O‘zbekiston | 10:00 / 28.05.2023
44830
23 daqiqa o‘qiladi

Imi-jimidagi cheklov, qaltislashgan diniy vaziyat va “o‘g‘irlangan” bayroq - hafta dayjesti

Qayta uyg‘ongan OVIR xavotiri: boshqalar go‘dakka ham 10 yillik pasport berayotgan paytda, bu nimasi? Toshkentda “Ukraina bayrog‘iga hujum” operatsiyasi: bosqinchilikmi yo absurdning cho‘qqisi? Savol ostidagi diniy erkinlik: vaziyat tahlikali tus olyaptimi? Ortda qolayotgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Yoshlarning chetga chiqishi kimnidir xavotirga solyaptimi?

O‘zbekistonda OVIR stikeri bekor qilinib, xorijga chiqish pasporti berila boshlaganidan 4 yil o‘tar-o‘tmay, bu pasportning amal qilish muddati bo‘yicha yangi cheklov o‘rnatildi. Endi 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga xorijga chiqish pasporti avvalgidek 10 yil emas, 5 yil muddatga berilyapti.

Eng qizig‘i, bu muddat qisqartirilganiga salkam bir yil bo‘lgan. O‘tgan yili 16 iyunda qabul qilingan qarordagi yangilikdan keng jamoatchilik endigina xabar topdi. Hujjat lex.uz saytiga joylangan bo‘lsa ham, bu faollarning e’tiboridan chetda qolgan. Davlat organlari esa o‘tgan davr mobaynida bu haqda aholini xabardor qilmay kelgan. Mas’ullar qaror yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida faqat pasport olish osonlashgani haqida gapirishgan, muddat qisqargani haqida esa og‘iz ochishmagan.

Bu xabar faol jamoatchilikni cho‘chitib yuborgani bekorga emas. Vaqt nuqtayi nazaridan aytganda, rasmiylardan biri “qora tush” deb atagan davrdan juda unchalik ham uzoqlashib ulgurganimiz yo‘q. Ko‘pchilik o‘sha davrda atigi 2 yilga berilgan chiqish vizasi qanaqangi asabbuzarlik bo‘lganini kechagidek yaxshi eslaydi. Qolaversa, bugun imi-jimida yoshlarning pasportiga cheklov kiritilib, ertaga navbat kattalarnikiga kelmaydi, deb hech kim kafolat bermayapti. Bu shov-shuv ortidan birorta mas’ul chiqib, xotirjamlikka chaqirmadi. Xavotirga asos yo‘q, demadi. Bir yil davomida qanaqa sukut saqlangan bo‘lsa, butun hafta davomida ham xuddi shunday sukut davom etdi.

Bu jimlikning o‘zi yana boshqa savollarni tug‘diraveradi. Ochiqlikni da’vo qilayotgan, yopilmaslikni va’da qilayotgan davlatda 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 3 milliondan ortiq fuqaroning erkinliklariga bevosita daxl qiladigan o‘zgarish ro‘y bersa-yu, bundan keng aholi xabardor qilinmasa, buni qanaqa tushunish mumkin? Muddatni qisqartirishga biror obektiv sabab bormi o‘zi?

Agar, 16 yoshdan 25 yoshgacha odamning yuz qiyofasi anchagina o‘zgaradi, degan izoh aytilsa, buni bahona deb gumon qilish uchun yetarli omillar bor. Agar haqiqatan sabab shu bo‘lganida, 5 yillik cheklov ID-kartalarga nisbatan ham joriy etilgan bo‘lardi. Bundan tashqari, jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan qaror loyihasida bunaqangi band bo‘lmagan, ya’ni yangi qoida aholi fikri bilan kelishilmasdan qabul qilingan.

OVIR bekor qilingunga qadar, O‘zbekiston – fuqarolari chet elga chiqish uchun avvalo o‘zining davlatidan viza olishi kerak bo‘lgan ikkita davlatdan biri edi. Afsuski, bunaqa sharmandali maqomda Shimoliy Koreya bilan yonma-yon turishdan qutuldik deb xursand bo‘lishimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki endi O‘zbekiston 16-18 yoshli fuqarolariga 5 yillik pasport beradigan sanoqli mamlakatlardan biriga aylandi. Dunyoning aksariyat davlatlari voyaga yetgan fuqarolariga bemalol 10 yillik pasportlar beradi. Yaqin-yaqingacha o‘zimizda ham shunday edi.

Yoki, uzoqqa bormaylik, Qozog‘iston va Rossiyada tug‘ilganiga hatto bir hafta bo‘lgan chaqaloqlarga ham xorijga chiqish uchun muddati 10 yillik pasport beriladi. Bolaning yuz qiyofasi tez o‘zgarishi sabab hujjatni yangilash zaruratiga esa ota-onaning muammosi deb qaraladi. Masalan, bola 2 yasharligida olingan pasport u 10 yoshga to‘lganida ham amal qilaveradi, lekin ota-ona xorijiy davlatga kirishida muammo bo‘lishini o‘ylab, uni o‘z xohishi bilan yangisiga almashtiradi.

O‘zbekistonda esa, fuqarolarning chet elga erkin chiqishi masalasida, o‘tgan davrning shamollari esa boshlaganiga ishora qiluvchi boshqa holatlar ham bor. Xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaat qilgan ayrim fuqarolarning aytishicha, 22–23 yoshgacha bo‘lgan har ikki jins vakillari bilan terrorizmga qarshi kurash bo‘limi vakili va mahalladagi uchastka inspektori suhbat o‘tkazgan. Ular yoshlardan chet elga nega chiqayotgani, O‘zbekistonga qachon qaytishi va boshqa narsalarni so‘ragan. Ayrim holatlarda hatto yoshlar bilan ishlash tashkilotidan ma’lumotnoma ham so‘ralgani aytilyapti.

Ochiq-oshkora “o‘g‘rilangan” Ukraina bayrog‘i

Ichki ishlar vazirligiga aloqador, lekin vazirlik izoh berolmay o‘tirgan yana bir bahsli holat bor. Chorshanba kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Yangi Moskva” turar joy majmuasida, 8-qavatdagi xonadonlardan birining balkonida turgan Ukraina bayrog‘i uy egasining roziligisiz, u uyda bo‘lmagan paytda olib tashlandi. Internetda tarqalgan suratlarga qaraganda, rasmiylar buning uchun maxsus texnika vositalaridan foydalangan.

Uy egasi Rejyep Latipovning jurnalistlarga aytishicha, u hozir turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyada ta’tilda bo‘lib turibdi. Voqeadan bir necha soat oldin unga tuman ichki ishlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

“Adashmasam, o‘zini jinoyat-qidiruv bo‘limidan Murod deb tanishtirdi. Shu uy menga tegishli ekani haqida so‘radi. O‘zingiz yo rafiqangiz Ukraina fuqarosi emasmi, degan savol berdi. Men yo‘q dedim. Keyin balkonimda Ukraina bayrog‘i turgani sababini surishtirdi”, – deydi xonadon egasi.

Latipov ichki ishlar xodimi bilan suhbatda bayroq uning o‘ziga tegishli xonadon ichida, ya’ni o‘z shaxsiy mulki hududida turganini aytgan. Xodim esa fuqaroning e’tirozlariga: “Kelsangiz tushuntiramiz, bizda olib tashlashga topshiriq bor”, deya javob bergan.

Uy egasining aytishicha, u Ukrainada tug‘ilgan, lekin o‘zi ham, rafiqasi ham O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashashadi. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Ukrainaga qo‘llov ramzi sifatida Kiyevdagi do‘stlari sovg‘a qilgan bayroqni o‘tgan yili mart oyida balkoniga chiqarib qo‘ygan. “Bayroq shunchaki balkonda turgan edi, ko‘chaga chiqarib ilib qo‘yilmagandi”, – deydi u. Rejyep Latipov Toshkentga qaytgach, voqea yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga arz qilmoqchi.

Bizningcha, mavjud vaziyatga ham huquqiy, ham siyosiy baho berilishi kerak. Aslida, har ikki jihat bo‘yicha ham ko‘p gapga hojat yo‘q, hamma hammasini tushunib turibdi. Lekin baribir OAV sifatida aytib o‘tmasak bo‘lmas. Huquqiy tomondan, O‘zbekistonda O‘zbekiston bayrog‘idan tashqari boshqa davlatlar bayroqlariga taalluqli hech qanaqa qonuniy cheklov yo‘q. Buni har yili 9 may arafasida SSSR bayrog‘i hilpirab qolayotgani ham hammaga eslatib turibdi. Shunday ekan, yuridik nuqtayi nazardan, ro‘y bergan holat shaxsiy mulk daxlsizligini buzishmi, o‘g‘rilikmi, bostirib kirishmi yoki mansab vakolatidan chetga chiqish – buni nima deb atashni yuristlarga qo‘yib berganimiz ma’qul.

Siyosiy tomondan esa, ijtimoiy tarmoqlarning qator foydalanuvchilari Rossiya-Ukraina urushi fonida ro‘y bergan bu xatti-harakatga qo‘rqoqlik deb baho beryapti. Yana bir so‘z bilan absurd deb atayotganlar ham bor. Rossiyaning sariq-ko‘k ranglar uyg‘unligini de-fakto taqiqlovchi qonuni suveren davlat bo‘lmish O‘zbekistonda ham amal qila boshladimi, deya kinoya qilayotganlar ham yo‘q emas. Bu tanqidlarga rasmiylar munosabat bildirmadi. Jurnalistlarning bu boradagi savollari javobsiz qoldi.

Ekspertizasiz diniy materiallar: vaziyat jiddiylashgan

Erkinliklar doirasi toraygani diniy sohada ham ko‘zga tashlanyapti. Seshanba kuni Shayxontohur tuman sudi sobiq imom Shavkat Hasanni 6,6 mln so‘m ma’muriy jarimaga tortdi. Unga ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy totuvlik mavzusiga oid videomateriallarini Diniy qo‘mita ruxsatini olmasdan e’lon qilish aybi qo‘yildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar xodimlari blogerning Telegram-kanalidagi 6 ta videoni tanlab olib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ekspertizaga yuborgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, videolarda aqidaparastlik, terrorizm, diniy adovatga chaqiruvchi g‘oyalar yo‘q deb topilgan, lekin materiallar diniy qo‘mitaning ekspertlik xulosalarini olmasdan chiqarilgan.

“Men shuncha yillik rasmiy diniy faoliyatim davomida bunday ekspertiza olinishi kerakligini bilmagandim ham. Mendan boshqa ko‘plab imom domlalar ham aynan shu modda bo‘yicha jarimaga tortilganini aytishdi”, – deydi sobiq imom. Ma’lumot uchun, Shavkat Hasan uzoq yillar Musulmonlar idorasi tizimida rasman diniy faoliyat bilan shug‘ullangan, 2014-2018 yillarda Bo‘stonliq tumanida masjid imom-xatibi bo‘lgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekistonda diniy mazmundagi har qanday materialni olib kirish, saqlash yoki tarqatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ijobiy xulosasini olish kerak. Diniy axborotni ekspertizadan o‘tkazmay tarqatish 66 mln so‘mgacha jarimaga sabab bo‘ladi. Bu norma, huquqiy prinsiplarga zid ravishda, vaqti-vaqti bilan faqat ayrim shaxslarga nisbatan ishlatib turiladi. Zotan, bu qonunni hammaga birdek qo‘llashning imkoni ham yo‘q. Agar shunday qilinsa, taniqli voizlar va hatto yuqori lavozimli diniy ulamolarning diniy mazmundagi jonli efirlari ham noqonuniy bo‘lib qoladi, chunki jonli efirdagi erkin nutqni oldindan ekspertiza qilib bo‘lmaydi.

Xalqaro tashkilotlar qonundagi bu moddani tanqid qilishiga boshqa sabablar ham bor. Masalan, diniy ekspertiza ayrim holatlarda ochiqdan ochiq senzuraga ham aylanib ketadi. Bir necha kun oldin Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Kun.uz muxbirining AQShdagi Al-Buxoriy masjidi haqida tayyorlagan ko‘rsatuvidan ayrim gaplarni kesib tashlashni “tavsiya qildi”.  O‘chirish talab qilingan gaplar, masalan, Islom Karimov davridagi qo‘rquv, Amerikada yoshlarning diniy ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va umuman diniy erkinliklar haqida edi.

Shavkat Hasanning jarimaga tortilishiga qaytsak. Bir qator yosh-yosh yigitlar nashida ortidan qamalishi fonida, endi sobiq imom ham diniy-ma’rifiy ko‘rsatuvlari uchun jazoga tortilgach, holatga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining sobiq o‘rinbosari, Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi sobiq rahbari, ayni paytda xususiy sektorda faoliyat yuritayotgan Nuriymon Abdulhasan munosabat bildirdi. U o‘z Telegram-kanalida e’lon qilgan audiomurojaatda fuqarolarni internet orqali diniy material tarqatmaslikka, diniy materiallarga layk bosishda ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

“Bugungi kunda ekstremistik-terroristik tashkilotlar faoliyatining oldini olish maqsadida juda ko‘plab chora-tadbirlar belgilanyapti. Shu maqsadda qilinyapti degan yaxshi gumonda bo‘lamiz, albatta. Shu nuqtayi nazardan hammani ogohlantirib qo‘ymoqchiman. Mana bugun juma kuni. Juma kunlari munosabati bilan tabriklar shunaqangi darajaga borib yetdiki, tabriklar video ko‘rinishida ham uzatilyapti. Shulardan ham cheklanishinglarni iltimos qilaman. Chunki u videolarda orqasida qanday nashida ketayotganini bilmay qolishimiz mumkin va u nashidalar, qandaydir bir duolar bo‘lsa, diniy mazmundagi materialni tarqatdingiz deb, sizga har qanday ayblovni qo‘yish imkoniyati tug‘ildi”, – dedi Nuriymon Abdulhasan.

Rossiya, AES, gaz va YeOII

Rossiya O‘zbekistonga o‘zining atom elektr stansiyasini tiqishtirishda davom etyapti. Bundan tashqari, O‘zbekiston rozi emasligini aniq aytgan bo‘lsa ham, uch tomonlama gaz ittifoqi haqidagi gaplar to‘xtamagan.

Dushanba kuni har ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Moskvada uchrashdi. Rossiya tomoni uchrashuv oldidan tarqatgan rasmiy xabarida O‘zbekistondagi birinchi AESni qurish bo‘yicha bosh shartnoma go‘yoki “yuqori darajada tayyor” ekanini iddao qildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Kun.uz gaplashgan mulozimi esa buni rad etdi. Ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan diplomatik manbaga ko‘ra, Baxtiyor Saidov va Sergey Lavrov o‘rtasidagi uchrashuvda AES masalasi ko‘rib chiqilmagan.

“Bu masalada hozircha hech qanday kelishuv imzolanmagan, suhbatda ham [AES masalasini] faqat Rossiya tomoni gap orasida aytib ketdi, xolos”, dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Energetik hamkorlikda Putin istayotgan yana bir yo‘nalish – tabiiy gaz. Yil boshida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan uchtomonlama gaz ittifoqi tuzib, bu orqali O‘zbekiston va Qozog‘istondagi gaz uzatish tarmoqlarini qo‘lga olmoqchi ekani ma’lum bo‘lgandi. O‘zbekiston tomoni o‘sha paytdayoq Rossiyadan gaz sotib olinsa ham, bu oldi-sotdi shartnoma shaklida bo‘lishi, hech qanaqa ittifoq yoki alyansga rozi emasligini bildirgan. Shunga o‘xshash bayonotlar Qozog‘iston tomonidan ham yangragan edi. Shu hafta Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin uchtomonlama gaz ittifoqi masalasi hali ham kun tartibida ekanini aytib chiqdi.

“Hozirgi vaqtda ehtimoliy loyiha parametrlari ekspertlar darajasida ishlab chiqilmoqda. Hamkorlarning real ehtiyojlarini, bo‘lajak investitsiyalar hajmini aniqlashtirish zarur”, dedi Galuzin “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.

Rossiya tomonining bu bayonotlari fonida, Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida qatnashish uchun shaxsan Moskvaga bormagani e’tirborga loyiq. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi sammitda Mirziyoyev bevosita ishtirok etishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi. Lekin yakunda O‘zbekiston prezidenti tadbirda videoaloqa orqali qatnashdi.

Sammit doirasidagi forumlardan birida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning nutqi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U Rossiya va Belarus “ikki davlat – bir mamlakat” formatida yashayotgani, hatto yadro quroli ham ikkita davlatga bitta ekanini aytdi. Bu esa, To‘qayevning fikricha, YeOII doirasidagi integratsiyada bo‘linishni yuzaga keltiryapti. Rossiya va Belarus – bitta jamoa, tashkilotning qolgan a’zolari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston esa ikkinchi jamoaga aylanib qolgan.

“Biz bu reallik bilan hisoblashishimiz kerak: bunday sharoitda qanday ishlaymiz. Bu konseptual masala”, – dedi Qozog‘iston prezidenti. Ekspertlarning fikricha, To‘qayev bu gaplari bilan YeOIIning hozirgi formatining kelajagi yo‘qligi, ittifoq uzoq yashay olmasligi haqidagi fikrni diplomatik ohangda bildirib qo‘ygan.

Haqiqatan ham, Rossiya va qisman Belarusga qarshi kiritilgan misli ko‘rilmagan darajadagi sanksiyalar sharoitida, ular bilan bitta iqtisodiy ittifoqda bo‘lish yoqimli holat emas. YeOII a’zolari, istaydimi-yo‘qmi, borgan sari cho‘kayotgan Rossiya iqtisodiyotining yukini ham ko‘tarishga majbur bo‘lyapti. Boshqacharoq aytganda, Rossiyaning sanksiyalar ostida qolganidan Xitoy qanchalik foyda ko‘rayotgan bo‘lsa, YeOII davlatlari shunchalik zarar ko‘ryapti. Ana shunday vaziyatda O‘zbekiston rasmiylari tashkilotga qo‘shilish fikridan uzil-kesil qaytganmi yoki yo‘q, buni faqat vaqt ko‘rsatadi.

Gaz va elektr narxlari “qo‘yib yuboriladi”

Gaz masalasida boshqa xabarlar ham bor. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berishni tiklagan. Xitoy tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-mart oylarida O‘zbekiston bu mamlakatga gaz sotmagan, aprel oyida esa 40 mln dollarlik gaz eksport qilgan. O‘zbekiston Statistika agentligining yangi hisobotiga ko‘ra esa, yanvar-aprel oylarida xorijga 90 mln dollarlik gaz sotilgan. O‘rtadagi farq Qirg‘iziston va Tojikistonga gaz eksporti bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xorij matbuotidagi xabarlarga qaraganda, O‘zbekistonning gaz tranziti orqali oladigan daromadlari o‘sishi mumkin. Reuters'ning yozishicha, Xitoy Rossiyaning “Sibir kuchi–2” loyihasi o‘rniga, Turkmaniston gazini eksport qilishga mo‘ljallangan yangi quvurga ustunlik beryapti. Turkman gazi Rossiyanikidan 30 foizga qimmatroq bo‘lsa ham, rasmiy Pekin Markaziy Osiyodan tortilgan gaz quvurining to‘rtinchi liniyasi qurilishiga yashil chiroq yoqdi, deyiladi xabarda.

Ichki bozorda esa gaz va elektr narxlarini erkinlashtirish masalasi turibdi. Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayevning aytishicha, hukumat narxlarni liberralashtirish dasturini sentabrgacha qabul qilmoqchi. Dastur asosida aholi va biznes uchun tariflar tabaqalashtiriladi.

“O‘zbekistonda raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish uchun asoslarni tayyorlayapmiz. Hududlarga elektr energiyasini tashish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar va xorijiy tajribani jalb qilamiz”, – dedi u.

Vazir o‘rinbosari aytayotgan huquqiy asoslar aslida o‘tgan yili ishlab chiqilishi kerak edi. 2022 yilgi davlat dasturida energetika bozorining mustaqil regulyatorini tashkil etish, sohani bozor relslariga o‘tkazish uchun bir nechta yangi qonunlarni tayyorlash ko‘zda tutilgandi. Ijtimoiy normani kiritgan holda tariflarni tabaqalashtirish bo‘yicha ham bir yil oldin harakatlar boshlangan, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra, to‘xtab qolgandi.

Azim Ahmedxo‘jayevning aytishicha, vazirlik energoislohot masalasida Ozarboyjon tajribasini o‘rganyapti. Shu bilan birga, narxlar oshishi eng kamida xonadonlar uchun bu yildan boshlanmasligi mumkin. Mart oyida Iqtisodiyot vazirligi maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari bu yil oshirilmasligi haqida bayonot bergandi.

O‘zbekistonga noodatiy tashrif

Hafta o‘rtalarida Singapur prezidenti Halima Yoqubning tashrifi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. U O‘zbekistonga Uzbekistan Airways'ning doimiy reysi orqali uchib kelgan tarixdagi birinchi prezidentga aylangan bo‘lsa ajab emas. Umuman, Halima Yoqub, Markaziy Osiyoga kelgan Singapurning birinchi prezidenti ham bo‘ldi.

Halima Yoqub avvaliga Qozog‘istonga bordi, keyin Astanadan UzAirways'ning muntazam reysida Toshkentga uchib keldi. Tashrifning ikkinchi kunida Toshkentdan Samarqandga “Afrosiyob” poyezdida yo‘lga chiqdi. Safar qarigach, Uzbekistan Airways'ning Toshkent–Seul yo‘nalishidagi doimiy reysida ortga qaytib ketdi. Bu orada kechki ovqat uchun Toshkentdagi uncha qimmat bo‘lmagan restoranlardan biriga kirdi, turmush o‘rtog‘i restorandagi sozandalar davrasida doira chaldi.

Singapurdek davlatning muslima prezidenti oddiy liboslarda, ro‘mol o‘ragan holda, ortiqcha pardozlarsiz samolyot va poyezdlarning odatdagi reyslarida yurgani ko‘plab hamyurtlarimizning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Qator nashrlar, xususan Kun.uz ham uning hayot yo‘li haqida maqolalar e’lon qildi. Kambag‘al oiladan chiqqan, 8 yoshida otasidan yetim qolgan Halima Yoqub huquqshunoslik bo‘yicha magistrlik diplomini olgach, siyosatga qadam qo‘ygan, 23 yoshida ilk marta mahalliy deputatlikka saylanib, keyinchalik Singapur parlamentining ilk ayol spikeriga aylangan.

Bu o‘rinda, Singapur parlamentar respublika ekani, davlat boshqaruvi bo‘yicha aksariyat vakolatlar bosh vazirda ekanini ham ta’kidlash kerak. Halima Yoqubning O‘zbekistonga kelishi Shavkat Mirziyoyevning shu yil boshida Singapurga amalga oshirgan tashrifiga javob tashrifi bo‘ldi. Tashrif doirasida davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, xavfsizlik, turizm va boshqa sohalarga oid 7 ta kelishuv imzolandi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Samarqandda Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘limi rahbarlaridan dam olish kunida dam olgan uchun tushuntirish xati olindi. Gap Paxtachi va Kattaqo‘rg‘on tumanlari haqida ketyapti. Agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i ularni yakshanba kuni izlab topolmagach, buning uchun tushuntirish xati yozishga majburlagan. Yoshlar ishlari agentligi boshqarma boshlig‘iga “qat’iy ogohlantirish” berilganini ma’lum qildi.

Bog‘cha tarbiyachilarining maoshlari maktab o‘qituvchilariniki bilan tenglashtiriladi. Bu tartib 1 yildan keyin, 2024 yil 1 iyundan boshlab kuchga kiradi. Rasmiy xabarga ko‘ra, maktablarda ishlovchi pedagoglarni sertifikatlash yo‘lga qo‘yiladi. XTBlarning maktablar faoliyatini tekshirish vakolati bekor qilinib, bu huquq yangi ochilgan Ta’lim markaziga o‘tkaziladi.

O‘zbekistonlik yana bir yigit Ukrainadagi urushda halok bo‘ldi. Davlat xavfsizlik xizmatining ma’lum qilishicha, Sh.Tojiboyev Rossiyada geroin bilan qo‘lga olinishi ortidan qamalgan, qamoqxonadan esa urushga olib ketilgan. Marhumning onasiga ko‘ra, o‘g‘lining jasadi O‘zbekistonga keltirilgan. Eslatib o‘tamiz, urushga borganlar sog‘ qaytgan holatda ham, O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortiladi.

So‘nggi paytlarda ro‘y bergan bir qator shov-shuvli holatlar bo‘yicha sud qarorlari e’lon qilindi. Yangihayot tumanida 12 yoshli qizni zo‘rlab o‘ldirgan qotil umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Qo‘qon davlat pedagogika institutining qizlar yotoqxonasiga kamera o‘rnatilgani holati bo‘yicha institut prorektori jarimaga tortildi. Toshkentda odamlarga avtomobil va uy olib berishni va’da qilib, yuzlab fuqarolarni katta miqdordagi pullarga chuv tushirgan «Rayyona Qutlug‘» MChJ rahbarlaridan biri 9 yilga qamaldi. Uning jinoiy sheriklaridan biri chet elga qochib ketgan.

Mavzuga oid