Jahon | 22:22 / 04.07.2023
17431
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istondan 24 ming litr benzin olib chiqmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ushlandi 

U ma’muriy javobgarlikka tortildi. 

Foto: Davlat daromadlari qo‘mitasi matbuot xizmati

Qozog‘istonning Turkiston viloyatidagi «Qazig‘urt» bojxona postida 24 ming litr AI-92 benzinini noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi ushlandi. 

«Qazig‘urt» bojxona punkti xodimlari 15 iyun kuni O‘zbekistonga yo‘l olgan «DAF» rusumli yuk mashinasini to‘xtatdi. O‘zbekiston fuqarosi nazoratida bo‘lgan mashinada bojxona deklaratsiyasiga muvofiq yuklangan «Oksigenat» tovarining hidi shubha uyg‘otib, ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada 24 dona plastik idishga (har biri 1000 litrdan) benzin solingani aniqlandi. Namunalar bojxona ilmiy-tadqiqot markazida tekshirilganida mahsulot AI-92 benzini ekani tasdiqlandi. 

Sud qaroriga ko‘ra, qoidabuzar ma’muriy javobgarlikka tortilib, 103,5 ming tenge (qariyb 2,7 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Olib qo‘yilgan benzin davlat foydasiga musodara qilindi. 

Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, avtotransport vositalarida benzin, dizel yoqilg‘isi va ayrim neft mahsulotlarini respublika tashqarisiga olib chiqish taqiqlangan.

Mavzuga oid