O‘zbekiston | 21:09 / 14.07.2023
21151
4 daqiqa o‘qiladi

Bog‘chalarga bolalarni qabul qilish bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi 

2023 yil yakuniga qadar 2 milliondan ortiq 3-7 yoshli bolalarni bog‘chalarga jalb qilish rejalashtirilmoqda. 

Foto: Kun.uz

Maktabgacha ta’lim agentligi mas’ul xodimi Gulbahor Parpiyeva bog‘chalarga bolalarni qabul qilish bo‘yicha muhim masalalar haqida ma’lumot berdi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yil yakuniga qadar 2 milliondan ortiq 3-7 yoshli bolalarni bog‘chalarga jalb qilish rejalashtirilmoqda. 

Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish asosan bog‘cha tarbiyalanuvchilari maktabga yo‘l olgandan keyin boshlanadi. Bo‘shagan o‘rinlarga mos ravishda maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashish uchun navbatga qo‘yilgan bolalar hukumat tomonidan tasdiqlangan reglamentga asosan navbat asosida ketma-ketlikda qabul qilinadi. Bolalarga yo‘llanma asosan may va avgust oylarida shakllantiriladi.  

Reglamentga asosan bolalarning quyidagi kontingenti imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi:

- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;

- ko‘p bolali oilalarning bolalari;

- yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;

- «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning farzandlari;

- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;

- talabalar va pedagoglarning bolalari;

- akasi yoki opasi ushbu muassasaning tarbiyalanuvchisi jumlasidan bo‘lgan bolalar;

- ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar. 

Ma’lumot uchun: Oila kodeksining 41-moddasiga asosan, to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali hisoblanadi. 

Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan har oy kesimida bolalar navbati masalasida tahlil olib boriladi va uning natijasiga ko‘ra, qaysi hududda MTT qurilishi yoki DXSh asosidagi oilaviy MTT soni ko‘paytirish zarurligi ko‘rib chiqiladi. Agar bog‘chalarda bo‘sh guruhlar vujudga kelsa, albatta, ushbu bog‘chada qo‘shimcha guruhlar shakllanadi. 

Agar ariza beruvchi bolalarni tashkilotga qabul qilishni yo‘llanma shakllangandan so‘ng 15 ish kuni mobaynida rasmiylashtirmagan taqdirda, yo‘llanma bekor qilinadi. 

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘sh xonalari mavjud bo‘lsa, unga joylash uchun navbatda turgan bolalar bo‘lmagan taqdirda, pullik xizmat ko‘rsatish shaklida 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat etilgan. 

Agar ushbu bog‘chada maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar navbati shakllansa, pullik xizmat ko‘rsatish shaklida 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tashkil etilgan guruhlar faoliyati to‘xtatilib, maktabgacha ta’lim yoshidagi 3-6 yoshli bolalar uchun guruhlar shakllantiriladi. 

Jamoatchilik va faollar orasida bog‘cha yoshini 2 yosh deb belgilash bo‘yicha mulohazalar ko‘paymoqda. Jamoatchilik fikri va ota-onalar bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini inobatga olgan holda, umumiy turdagi bog‘chalarga qabul qilinadigan bolalarning yoshiga bo‘lgan talabni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar va takliflar tayyorlanmoqda. 

Mavzuga oid