O‘zbekiston | 16:32 / 28.07.2023
32070
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar jinoyatchiligi bo‘yicha eng yomon ahvol Qo‘qonda - prezident

Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimlarining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek Sirdaryo viloyat IIB boshig‘i o‘rinbosari ishdan olindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda jinoyat qilgan shaxslarning har uchinchisini yoshlar tashkil qilayotgani ta’kidlandi.

Ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 32 foizi o‘g‘rilik va firibgarlik hisoblanadi.

Ushbu toifadagi jinoyatlarning eng ko‘pi Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida qayd qilingan.

Yoshlar jinoyatining har yettinchisi guruh tarkibida sodir qilingan, 1 ming 100 nafar yoshlar takroran 
jinoyatga qo‘l urgan.

«E’tibor bering, yoshlar jinoyatchiligining katta qismi nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilinmoqda.

Eng achinarlisi, voyaga yetmaganlar ichida o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlari ham bor», - dedi davlat rahbari.

Bu borada viloyatda ham, respublikada ham eng yomon ahvol Qo‘qon shahrida ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatda voyaga yetmaganlar sodir etgan og‘ir jinoyatlarning 20 foizi va o‘ta og‘ir jinoyatlarning 43 foizi aynan Qo‘qon shahriga to‘g‘ri kelgan. Achinarlisi, 47 nafar maktab va 18 nafar kollej o‘quvchilari jinoyatga qo‘l urgan. 

Bu butun respublika bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi.

Yoshlar ishlari agentligi, huquq-tartibot idoralari Qo‘qondagi vaziyatni jilovlashda e’tiborsizlik va sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani tanqid qilindi.

Yoshlar bilan ishlashni o‘z holiga tashlab qo‘ygani uchun Sirdaryo va Navoiy viloyatlari hokimlarining yoshlar siyosati bo‘yicha o‘rinbosarlari Sh.Zayniddinov va Ya.Dushanov; shuningdek, Sirdaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari (Umidjon Mavlanov) lavozimidan ozod etildi.

  • Shavkat Zayniddinov 2022 yil sentabrida Sirdaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgandi. Yashin Dushanov esa 2020 yil mayidan buyon Navoiy viloyati hokimiga o‘rinbosarlik qilayotgandi.

Uyushmagan yoshlar bilan yagona yondashuv asosida ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Idoralararo kengash va hududiy kengashlar tashkil qilinishi belgilandi.

Kengash uyushmagan yoshlarning yagona elektron bazasini shakllantiradi hamda ular bilan manzilli ishlash dasturlarini amalga oshiradi.

«Voyaga yetmaganlar bilan ijtimoiy-huquqiy ishlash klasteri»ni joriy etishga topshiriq berildi.

Bunda, «oila – mahalla – maktab – mustaqil hayot» tamoyili asosida har bir tarbiyasi og‘ir o‘smirlar bilan yakka tartibda ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Umuman, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlarni keskin kamaytirish bo‘yicha har bir viloyat, tuman va shahar hokimining o‘zi shug‘ullanib, o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mavzuga oid