O‘zbekiston | 18:05 / 09.07.2023
11404
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda saylovchilar qariyb 2,1 million nafarni tashkil etdi

9 iyun soat 8:00 dan 7-Samarqand saylov okrugi hududidagi 1112 ta saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari boshlandi.

Okrug bo‘yicha saylovchilar umumiy soni 2 million 94 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda. Ular orasida 760 nafar yoshlar ilk bor saylovda qatnashib, ovoz berish imkoniyatidan foydalanadi. 92 mingga yaqin saylovchi esa muddatidan oldin ovoz bergan.

Payariq tumanidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mamadali Siddiqov ham saylovda ishtirok etdi. Urush qatnashchisi birinchilardan bo‘lib o‘zi tanlagan nomzodga ovoz berar ekan, boshqalarni ham ushbu siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga chaqirdi.

7-Samarqand okrugi komissiyasimatbuot markazida komissiya raisi Xo‘jaqul Muhammadiyev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Dastlabki berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, soat 11:00da saylovchilar umumiy sonining 34 foizi ovoz berishda ishtirok etgan. Viloyatdagi 32 ta saylov uchastkasidagi ovoz berish jarayonlari onlayn kuzatilmoqda.

Navbatdan tashqari prezident saylovini kuzatish uchun mamlakatda bo‘lib turgan 15dan ortiq xalqaro tashkilotlar, o‘ttizdan ortiq xorijiy davlatlarning kuzatuvchilaridan 100 nafarga yaqini Samarqand viloyatidagi ovoz berish jarayonlarini kuzatmoqda.

“Men bir muddat Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib faoliyat ko‘rsatganman. Yana O‘zbekistonga kelib, o‘sha paytdagi xotiralarim qayta uyg‘ondi. O‘z kuzatishlarimdan kelib chiqib aytaman, O‘zbekiston bunday siyosiy jarayonlarga xorijlik kuzatuvchilarni taklif etish bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Bu demokratiya va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi deb hisoblayman”, – deydi Chve Yon Xa.

Shu paytgacha okrug saylov komissiyasiga saylov qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushmagan.

Mavzuga oid