoliyatiga nisbatan savollar yetarli edi. Davlat tili, alifbo va imlo bo‘yicha muammolar qalashib yotgan paytda bunaqa organning bor-yo‘qligi ham sezilmayotgandi. Bundan keyin ham sezilishiga ishonch katta emas.
Yangi ochilgan ikkinchi idora Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi deb nomlanadi. Markazga bog‘chalar va maktablardagi ta’lim jarayoni bo‘yicha katta vakolatlar berildi. Endi bog‘cha va maktablar bo‘yicha ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlarini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi emas, yangi markaz ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Bundan tashqari, darsliklar va o‘quv-metodik majmualar bo‘yicha vakolatlar ham to‘liq yangi markazga berildi.
Bu yangi Ta’lim markaziga xususiy sektorning ham ko‘p ishi tushadi. Endi vakolatli davlat organlari xususiy bog‘chalar, xususiy maktablar va xususiy o‘quv markazlariga litsenziya berishda, ularni attestatsiya va akkreditatsiyadan o‘tkazishda Ta’lim markazi bilan kelishishi kerak. Qolaversa, markaz o‘quv-metodik majmualarni nashr qilib, ularni xususiy o‘quv markazlariga sotadi. E’tiborlisi, markaz xodimlari xususiy kurslardagi ta’lim sifatini ham nazorat qiladi.
Ixcham va samarali hukumatni tashkil etishga qaratilgan ma’muriy islohotdan to‘rt oy o‘tar-o‘tmas yangidan yangi tashkilotlarni ochish boshlab yuborilgani, ulardan biri hatto xususiy sektordagi jarayonlarni ham nazorat qila boshlashi islohot mantig‘iga mos emasdek ko‘rinadi. Bu o‘rinda ayniqsa Ta’lim markazi bo‘yicha qator savollarga javob olish uchun batafsil matbuot anjumani tashkil etilishiga zarurat bor.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Toshkentda yerusti metrosining yana 5 ta bekati foydalanishga topshirildi. Bu orqali Qo‘yliqdan Quruvchilar massivigacha borish mumkin. Yaqin vaqt ichida yana ikkita bekat ham bitkazilib, Qo‘yliq yo‘nalishi Sergeli yo‘nalishi bilan ulanadi. Shu tariqa, Toshkent metropolitenining bekatlari soni jami 50 taga yetadi. Yil oxirigacha Rossiyadan yana 56 ta yangi vagon, jami 14 ta harakat tarkibi olib kelinishi kutilyapti.
Uzbekistan Airways samolyoti bortida chaqaloq dunyoga keldi. Toshkentdan Istanbulga uchgan reys manzilga yetishiga 50 daqiqa qolganida, 12 ming metr balandlikda Sitora ismli ayol o‘g‘illi bo‘ldi. Aviakompaniya vakillari ona va bolani shifoxonaga joylashtirib, keyinroq ularning holidan xabar olgan. Ma’lum qilinishicha, 28 haftalik tug‘ilgan chaqaloq va uning onasining ahvoli yaxshi. Bolaga Muhammad deb ism qo‘yilgan.
Silk Avia kompaniyasi muntazam reyslarini boshladi. Qisqa masofalarga uchish uchun ochilgan kompaniya hozircha uchta samolyoti bilan oltita yo‘nalishda parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. O‘zbekiston ichidagi chipta narxlari 188 ming so‘mdan boshlanadi. Aviakompaniya 3 yil ichida yana 9 ta samolyot olib, O‘zbekiston ichida va Markaziy Osiyo bo‘yicha 54 ta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirishi reja qilingan.
Andijon, Namangan, Buxoro va Urganch aeroportlari boshqaruvi bu yil xususiy sektorga topshiriladi. Bu haqda Toshkentda o‘tgan investitsiya forumida prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. Davlat rahbari temiryo‘l sohasida ham “katta o‘zgarishlar” bo‘lishini aytdi. U investorlarga murojaat qilarkan, prezident sifatida ularga kafolat berishini aytdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga tezroq a’zo bo‘lishdan manfaatdor ekanini aytib, mamlakatda xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi.
“Mening yo‘lim” loyihasida takliflarga ovoz berish boshlandi. “Tashabbusli budjet”ga o‘xshash bu loyiha doirasida tuman (shahar) budjetlaridan ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan pullarning kamida 50 foizini fuqarolar taqsimlaydi. 27 aprel kuni jami yig‘ilgan 10 317 ta tashabbus ovozga qo‘yildi. Ovoz berish jarayoni 7 maygacha davom etadi.
O‘zbekistonlik ayol Yaponiyada deputat etib saylandi. 37 yoshli Orzugul Boboxo‘jayeva Tokio shahrida, qariyb 1 million aholi yashaydigan Setagaya okrugi deputatligiga saylandi. U – hukmron Liberal-demokratik partiya a’zosi. 21 yoshidan beri Yaponiyada yashayotgan Boboxo‘jayeva 6771 ta ovoz bilan mahalliy deputatga aylandi.
O‘zbekistonda konstitutsiyani o‘zgartirish jarayoniga rasman yakun yasalyapti. Bugun o‘n mingdan ortiq referendum uchastkalarida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tyapti. Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, 600 mingdan ortiq fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024