O‘zbekiston | 09:06 / 05.06.2023
4919
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki: O‘zbekistonda nogironlikning tarqalishi yosh bilan chambarchas bog‘liq

Jahon banki tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 va undan yuqori yoshdagi jami aholining 13,5 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga, 3,5 foizi esa nogironlikning og‘ir shakliga ega.

Mamlakatda nogironlikning tarqalishi yosh bilan chambarchas bog‘liq: 60 va undan yuqori yoshdagilarning 54 foizi nogironlikning ma’lum bir shakliga ega.

Rasman 2022 yilda 845,3 ming kishi yoki umumiy aholining 2,3 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar deb tan olingan.

Nogironligi bor shaxslarning katta qismi qishloq joylarda yashaydi. Masalan, qishloqlarda 532 ming, shaharlarda esa 313,3 ming nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladi. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy (3,6 foiz) va Sirdaryo viloyatlarida (3,1 foiz) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,9 foiz) kuzatilmoqda.

O‘zbekistonda 142,3 ming nafar 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalar va 396,7 ming nafar pensiya yoshiga yetmagan nogironligi bo‘lgan shaxslar bor. Nogironligi tasdiqlangan erkaklar (475,8 ming) soni ayollarga (369,5 ming) nisbatan ko‘proq.

"O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar turli sohalarda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelishadi. Hukumat vaziyatni yaxshilash choralarini ko‘rmoqda. Jumladan, hukumat tomonidan 2021 yilda ratifikatsiya qilgan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda", deyiladi JB ma’lumotida.

Mavzuga oid