O‘zbekiston | 16:18 / 03.07.2023
13688
2 daqiqa o‘qiladi

“Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlari xususiylashtirilmaydi

“Sijjak” va “Chotqol” dam olish maskanlari xususiylashtiriladigan obektlar ro‘yxatidan chiqarildi. Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan, bir necha marta auksionlarda sotilmay qolgan “Sijjak” oromgohi endilikda maktab-internat balansida saqlanadi. “Chotqol” oromgohi esa Kasaba uyushmalari federatsiyasiga berildi.

Foto: AsiaTerra

“Sijjak” dam olish maskani va “Chotqol” oromgohi xususiylashtiriladigan obektlar ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmonida keltirib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Sijjak” dam olish maskani birinchi prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. Mazkur inshoot 2017 yilda sud tomonidan musodara qilinib, davlat hisobiga o‘tkazilgan. Shu paytga qadar dam olish maskani bir necha bor sotuvga qo‘yilgan bo‘lsa-da, yetarli darajada takliflar tushmagani sababli xususiylashtirish ishlari ortga surilib kelinayotgan edi.

Davletovuz Telegram-kanalining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, “Sijjak” dala hovlisi 124-maktab-internat balansida saqlanadi, uni sotish yoki faoliyat turini o‘zgartirish taqiqlangan. “Chotqol” oromgohi esa Kasaba uyushmalari federatsiyasi balansiga o‘tkazilgan.  

Mavzuga oid