Jamiyat | 16:07 / 06.05.2023
28145
4 daqiqa o‘qiladi

Mardikorlik – mardlar ishi. “40 hunarli” usta hikoyasi

Jo‘rabek aka G‘oziyev 3 farzandning otasi. U bir necha yil avval mardikor bozoriga ish qidirib chiqar edi. Halol mehnati bilan ko‘plab tanish-bilish orttirgan usta hozirda telefon orqali xonadonlarga chaqiriladi. Mardikor bozoriga chiqmay qo‘yganiga ancha bo‘ldi. Ta’lim dargohlaridan birida qorovullik qiladi.

U bilmagan hunarning o‘zi yo‘q. Ishdan bo‘sh paytlarida odamlarning og‘irini yengil qiladi. Soatsoz, payvandchi, elektrik, tandirchi, traktor haydovchisi, oshpazlik, ustachilik – bularning barchasi qo‘lidan keladi.

Jo‘rabek G‘oziyev

Ishlatib pul bermaydiganlar ham topiladi

Farg‘ona tumanining Avval qishlog‘ida yashayman. 51 yoshga kirdim. 3 o‘g‘lim bor. Rizqimizga yarasha tirikchilik qilib yuribmiz. Odamlarning uyiga borib yumushlarini bajarib beraman. Undan tashqari, ikki kunda bir Farg‘ona davlat universiteti binosida qorovullik qilaman.

O‘g‘illarim ingliz va koreys tilidan repetitorga borishadi. Oyligimning yarmini bolalar o‘qishiga sarflayman. Ularning o‘qimishli bo‘lishini xohlayman.

Avvallari bilagim kuchga to‘lgan vaqtda tom yopib, suvoq ishlarini ham bajarardim. Hozir esa asosan tandir, uylarga pechka, o‘choq yasayman. Qorovullikda navbatchilikdan chiqib dam olgan paytda mardikorlik qilaman.

Mardikorlikdan kuniga 150–200 ming so‘mgacha topaman. O‘zganing xonadoniga borganingizdan keyin kerakli asbob-uskuna bo‘lishi zarur. Shuning uchun ham har ehtimolga qarshi o‘zim bilan birga payvandlash uskunasidan tortib elektr arralargacha olib yo‘lga chiqaman. Belgilangan ishdan tashqari qo‘shimcha yumushlarni ham bajarib qaytaman.

Ba’zi odamlar ehson tariqasida va’da qilingan pulga qo‘shib beradi. Mardikorga past nazar bilan qaraydiganlar ham topiladi. Ba’zilar ishlatib bo‘lib, pul berishga kelganda har xil bahonalar qilish yo‘liga o‘tadi.

Ba’zi xonadonlar tushlikni atay ishni tugatib ketar paytingizda qilib beradi. Bunday holatda mardikor ham noqulay vaziyatga tushib qoladi.

“Mardikorning teri quriguncha pulini ber”

Mardikorchilikda eng yomoni uy egasi ishlatib bo‘lib, haqingizni bermagani. Peshona teri bilan azobda ishlab haqingizni ololmasangiz alam qiladi. Lekin men odatda bunday holatlarda puldan kechib uyga qaytaman. Qo‘limdan ko‘p hunar kelgani uchunmi, xonadon egasi bilan tortishib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmayman.

Ayrim kimsalar birovning haqidan qo‘rqmaydi. Boshiga tashvish tushsagina xato qilganini anglab yetishadi.

O‘tgan yili bir voqea bo‘ldi. Qorovullikda navbatda ekanimda kimdir izlab kelib pul tashlab ketibdi. Turmush o‘rtog‘imning telefonidan qo‘ng‘iroq qilib o‘zini tanishtirdi ham. Uning kim ekanini keyinroq esladim. Qo‘ng‘iroq qilgan kimsa xonadonida ishlatib, xizmat haqimizni bermagan edi. Uning uyida 4 kishi ishlagan edik. Pul beradigan paytga kelib xonadon sohibi atay ko‘chaga chiqib ketib qaytib kelmadi. Puldan umidimizni uzib noiloj uyga qaytdik. Qo‘li yupun, uyida hech vaqosi yo‘q mardikor sheriklarimizdan biri tonggacha uy egasi qaytib kelib pul berishini kuta-kuta uyiga pulsiz qaytgan.

Birovning haqidan qo‘rqmagan odamning bir yil ichida boshiga ko‘p tashvish tushdi. Xato qilganini tushunib yetib o‘sha pulni berib ketibdi. Eskilar bekorga aytmagan, mardikorning teri quriguncha pulini ber deb.

Farzandlarim mardikor bo‘lmaydi...

Farzandlarim qiyinchilik bilan pul topayotganimni tushunib yetishadi. Ular ancha ulg‘ayib qolishdi. O‘g‘il bola bo‘lsa ham ishdan kelgunimcha ovqatimgacha tayyorlab qo‘yishadi. Farzandlarim menga o‘xshab mardikor bo‘lishini xohlamayman. Ularga astoydil o‘qishlari uchun barcha sharoitlarni qilib beryapman. O‘qitib jamiyatimizga kerakli inson qilib tarbiyalamoqchiman.

Sarvar Ziyoyev,
Jahongir Aliboyev
Kun.uz

Mavzuga oid