Rektorlar sayloviga qarshilik, anomal yoz bashorati va yashirin tayinlov - hafta dayjesti
Vazirlik rektorlarni saylashga tayyor emas: tayyor bo‘lishi uchun yana 30 yil kerakmi? Olimlar 5 yillik anomal yozdan ogohlantirdi: energetika islohoti kechiktirilgani qimmatga tushmaydimi? Alisher Sultonovga lavozim berilgani sir saqlandi: bu uning salbiy imiji bilan bog‘liqmi? Yakunlanayotgan haftaning asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.
3 yillik tanaffusdan keyin: OTMga testlar yopiq pavilonlarga qaytadi
O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq cheklovlarning eng oxirgisi ham rasman bekor bo‘ldi. Bu yil oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari, koviddan avvalgi yillardagi kabi, yopiq pavilonlarda o‘tkaziladi. Oliy ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, testlarni o‘tkazish uchun respublika bo‘ylab 92 ta yopiq inshoot tanlab olingan. Eslatib o‘tamiz, oxirgi 3 yilda infeksiya xavfi sababli kirish imtihonlari ochiq osmon ostida, stadionlar va xiyobonlarda o‘tkazib kelinayotgandi.
O‘tgan yili imtihonlarda 1 mln 74 ming abituriyent qatnashib, ulardan bor-yo‘g‘i 176 ming nafari o‘qishga kira olgan. Talab yuqori, taklif esa juda cheklangan sharoit doimgidek korrupsiya va firibgarlik holatlariga olib kelyapti. Bu boradagi jinoyatlarning yangi mavsumi ham start oldi. Namanganda 4 ming dollar, Sirdaryoda 5100 dollar, Samarqandda esa 7200 dollar miqdoridagi oldi-berdilar vaqtida qator shaxslar qo‘lga olindi.
Lekin oliy ta’lim bo‘yicha haftaning eng ko‘p muhokama bo‘lgan mavzulari bular emas. Oliy ta’lim vazirligining departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov “rektorlarni saylashga tayyor emasmiz” deyishi ortidan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga qoldi.
“Endi mavjud holatdan kelib chiqib, buni ochiqchasiga aytish kerak. Mutaxassis sifatidagi shaxsiy fikrim – rektorlarni saylashga tayyormasmiz”, – dedi vazirlik rasmiysi.
Bu fikrlar prezident saylovi arafasida yangragani istehzolarga sabab bo‘ldi. Eng katta mansab egasi – davlat rahbarini saylay oladigan odamlar qanday qilib hokimlarni yoki rektorlarni saylay olmasligi mumkin? Shuning uchun, aniqroq aytganda, odamlar tayyor, tizimning o‘zi tayyor emas, deyish to‘g‘riroq bo‘lardi.
Samarqand 100 ta elektrobusli bo‘ladi
Haftaning asosiy xushxabarlari Samarqandda o‘tgan Yevropada tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilari konferensiyasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Bankning beg‘araz yordami asosida Namangan va Farg‘onada 15 ta maktab quriladigan bo‘ldi. Imzolangan shartnoma asosida, xalqaro tashkilot buning uchun 55-75 mln dollar atrofida grant ajratadi. Maktablar yetishmovchiligi borgan sari o‘tkirlashib borayotgan hozirgi vaziyat uchun bu juda yaxshi yangilik.
Bundan tashqari, YeTTB Samarqand uchun 100 ta elektrobus sotib olishga 49 mln dollar imtiyozli qarz beradi. Bu mablag‘ga 10,5 metr uzunlikdagi elektrobuslar xarid qilishdan tashqari, ular uchun kerakli infratuzilma ham barpo etiladi. Shu tariqa, Samarqand – YeTTBning “Yashil shaharlar” loyihasiga qo‘shilgan O‘zbekistondagi birinchi shahar bo‘ladi.
G‘arbda katta nufuzga ega bo‘lgan bu bankning O‘zbekistonga kiritgan jami investitsiyalari 4 mlrd dollardan oshadi. O‘z qadriyatlariga ega tashkilot bilan aloqalar birinchi prezident hokimiyatining oxirgi yillarida deyarli to‘xtab qolgan edi. 4 milliardlik investitsiyaning 80 foizi oxirgi to‘rt yilga to‘g‘ri keladi. Konferensiya ochilishida so‘zga chiqqan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni qo‘llayotgani uchun xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi. Prezident o‘z nutqida iqtisodiyotni erkinlashtirish haqida gapirib, yana bir bor Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasiga to‘xtaldi. “Ushbu yo‘nalishda bu yil salmoqli natijalarga erishishimizga ishonaman”, – dedi prezident.
JSTga a’zolik haqida, konferensiya doirasidagi sessiyalarda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham gapirib o‘tdi. “JSTga a’zo bo‘lishimiz mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Bozorga kirish – raqobat degani, bu chaqiriqni qabul qilishga tayyormiz”, dedi hukumat vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, davlat subsidiyasi asosida ishlayotgan kompaniyalar erkin bozor sharoitida ishlay olishi uchun hozirgi strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak.
Energetika: Anomal yoz bashorati va Sultonovning qaytishi
Samarqanddagi konferensiya doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar va TAQA kompaniyalari bilan 3,8 mlrd dollarlik energetika loyihalari bo‘yicha bitimlar imzolandi. Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi doirasida esa, aynan energetika bo‘yicha 5-6 mlrd dollarlik kelishuvlarga erishilgani aytildi. Bular, asosan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish, elektr uzatish tarmoqlarini yangilashga qaratilgan.
Agar gap rostdan ham milliardlab dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar haqida ketayotgan bo‘lsa va bu loyihalar qog‘ozda qolib ketmay, haqiqatan ham amalga oshsa, bu – juda yaxshi yangilik. Chunki to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya bu kredit emas, bunda moliyalashtiruvchi tomon mablag‘ining qaytmasligi riskini ham o‘z zimmasiga olgan bo‘ladi.
Umuman, energetika – eng ko‘p sarmoyaga muhtoj sohalardan. Sohadagi inqirozli vaziyatni qish va yoz oylarida millionlab o‘zbekistonlik o‘z tanasida his qiladi. Afsuski, tabiat biz tizimni o‘nglab olishimizni kutib o‘tirmoqchi emas. Shu hafta Jahon meteorologiya tashkiloti e’lon qilgan prognozga ko‘ra, oldinda bizni kutayotgan 5 ta yoz dunyo tarixidagi eng issiq yoz fasllari bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, 2023-2027 yillardagi yoz fasllarida sayyorada rekord darajada issiq kuzatilishi, o‘rtacha harorat 1,5 gradusga ko‘tarilishi mumkin. BMT huzuridagi xalqaro tashkilot e’lon qilgan ogohlantirishda aytilishicha, oldindagi 5 ta yoz faslidan biri yoki umuman shu 5 yillik davrning o‘zi iqlim monitoringi tarixidagi eng issig‘i bo‘lishi ehtimoli 98 foizga teng.
Ekspertlarning izohlashicha, global miqyosda kutilayotgan anomal issiq haroratga ikkita sabab bor. Birinchisi – issiqxona effektini hosil qiluvchi gazlarning atmosferaga haddan tashqari ko‘p chiqarilayotgani. Ikkinchi sabab – 2 yildan 7 yilgacha bo‘lgan davrda takrorlanib turadigan El-Nino nomli tabiat hodisasi. Bu hodisa vaqtida Tinch okeanining ekvatorga yaqin qismidagi suvlar yuzasida harorat ko‘tarilib, tropik zonalardagi yog‘ingarchilik me’yori buziladi, natijada butun dunyo miqyosida ekstremal iqlim hodisalari ro‘y beradi. Bu esa insonlar salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va suv resurslari bilan bog‘liq muammolarni kuchaytiradi.
O‘zbekistonga qaytsak. O‘tgan dayjestimizda xabar berganimizdek, prezident mas’ullarga yozda energotizim barqaror ishlashini ta’minlash vazifasini yuklagan. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston bilan odatdagidan ko‘proq elektr energiyasini import qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan. Unga ko‘ra, Tojikiston 2023 yilning may-sentabr oylarida O‘zbekistonga salkam 1,3 mlrd kVt/soat energiya yetkazib beradi. Rasmiylarning aytishicha, bu – so‘nggi bir necha yil ichidagi rekord ko‘rsatkichdir.
Energoinqirozning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ichida eng asosiylaridan biri – gaz o‘g‘riliklariga qarshi kurashish. Hozirgi vaziyat shundayki, hali u yerda, hali bu yerda milliardlab so‘mlik gaz o‘g‘irlangani haqidagi xabarlar tez-tez chiqib turadi, lekin hali birorta ham kompaniya “men qazib olgan yoki tashib bergan gazimni o‘g‘irlashdi” deb shikoyat qilgan emas. Bozor iqtisodiyotidan uzoq bunday sharoitda, muammoni elektron hisoblagichlar orqali osongina hal qilish mumkin. Bu ishga nihoyat mana endi qo‘l urilyapti. Shu hafta e’lon qilingan qarorga ko‘ra, 1 iyulgacha O‘zbekistondagi barcha tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga onlayn elektron hisoblagichlar o‘rnatiladi. Bu hisoblagichlar soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, yagona avtomatlashtirilgan tabiiy gaz harakati tizimi joriy etiladi.
1 oktyabrdan boshlab, O‘zbekistondan tabiiy gazni quvurlar orqali tashiydigan korxonalarning gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xromatograf va elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi. Tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlarni sotish shartnomalarini maxsus axborot tizimiga kiritib borish talab qilinadi.
Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida katta qing‘irliklar aniqlangan taqdirda qanday yo‘l tutiladi, eng asosiysi, ochiq va raqobatli bozorni yaratishga qaratilgan energetika islohoti bo‘ladimi, bu savollarga hozircha javob yo‘q. Hukumatning harakatlaridan anglash mumkinki, erkin bozorni yaratish masalasi ortga surilgan. Buning o‘rniga, generatsiyani ko‘paytirish uchun yangi stansiyalar qurish va imkon qadar ko‘proq quyosh panellarini o‘rnatish asosiy kun tartibida bo‘lib turibdi.
Kuni kecha prezidentning energetika bo‘yicha maslahatchisi lavozimi tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu lavozimga 2019-2022 yillarda energetika vaziri bo‘lib ishlagan Alisher Sultonov tayinlangan. Tayinlov qachon ro‘y bergani ma’lum emas.
Aslida, Sultonov prezidentning energetika bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgani haqida bir necha hafta oldin xabarlar tarqalgan edi. Uning xalq orasidagi imijini ijobiy deb atash qiyin bo‘lgani uchundir balki, bu haqda rasman e’lon qilinmay keldi. Faqatgina jurnalistlar uning ism-familiyasi va lavozimini Toshkentdagi xalqaro konferensiya grafigida ko‘rib qolganidan keyingina tayinlov rasman tasdiqlandi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Xitoyning Sian shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tdi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu sammit, Rossiyaning zaiflashishi va AQShning Afg‘onistondan ketishi fonida, Xitoy Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirishga urinayotganini anglatadi. Sammitda Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga 3,8 mlrd dollar beg‘araz yordam ajratishi e’lon qilindi. Ma’lum qilinishicha, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining texnik-iqtisodiy asoslari tayyor bo‘lgan, endilikda asosiy muzokaralar loyihani amalga oshirishning moliyaviy tomonlariga qaratiladi.
Toshkentdagi modalar haftaligi ijtimoiy tarmoqda jiddiy tanqidlarga sabab bo‘ldi. Haftalik doirasida namoyish qilingan liboslar orasida ochiq-sochiq kiyimlar borligi, bir nechta holatda hatto ayollarning kiyimlarini erkaklar kiyib chiqqani hazm qilib bo‘lmas holat deb baholanyapti. Moda haftaligi tashkilotchisi Dilnoza Umrzoqova bunga 20 yoshli talaba qizning improvizatsiyasi deb izoh berdi. Uning aytishicha, repetitsiya paytida kiyimlarni ayol modelerlar kiygan, lekin namoyish oldidan yosh dizayner improvizatsiya qilishni xohlab, liboslarini erkaklarga kiydirib yuborgan. Ta’kidlash kerak, tashkilotchining bu gaplariga ishonmayotganlar talaygina. Kamiga, Abdulla Qodiriyning uy muzeyida SSSR bayrog‘i tasviridagi libos namoyish etildi.
Koreyaga ishga yuborishdagi korrupsion sxema qanday ishlashi fosh bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, talabgor koreys tilini bilmasa ham, pulini bersa bo‘ldi, uni imtihonga kiritishadi, javoblarni esa aytib turishadi. Bir kishini imtihondan o‘tkazib qo‘yish narxi 6 ming dollar atrofida. Boshqa tafsilotlar bilan YouTube kanalimizdagi surishtiruv orqali tanishing. Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, bu korrupsion sxema haqidagi surishtiruvlarimizga birorta huquq organidan reaksiya bo‘lmayapti.
Onix va Tracker'ning yangi komplektatsiyalari yaqin kunlarda sotuvga chiqadi. Bu haqda ma’lum qilgan UzAuto vakilining ishontirishicha, kuzda taqdimot qilingan komplektatsiyalarning narxlari o‘zgarishsiz qoladi. Kompaniya, shuningdek, 1 iyundan boshlab Cobalt va Lacetti 20-23 ming dollardan sotuvga chiqishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Salkam yarim yildan beri sotilmayotgan bu budjet modellari uchun shartnoma berish qachondan boshlanishi noma’lumligicha qolyapti.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan tanilgan Shukrullo Egamberdiyev Toshloq tumani bosh imomi vazifasidan ozod etildi. Musulmonlar idorasi unga hayfsan intizomiy jazosini ham qo‘llagan. Egamberdiyev “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi lavozimidagi faoliyatini davom ettiradi. Uning jazolanishiga katta ehtimol bilan mehnat muhojirlari haqida aytgan gaplari sabab bo‘lgan. Egamberdiyev Rossiyadagi o‘zbek migrantlarini “o‘qimagani uchun qul bo‘lib yuribdi” degan mazmunda haqoratlashi ortidan, bir qator muhojirlar unga qarshi videomurojaatlar e’lon qilgan edi.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024