Jahon | 09:36 / 20.07.2023
11257
2 daqiqa o‘qiladi

Namoyishchilar Bag‘doddagi Shvetsiya elchixonasiga o‘t qo‘ydi

Bag‘dodda namoyishchilar Shvetsiya elchixonasiga bostirib kirib, uni yoqib yubordi. Sabab - Stokholmda Qur’onni yoqish bo‘yicha aksiya rejalashtirilgan.

Foto: Reuters

Bag‘dodda namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi binosiga bostirib kirib, uni yoqib yubordi, deb xabar bermoqda Reuters. Iroq poytaxtida bo‘lib turgan AFP muxbirining xabar berishicha, 20 iyul, payshanbaga o‘tar kechasi binodan tutun ko‘tarilayotgani kuzatilgan. 

Voqea Stokholmda Iroq elchixonasi oldida o‘tkazilishi rejalashtirilgan namoyishdan oldin sodir bo‘lgan. Shvetsiyaning TT axborot agentligi ta’kidlaganidek, tashkilotchilar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida mitingda Iroq bayrog‘i va Qur’onni yoqib yubormoqchi ekanini aytgan. Bunga javoban Iroq shialarining nufuzli vakili Muqtada Sadr Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldida namoyishlar o‘tkazishga chaqirdi. Reuters agentligiga ko‘ra, aksiyada yuzlab odamlar ishtirok etgan, AFP o‘nlab namoyishchilar yig‘ilgani haqida yozyapti. Xabar qilinishicha, mitingda tartibni saqlashi kerak bo‘lgan ko‘plab politsiyachilar borligiga qaramay, namoyishchilar elchixonaga o‘t qo‘ygan. 

Reuters agentligi Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, Iroq poytaxtidagi elchixona xodimlari xavfsiz ekanini xabar qilmoqda. Vazirlik matbuot xizmati, shuningdek, Iroq rasmiylari diplomatik vakolatxonalar va ularning xodimlari xavfsizligi va himoyasini ta’minlash uchun mas’ul ekanini ta’kidladi. 

Iroq Tashqi ishlar vazirligi Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni qoralab bayonot berdi, deb xabar qilmoqda AP. «Iroq hukumati vakolatli xavfsizlik organlariga voqea tafsilotlarini, ushbu harakat uchun aybdorlarni aniqlash va ularni qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun zudlik bilan tergov o‘tkazish va zarur xavfsizlik choralarini ko‘rishni buyurdi», deyiladi Iroq TIV bayonotida.

Mavzuga oid