Ukrainlarning qarshi hujumi davom etmoqda, Rostovda azovchilar sud qilinmoqda. Urush suratlari
Ukrainada urushning 476-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiyaning «Zvezda» telekanali Davlat dumasi deputati, chechenistonlik Adam Delimxanov Ukrainada yaralangani haqida xabar berdi. Buni Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirov rad etdi. Keyin Delimxanovning telegram-kanalida deputat nomidan post e’lon qilindi. Ramzan Qodirov esa montaj qilingan videoni namoyish etdi, unda go‘yoki Checheniston rahbari Delimxanov bilan birga ekani aks etgan. TASS agentligi esa Delimxanov «maxsus harbiy amaliyot» zonasida ekani haqida xabar bergan.
- Rossiya harbiy telegram-kanallari ukrain qismlari janubiy frontda, Vremevka bo‘rtig‘ida, shuningdek Baxmutdan shimolda faollik bilan hujum qilayotganini xabar qilmoqda.
- G‘arblik mulozimlar ukrainlarning qarshi hujumi davomida Rossiya mudofaasi tezda qulashini kutish o‘rinsiz ekanidan ogohlantirib, «uzoq oylar davom etuvchi holdan toydiruvchi va qimmatga tushuvchi urush»ga tayyorlanishga chaqirgan.
- Rossiya harbiy telegram-kanallari chorshanba kuni Kreminna atrofida ro‘y bergan noxush voqeani muhokama qilishdi: ularning ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda bir joyda to‘planib turgan askarlar ustiga raketa yoki artilleriya zarbalari yog‘dirilishi oqibatida o‘nlab yoki yuzlab kishi halok bo‘lgan.
- Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 18 kishiga yetdi.
- Rossiya qo‘shini Odessa bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Uch kishi halok bo‘lgan. Shuningdek Donetsk oblastining Kramatorsk shahri ham RF armiyasi zarbasiga uchragan — u yerda tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgan.
- Davlat dumasi mahbuslar shartnoma asosida harbiy xizmatga olinishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini, shuningdek chaqiruv yoshini ko‘tarish to‘g‘risidagi tashabbusni qabul qildi.
Donetsk oblastining ozod etilgan qishloqlaridagi rossiyalik askarlar jasadlari
Ukraina qurolli kuchlarining iyun oyi boshida boshlangan qarshi hujumi davom ettirilmoqda. Ukraina hukumati 11 va 12 iyun kunlari Donetsk oblastining to‘rt qishlog‘i — Makarovka, Blahodatne, Neskuchne va Storojyeve ozod etilgani haqida xabar berdi. RF mudofaa vazirligi bu bayonot yuzasidan izoh bermagan.
Quyida Donetsk shahridan 80 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Storojyeveda olingan suratlar. Bu qishloq 2022 yil martidan buyon okkupatsiya ostida edi.
Odessa va Kramatorsk o‘qqa tutilishi oqibatlari
Rossiya qo‘shini 14 iyun kuni Odessa bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlari havo qo‘shinlari qo‘mondonligi to‘rt raketadan uchtasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. Urib tushirishning imkoni bo‘lmagan raketa biznes-markaz binosi, turar joy kompleksi, o‘quv binosi, «Makdonalds» binosi va shahar markazidagi do‘konlarni shikastlagan, shuningdek omborni vayron qilgan — u yerda yong‘in ro‘y bergan. Ukraina IIV ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida, tinch aholi vakillaridan uch kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralangan.
Shu kuni RF armiyasi Donetsk oblastining Kramatorsk shahrini o‘qqa tutib, beshta uyni vayron qildi va kamida 17 uyga shikast yetkazdi. Xarobalar ostida odamlar qolib ketgan — Ukraina FVDX ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lingan, yana ikki kishi halok bo‘lgan.
Quyida ushbu ikki shaharda otishma ishlari aks etgan suratlar.
Xersonda suvda qolgan jonivorlarning qutqarilishi
Xerson oblasti harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, 15 iyun kuni Xerson hududida suv sathi ikki metrgacha pasaydi (12 iyun kuni u 3,5 metr, 8 iyun — 12,5 metr edi). Jami 46 ta aholi yashash manzillarini suv bosgan (32 tasi — Dniproning o‘ng sohilida, 14 tasi — chap sohilda).
Ko‘ngillilar shaharda jonivorlarni qidirish va qutqarishni davom ettirmoqda — quyida ular qanday ish olib borayotgani aks etgan suratlar.
Baxmut atrofidagi ukrain askarlari
«Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin va Rossiya hukumatining Baxmut may oxirida egallanganini e’lon qilganiga qaramay (Kiyev bu ma’lumotni rad etgandi), ukrain harbiylari hamon o‘z pozitsiyalarida qolmoqda. Xususan, Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka xizmati 14 iyun kuni Ukraina qurolli kuchlari Baxmut atrofida rossiyalik harbiylar guruhi yo‘q qilingani haqida xabar berdi. Rossiya tomoni bu ma’lumotni izohlamadi.
Rostovda sud qilinayotgan «Azov» jangchilari
Rostov-na-Donda 14 iyun kuni «Azov» batalonining asir tushgan 24 jangchisi ustidan sud jarayoni boshlandi. Mariupol okkupatsiyasi chog‘ida asir tushgan harbiylarga 20 yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda. Ishni tergov qilish 2022 yilda anneksiya qilingan DXR hududida boshlangandi, keyin uni Rostovga ko‘chirishdi. Ayblanuvchilar 2023 yil 29 sentabriga qadar hibsda bo‘ladi, eng yaqin eshituv 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024