O‘zbekiston | 14:44 / 04.06.2023
19496
4 daqiqa o‘qiladi

Gullar shahri - Namangan | Manzil

Tarixda ba’zi voqealarni gullar bilan bog‘lashgan. Ba’zi davlatlar o‘rtasidagi mojarolarni gul nomi bilan atashadi. Ba’zi davlatlardagi katta o‘zgarishlar nomida ham gullar ishlatilgan. O‘zbekistonda ham nomi gul bilan bog‘lanadigan shahar bor, bu Namangan shahri. 62-bor Gullar festivali o‘tkazilayotgan, 1 mlnlik shahar deya tarif berilayotgan Namangan shahri haqida "Manzil" loyihasi so‘zlab beradi.

Shaharning qisqacha tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, Namangan so‘zi forschadan “Namak kon”, ya’ni tuz koni degan ma’noni anglatishi haqida ma’lumotlar bor, ba’zi manbalarda esa namakkon so‘zi "Namchil yer, sersuv, namroq yer" degan ma’no berishi ham keltirib o‘tilgan.

Namangan so‘zi 10-asrdagi yozma manbalarda uchraydi. 1610 yilda Namangan shaharga aylangan. 1622 yilda Qadimgi Axsikent, ya’ni Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan shaharda sodir bo‘lgan zilzila sababli u yerda omon qolgan aholi Namangan shahri hududiga kelib joylashgan.

Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyo yerlarini bosib olgandan so‘ng Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Farg‘ona ma’muriy viloyati tuzilgach, Namangan uning uyezd shaharlaridan biriga aylangan. 1941 yilda O‘zSSR tarkibida Namangan viloyati tashkil etilganidan keyin shahar viloyat ma’muriy markaziga aylantirilgan.

Hozirda Namangan shahri uch qismga bo‘lingan, shaharga bo‘ysinuvchi Yangi Namangan va Davlatobod tumanlari va shaharning qolgan qismi. Shaharda hunarmandchilik qadimdan rivojlangan. Bu an’ana hozir ham davom etmoqda. Eng ko‘p tarqalgan hunarlardan biri bu novvoychilik. Namanganlik novvoylar nafaqat O‘zbekiston bo‘ylab, balki Amerika, Koreya, Qozog‘iston va ko‘plab mamlakatlarda ham novvoychilik qiladi. Namanganning brend noni esa shirmoy non hisoblanadi.

Shahar aholisining katta qismi uchun tong juda erta boshlanadi. Soat 4:00 da oshxonalarda ovqatlanishingiz mumkin desam ishonasizmi? Namanganda bomdoddan keyin aholi taomlanishi uchun oshxonalar ish boshlaydi.

Namangan shahri o‘zining tekstil sohasi bo‘yicha ham oldingi o‘rinlarda. Namanganda tikilgan kostyum-shimlar MDH davlatlari, Yevropa bozorlarigacha yetib bormoqda.

Gullar bayrami

62-bor o‘tkazilayotgan ushbu bayram, hozirda Xalqaro gullar festivali maqomini olgan. Avvallari faqatgina gullar savdosi bilangina cheklangan ushbu bayram. Hozirda ko‘plab madaniy tadbirlar, ko‘rgazmalar, konsertlar bilan boyitilgan. Avvallari bayram 3 kun, bir hafta davom etgan bo‘lsa, bu yil bir oy bo‘lishi belgilangan. Namanganda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi istirohat bog‘i, Afsonalar vodiysi tematik parki, Kamolot yoshlar bog‘i kabi dam olish uchun maskanlar mavjud. Gullar festivali Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘ida va Afsonalar vodiysi tematik parkida o‘tkazilmoqda. Bayram 21 may kuni erta tongda gullar bilan bezalgan mashinalar paradi bilan boshlangan. Buni tomosha qilishga esa qo‘shni davlatlardan, respublikamizning barcha viloyatlaridan mehmonlar tashrif buyurgan. O‘ziga xos dekoratsiyalar, gullarga burkangan shahar tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb qilmoqda. Ko‘chalarda har kuni Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari davlat raqami bilan ko‘plab mashinalar, turistlar tashuvchi mikroavtobuslarda sayyohlarni ko‘rishingiz mumkin. Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. Namanganga, gullar festivaliga tashrif buyuring, go‘zallikdan bahra oling.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Mavzuga oid