Jahon | 09:38 / 17.07.2023
5915
3 daqiqa o‘qiladi

Sallivan: «G‘alla bitimi»dan chiqish Rossiyaga qimmatga tushadi

Agar Moskva g‘alla bitimini yangilamasa, dunyo u muhtoj davlatlarni arzon oziq-ovqat bilan ta’minlashdan yuz o‘girganini aytadi, deydi Jyeyk Sallivan.

Foto: AFP

«Agar Rossiya «g‘alla bitimi»ni yangilashdan bosh torsa, butun dunyo buni ko‘rib, Rossiya global Janub, Afrika, Lotin Amerikasi va Osiyo mamlakatlarini arzon narxlarda zarur oziq-ovqat bilan ta’minlashdan yuz o‘girganini aytadi», - dedi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan 16 iyul, yakshanba kuni CBS News telekanalining Face the Nation dasturida.

Shu bilan birga, Sallivan Qora dengiz tashabbusi taqdiri haqida aniq prognoz berishdan bosh tortdi: «Men Vladimir Putin nima qilishini oldindan aytolmayman. Oxirgi bir necha oy ichida u bu masala bo‘yicha turli qarorlar chiqardi. Balki Rossiya bu kelishuvdan chiqar, balki uni uzaytirar». Telekanal suhbatdoshi nuqtayi nazaridan, Moskva kelishuvni uzaytirishdan bosh tortgani uchun «katta diplomatik narx» to‘lashi kerak bo‘ladi. 

Vashington har qanday ssenariyga tayyor va bu masalada Ukraina tomoni bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda, dedi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik maslahatchisi. 

2022 yil 22 iyulda imzolangan Qora dengiz don tashabbusi BMT, Turkiya, Rossiya va Ukraina o‘rtasida Ukraina donini Qora dengiz orqali uchta port: Chernomorsk, Odessa va Yujniy portlari orqali xavfsiz eksport qilish uchun dengiz yo‘laklarini yaratish bo‘yicha kelishuvdir.

Shartnomaning ikkinchi qismi Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashni nazarda tutadi. Moskva kelishuv bu qismi amalga oshirilmayotganidan bir necha bor noroziligini bildirgan. 15 iyul kuni «RBK» internet nashri BMTga tayanib, tashabbus davomida Rossiyadan birorta ham yuk olib kelinmaganini yozgan. 

Bundan tashqari, Moskva muhtoj davlatlar Ukrainadan jo‘natilgan dondan faqat «ramziy minimum» olishini da’vo qilmoqda. Ushbu shartnoma muddati 17 iyulda tugaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid