Jahon | 21:41 / 04.07.2023
16927
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev: 20 yil ichida ShHT doirasida birorta yirik iqtisodiy loyiha amalga oshirilmadi 

Qozog‘iston prezidenti moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining yo‘qligi ShHT kamchiliklaridan biri ekanini ta’kidladi. 

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) mavjud bo‘lgan 20 yildan ortiq vaqt davomida uning shafeligida birorta ham yirik iqtisodiy loyihani amalga oshirishning imkoni bo‘lmaganini aytdi. Uning so‘zlarini Oqo‘rda keltirdi. 

Prezident ta’kidlaganidek, davlatlarning geografik aloqadorligi, tranzit va transport imkoniyatlari, ulkan bozori va iqtisodiyotlarning bog‘liqligi tashkilotning afzalliklari hisoblanadi. 

«Shunga qaramay, tan olish kerak, 20 yildan ortiq vaqt davomida Shanxay hamkorlik tashkiloti shafeligida birorta ham yirik iqtisodiy loyihani amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Loyiha faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining yo‘qligi buning ochiq omilidir. Shu bois hukumat rahbarlari kengashiga ushbu muhim loyihani yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va taklif kiritishni topshirishni tavsiya qilaman. ShHT mintaqaviy loyihalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalarini jalb qilishni rag‘batlantirishning samarali platformasi jahon moliya institutlarining ilg‘or tajribasini o‘zlashtirgan Ostona xalqaro moliya markazi bo‘lishi mumkin», dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotning iqtisodiy kun tartibi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish, qo‘shma korxonalarni ishga tushirish kabi vazifalarga qaratilishi kerak. Birgalikda sa’y-harakatlar bilan tashkilotning investitsion jozibadorligini oshirish uchun iqtisodiy imtiyozlar bazasini yaratishni boshlash mumkin edi, dedi To‘qayev. 

Qozog‘iston prezidenti tashkilotning energetika strategiyasini ishlab chiqishni ham taklif qildi. 

«Navbatdagi Ostona sammitigacha ShHT energetika strategiyasini muvofiqlashtirishni taklif qilaman. Mazkur hujjatning qabul qilinishi BMT barqaror rivojlanish kun tartibidagi maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi», dedi prezident.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid