Mast uchuvchi halokatga uchratgan Boeing: 88 kishi vafot etgan hodisa qanday sodir bo‘lgandi?
2008 yilda Moskvadagi Sheremetevo aeroportidan uchgan samolyot Perm shahri aeroporti yaqinida halokatga uchraydi. Hodisadan so‘ng o‘tkazilgan surishtiruvlarda o‘sha kuni ekipaj komandiri mast bo‘lgani va samolyotni boshqara olmagani aniqlanadi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar orasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bo‘lgan.
2008 yil 14 sentabr kuni tongda Perm shahri aholisi uzoqdan portlash ovozi va yorug‘ olovni ko‘rishadi. Ularning xayoliga dastlab Perm viloyatida joylashgan AES portladi degan o‘y keladi. Biroq unday emasdi.
Oradan bir necha soat o‘tib shahar chetiga Boeing 737-505 samolyoti qulab tushgani va unda bo‘lgan barcha vafot etgani haqida xabar tarqaladi.
Shundan so‘ng shahar aholisida samolyotni terroristlar egallab olgani va uning yordamida Permdagi yirik korxonalardan birini portlatib yubormoqchi bo‘lgani haqida mish-mishlar urchiydi.
Oradan biroz o‘tib hodisa haqida rasmiy ma’lumot beriladi va turli vahimali gap-so‘zlarga chek qo‘yiladi.
Fuqaro aviatsiyasi tarixida sodir bo‘lgan halokatlarga qaralsa, ular orasida uchuvchilarning mas’uliyatsizligi ortidan sodir bo‘lganlari ham yetarlicha.
2008 yilda Perm shahri yaqinida sodir bo‘lgan hodisa ana shunday halokatlar sirasiga kiradi. Ekipaj komandiri samolyot boshqaruviga mast qiluvchi ichimlik ta’siri ostida o‘tiradi va Boeing 737 samolyotini halokatga uchratadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan barcha halok bo‘ladi.
Boeing 737 haqida
Boeing 737 samolyotlari ilk marta 1967 yilda ishlab chiqarilgan. Mazkur samolyotlarda dastlab 100 nafar atrofida yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan. Keyinchalik Boeing 737 takomillashtirib borilgan va yo‘lovchilar o‘rni ham oshirilgan.
AQSh kompaniyasi o‘z tarixida o‘n mingtadan oshiq Boeing 737 ishlab chiqargan va ulardan hanuzgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yo‘lovchi tashishda foydalanishyapti. Bu ko‘rsatkich bilan kompaniya Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Perm yaqinida halokatga uchragan Boeing 737-505 modifikatsiyasi bo‘lib, u 1992 yilda ishlab chiqarilgan. Samolyotga Bermud orollarida ro‘yxatdan o‘tgan «ARN 737 Limited» kompaniyasi egalik qilgan.
Rossiyaga kelguncha samolyotni qisqa muddat Norvegiyaning Braathens, Xitoyning Xiamen Airlines, 1993 yildan 2003 yilgacha China Southwest Airlines va 2003 yildan 2008 yilgacha Air China aviakompaniyalari ijaraga olib ishlatgan.
2008 yilda Boeing 737’ni «Aeroflot-Nord» aviakompaniyasi Irlandiyaning «Pinewatch Limited» kompaniyasidan lizing shartnomasi bilan sotib oladi va ichki parvozlarda foydalana boshlaydi.
Parvoz va halokat
Samolyot Moskvadan mahalliy vaqt bilan soat 01:12 da parvoz qiladi. O‘sha kuni 145 yo‘lovchi o‘rniga ega samolyotda sakson ikki nafar yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bor edi.
Soat 04:49 da Boeing 737 Perm shahri yaqiniga yetib boradi va pastlay boshlaydi. Samolyot dengiz sathidan 2 700 metr balandlikkacha pastlagach dispetcherning ko‘rsatmasi bilan shahar tepasida aylanib turadi. Avval Perm-Frankfurt yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyot havoga ko‘tarilishi kerak edi.
Germaniyaga ketayotgan samolyot havoga ko‘tarilgach soat 04:51 da dispetcher va Boeing 737-505 ekipaji orasida tushunmovchilik yuzaga keladi. Ekipaj komandiri dispetcherning savollariga aniq javob bermaydi. Uchuvchilar o‘zlarini g‘ayritabiiy tutishadi. Bu paytda samolyot Perm ustida aylanib uchayotgandi.
Samolyot 2 100 metrgacha pastlab ucha boshlaydi va qo‘nish yo‘lakchasi ustini ikki marta aylanib o‘tadi. Dispetcherlar vaziyatga tushunmay samolyot ekipaji bilan aloqaga chiqadi. Biroq ekipaj komandirining so‘zlarini tushunib bo‘lmaydi, o‘z navbatida u ham dispetcherlarning ko‘rsatmasini tushunmaydi.
Dispetcherlar samolyot ekipaji nega bunday qilayotganini taxmin qilishga ham ulgurmasdan samolyot Perm aeroportidan 11 kilometr uzoqlikka qulab tushadi. Oqibatda undagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.
Samolyot qulab tushayotganida u dengiz sathidan 1 200 metr balandlikda uchayotgan bo‘lgan va soatiga 467 kilometr tezlikda yerga kelib urilgan.
Samolyot Perm-Baxarevka temiryo‘li ustiga qulaydi va 100 metr uzunlikda temiryo‘l izlarini, 500 metr uzunlikda uning yoqasida tortilgan elektr tarmoqlarini, 400 metr optik kabel tolasini shikastlaydi.
Halokatning ertasi kuni Permda uch kunlik motam marosimi e’lon qilinadi.
Halokat yuzasidan tekshiruvlar – ekipaj komandiri mast bo‘lganmi?
O‘sha kuni samolyotda 1994–1996 yillarda bo‘lib o‘tgan birinchi Chechen urushida Rossiya birlashgan qo‘shinlari bosh qo‘mondoni bo‘lgan general-polkovnik Gennadiy Troshev ham bo‘lgan.
Shu sababli Boeing 737 chechen jangarilari tomonidan egallab olingan va generaldan qasos olish maqsadida havoda portlatib yuborilgan yoki yerga olib borib urilgan degan taxminlar paydo bo‘ladi.
Halokatdan so‘ng maxsus komissiya hodisa joyiga kelib, uning sabablarini o‘rgana boshlaydi. Eng avval samolyot qo‘nishdan oldin havoda portlatib yuborilgani haqidagi taxmin tekshirib ko‘riladi. Biroq Boeing 737-505 qulagan joyda hech qanday portlovchi moddalar asorati topilmaydi.
Samolyot chechenlar tomonidan egallanib, qasos olish uchun yerga olib borib urilgani haqidagi taxmin ham asossiz bo‘lib chiqadi.
O‘sha paytlarda Rossiyalik uchuvchilar orasida mast qiluvchi ichimliklarni iste’mol qilib samolyot boshqarish oddiy holga aylangandi. Shu sababli uchinchi taxmin – uchuvchilar mast qiluvchi ichimlik ta’sirida bo‘lgani tekshirib ko‘riladi.
Ekipaj komandiri va yordamchisining tanasidan namuna olib tekshirib ko‘rilganda ularda mast qiluvchi ichimlik asoratlari topiladi.
Komissiya tomonidan samolyot qora qutisida bo‘lgan audioyozuv o‘rganib chiqilganda ekipaj komandiri dispetcherning ko‘rsatmalarini tushunmagani va bajarmagani oydinlashadi.
Shuningdek, u juda asabiylashib so‘kingani, dispetcherning savollariga aniq javob bermagani va bunga mast holatdaligi sabab bo‘lgani ochiqlanadi.
Audioyozuvlar eshitib ko‘rilganda Boeing 737 parvoz qilayotganida uning bortida portlash ovozi eshitilmagani yoki yong‘in kelib chiqmagani, barchasi samolyot yerga kelib urilganda sodir bo‘lgani ma’lum bo‘ladi.
Oxir-oqibat halokatga uchuvchining mast holda samolyot boshqargani sabab bo‘lgani uzil-kesil oydinlashadi va holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Biroq halokatda vafot etgan yo‘lovchilarning qarindoshlari barcha aybni halok bo‘lgan mast uchuvchining zimmasiga yuklayotgan aviakompaniyani ayblab chiqishadi.
Ularning da’vosiga ko‘ra, halokat uchun mast uchuvchining samolyot boshqarishiga e’tiborsizlik qilgan aviakompaniya rahbariyati javobgar bo‘lishi kerak.
Biroq «Aeroflot-Nord» aviakompaniyasi «Aeroflot» bilan hamkorlikda ishlagani uchun hodisa yuzasidan ochilgan jinoyat ishi imi-jimida yopib yuboriladi.
Halok bo‘lganlarning qarindoshlari tomonidan aviakompaniya rahbariyatiga jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi da’vo esa rad etiladi. Faqat ularga tovon puli to‘lash haqida qaror chiqariladi.
Qarorga ko‘ra, har bir yo‘lovchining yaqinlari 27 ming rubldan (O‘sha paytdagi kurs bo‘yicha bu summa 1200 dollar bo‘lgan) oladi.
Garchi «Aeroflot-Nord» sudda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da ichki xizmat tekshiruvlaridan keyin aviakompaniyaning parvozlar bo‘limi boshlig‘i Nikolay Xololov ishdan bo‘shatiladi.
Halokat sodir bo‘lgandan biroz o‘tib aviakompaniya uchuvchilar juda tajribali bo‘lganini, biroq parvoz tunda amalga oshirilgani muammo keltirib chiqarganini aytib chiqadi.
Biroq komissiya tomonidan o‘rganilganda uchuvchilarning ingliz tilini uncha yaxshi bilmagani va shu tufayli ular samolyotni boshqarishda muammolarga duch kelgani ma’lum qilinadi.
2009 yilda Rosaviatsiya rahbari maslahatchisi Vladimir Chertok uchuvchining qonidan mast qiluvchi ichimlik aniqlangani uning mast bo‘lishini anglatmasligini, bunday paytda yarim stakan sharbat ham oshqozonga tushib achishi mumkinligini aytib chiqadi.
Biroq halokat sabablarini o‘rgangan komissiya uning bu taxminini rad etadi va ekipaj komandiri mast bo‘lganini, buni qora qutidagi audioyozuvlar ham isbotlayotganini ma’lum qiladi.
Halok bo‘lganlar
Parmda halokatga uchragan samolyotda bo‘lganlarning jasadlari hodisa yuz berganda parchalanib ketgandi. O‘sha parvozda jami o‘nta davlat fuqarolari bo‘lgan.
Jumladan:
- Rossiyadan – 67 nafar (61 nafar yo‘lovchi, 6 nafar ekipaj a’zolari);
- Ozarboyjondan – 8 nafar;
- Ukrainadan – 5 nafar;
- Fransiyadan – 2 nafar;
- Belarus, Latviya, Germaniya, Italiya, Xitoy va O‘zbekistondan 1 nafardan yo‘lovchi bo‘lgan.
Yo‘lovchilar orasida Rossiya prezidenti maslahatchisi, general-polkovnik Gennadiy Troshev, Rossiya sambo federatsiyasi vitse-prezidenti Vladimir Pogodin, velosport bo‘yicha xalqaro sport ustasi Sergey Ijboldin, sambo bo‘yicha xalqaro sport ustasi Aleksandr Trofimovlar bo‘lgan.
Parvoz kuni besh nafar yo‘lovchi kechikib kelgani uchun samolyotga qo‘yilmagan va ular Permga poyezdda jo‘nashgan.
Halokatdan so‘ng «Aeroflot» aviakompaniyasi «Aeroflot-Nord»ga o‘z brendidan foydalanishni taqiqlab qo‘yadi. «Aeroflot-Nord» o‘rtadagi kelishuv tugamaganini aytib sudga murojaat qiladi. Biroq yutqazadi.
Shundan so‘ng «Aeroflot-Nord» o‘z nomini «Nordavia» deb o‘zgartirishga majbur bo‘ladi. Biroq yana bir necha yil davomida «Aeroflot»ga tegishli samolyotlardan foydalanishda davom etadi.
2014 yilda «Nordavia» aviakompaniyasini 207 million dollarga «Norilskiy nikel» kompaniyasi sotib oladi. 2019 yilda kompaniya rebrending o‘tkazadi va aviakompaniyaning nomi Smartavia deb o‘zgartiriladi. Aviakompaniya hozir ham shu nom ostida faoliyat ko‘rsatmoqda.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
14:01 / 15.11.2024
Lavrov samolyotiga xorijda yonilg‘i quyishdan bosh tortishayotganidan shikoyat qildi
21:10 / 10.11.2024
Toshkentdan Jiddaga uchgan samolyot ortga qaytishga majbur bo‘ldi
14:59 / 09.11.2024
Shaharchani butunlay vayron qilgan halokat: Kanadada Fransiya harbiy kemasi qanday portlagandi?
12:02 / 02.11.2024