Jazirama issiqdan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berildi
Zarurat bo‘lmasa, harorat yuqori soatlarda ko‘chaga chiqmaslik va og‘ir jismoniy ishlar bilan shug‘ullanmaslik lozim.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosi jazirama issiqdan saqlanish bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu haqda xabar berdi.
Qayd qilinishicha, anomal harorat kuzatilayotgan davrda issiq o‘lkalarga sayohat qilishdan avval ob-havo prognozidan xabardor bo‘lib, ehtiyot choralarini ko‘rgan holda yo‘lga chiqish zarur.
Jaziramada doim suv olib yurishni unutmaslik kerak. Zarurat bo‘lmasa, harorat yuqori soatlarda ko‘chaga chiqmaslik va og‘ir jismoniy ishlar bilan shug‘ullanmaslik lozim.
Issiqda transport vositasi ichida bolalar va hayvonlarni qoldirish to‘g‘ri emas. Iloji bo‘lsa, kunduzi kamida ikki-uch soat davomida salqin joyda vaqt o‘tkazgan ma’qul.
Tunda xona derazalarini ochish, kunduzi oftob nurini qaytarish uchun derazalarga parda tutish va o‘zidan issiq chiqaruvchi elektr moslamalaridan kamroq foydalanish maqsadga muvofiq.
Organizmning suvsizlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuniga yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish juda muhim.
Mutaxassislar, shuningdek, yengil, tabiiy matodan tikilgan va keng liboslar kiyishni, imkon qadar tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilishni, shakarli, alkogolli yoki kofeinli ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi.
Ko‘p vaqtini yolg‘iz o‘tkazadigan yaqinlar, do‘stlar va qo‘shnilar holidan muntazam xabardor bo‘lishni yoddan chiqarmaslik kerak. Chunki issiq kunlarda ular yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin.
Anomal harorat ta’sirida o‘zingiz yoki yaqinlaringizda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i kabi alomatlar kuzatilsa, shifokorga uchrashish tavsiya qilinadi.
Agar atrofdagi insonlarda oftob tig‘i tufayli g‘ayrioddiy belgilar, masalan, xushni yo‘qotish, talvasa, aqldan ozish kabi simptomlar yuzaga kelsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.
Mavzuga oid
15:25 / 21.11.2024
Hatto sport yordam bermasligi mumkin: uzoq vaqt o‘tirish yurak kasalliklari xavfini oshirishi aniqlandi
17:32 / 18.11.2024
Olimlar uyqu sifatini oshiruvchi formulani taklif qildi
16:48 / 16.11.2024
Xitoyda ayol bir sutkada olti marta plastik operatsiya qilinganidan so‘ng vafot etdi
19:15 / 15.11.2024