Jamiyat | 22:34 / 02.06.2023
19784
3 daqiqa o‘qiladi

«Shum bola» barcha davrlarning eng yaxshi bolalar kitoblari ro‘yxatiga kiritildi

G‘afur G‘ulom asari BBC nashri tomonidan barcha davrlarning eng yaxshi top-100 bolalar kitoblari reytingiga kiritildi.

Foto: Kutubxona

Buyuk Britaniyaning BBC nashri barcha davrlarning 100 ta eng yaxshi bolalar kitobi ro‘yxatini tuzdi. Reyting butun dunyo bo‘ylab bolalar yozuvchilari, illyustratorlar, muharrirlar, nashriyotlar, kutubxonachilar va kitobxonlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma asosida tuzilgan.

Birinchi o‘rinni amerikalik yozuvchi Moris Sendakning 1963 yilda nashr qilingan «Maxluqlar yashaydigan manzil» (Where the Wild Things Are) ertagi egalladi. So‘rovda ishtirok etganlarning 7 foizi uni «eng yaxshi kitob» deb hisobladi.

Ikkinchi o‘rinda britaniyalik yozuvchi Lyuis Kerrollning «Alisa mo‘jizalar mamlakatida» (Alice's Adventures in Wonderland, 1865) kitobi, uchinchi o‘rinda shvetsiyalik yozuvchi Astrid Lindgrenning «Peppi – uzun paypoqcha» (Pippi Longstocking, 1945) asari qayd etildi.

Ro‘yxatda o‘zbekistonlik adib G‘afur G‘ulomning «Shum bola» (1936) asari ham bor. U 73-o‘rindan joy olgan.

Shuningdek, 100 ta eng yaxshi bolalar kitoblari ro‘yxatiga «Kichkina Shahzoda», «Hobbit», «Vinni-Momiq», «Harri Potter va hikmatlar toshi», «Charli va shokolad fabrikasi», «Pinokkio sarguzashtlari», «Aka-uka Grimm ertaklari», «Uzuklar hukmdori», «Xazinalar oroli», «Chipollino sarguzashtlari», «Paddington ismli ayiq», «Tomda yashovchi Karlsson», «Shlyapali mushuk», «Oz mamlakatidan kelgan afsungar» kabi kitoblar ham kirgan. 

G‘afur G‘ulom – o‘zbek shoiri, publitsist, 1903 yilda Toshkentda tug‘ilib, 1966 yilda vafot etgan. «Qo‘qon-batrak», «Yo‘ldosh» poemalari, «Netay», «Shum bola», «Yodgor», «Tirilgan murda» qissalari, ko‘plab she’riy to‘plamlari, durdona asarlarning tarjimalari bilan mashhur. U ijodiy yutuqlari uchun bir qancha davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Mavzuga oid