O‘zbekiston | 23:20 / 19.06.2023
11775
6 daqiqa o‘qiladi

Tanzila Norboyeva Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘istonga tashrif buyurib, prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti yig‘ilishida ishtirok etdi.

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va davlatlararo munosabatlar rivojiga qo‘shimcha turtki berish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

To‘qayev Norboyevaning tashrifi ikkitomonlama hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatiga yaqqol misol bo‘lib, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga to‘liq mos kelishini ta’kidladi.

– O‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi natijalarini yuqori baholaymiz. Joriy yilning 3 mart kuni Chimkent shahrida norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng dolzarb masalalari muhokama qilindi. Nafaqat hukumat darajasida o‘zaro muvofiqlashtirilgan ishlar olib borilayotgani, balki parlamentlararo diplomatiya ham faol rivojlanayotgani quvonarli. Shu bois, kelasi yili Samarqandda ikkinchi Parlamentlararo forum o‘tkazilishini mamnuniyat bilan qabul qilaman, – deb ta’kidladi, Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

O‘z navbatida Norboyeva samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

– Sizning rahbarligingizda Qozog‘istonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholaymiz. Sizni Qozog‘istonda butun tizimni siyosiy modernizatsiya qilish imkonini bergan yirik tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabriklayman. Qozog‘iston ilg‘or islohotlar yo‘lidan ishonch bilan bormoqda va Qozog‘iston xalqi siz tutgan yo‘lni faol qo‘llab-quvvatlamoqda – deb ta’kidladi, Senat raisi.

Shuningdek, Tanzila Norboyeva Ostona shahrida Qozog‘iston raisligida o‘tayotgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti yig‘ilishi doirasida Qozog‘iston Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida parlamentlararo aloqalarning mavjud holati va istiqbollari, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat hududlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Oliy Majlis Senati raisi mintaqaviy formatda O‘zbekiston va Qozog‘iston eng faol mamlakatlar ekani, ikki tomonlama hamkorlik sur’ati parlament o‘lchamida, umuman, barcha sohalarda jadal o‘sib borayotganini ta’kidladi. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga katta e’tibor qaratish lozimligi, O‘zbekiston-Qozog‘iston mintaqalararo forumi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan sarmoyaviy va savdo shartnomalarini amalga oshirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan samarali foydalangan xolda birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Qozog‘iston Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev O‘zbekiston tashabbuskori bo‘lgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti mintaqaviy hamkorlik uchun noyob platforma ekani, o‘zaro hamkorlikning barcha jabhalarini yangi bosqichga olib chiqishi bilan ahamiyatli ekanini alohida qayd etdi.

Shu bilan birga, Ostona shahrida BMT va Qozog‘iston Respublikasi prezidenti huzuridagi Ayollar ishlari, oilaviy va demografik siyosat bo‘yicha milliy komissiya ko‘magida «Innovatsiyalar va texnologiyalarni rivojlantirishda ayollarning roli» mavzusida Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tanzila Norboyeva, Qozog‘iston parlamenti spikeri, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston deputatlari, davlat organlari rahbarlari, shuningdek, nodavlat va xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Norboyeva o‘z so‘zida 2020 yilda «Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqoti» platformasining yaratilishi bilan mamlakatlarimizda xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdi. «Bugungi kunda Muloqot Markaziy Osiyoda o‘zining salmoqli o‘rnini egalladi va jahon hamjamiyatida munosib qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur noyob platforma faoliyat ko‘rsatgan davrda muhim hujjatlar qabul qilindi va yirik tadbirlar o‘tkazildi, bu esa hududiy miqyosda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga katta ta’sir ko‘rsatdi. Biz buni mintaqa davlatlarining Muloqotni yanada rivojlantirish, uning samaradorligi va xalqaro maydonda e’tirofini oshirishga bo‘lgan katta qiziqishining namoyoni sifatida baholaymiz».

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridagi faol, ishbilarmon ayollar, akademik va ilmiy doiralar, nodavlat va fuqarolik sektorlari sa’y-harakatlarini birlashtirish, demografik rivojlanish, gender tengligining dolzarb masalalari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, turizm, madaniyatni rivojlantirish sohasida loyihalarni amalga oshirish, ekologiya sohasida o‘zaro hamkorlik qilish, savdoni, shu jumladan raqamli texnologiyalarni rivojlantirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Sessiya yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining 2023 yilga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi qabul qilindi.

Mavzuga oid