O‘zbekiston | 15:52 / 07.08.2023
10157
7 daqiqa o‘qiladi

Xo‘jaylida temiryo‘lchilar kasalxonasi narkodispanserga aylantirilyapti. Xodimlar ishsiz qolishdan xavotirda

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida joylashgan 70 yillik tarixga ega 120dan ortiq xodim ishlaydigan kasalxona ixtisosligi yo‘q deb yopib yuborilyapti. “O‘ztemiryo‘l” bino SSV balansiga o‘tkazilishi, xodimlar ish bilan ta’minlanishini aytmoqda, biroq ishchilar bunga ishonmayapti.

Foto: KUN.UZ

Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida “O‘ztemiryo‘l” AJ balansida bo‘lgan Xo‘jayli kasalxonasi SSVga o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarning aktivlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan. Biroq kasalxona xodimlari va temiryo‘lchilar qarordan keskin norozi ekanini Kun.uzʼga ma’lum qildi.

Holatga oydinlik kiritish uchun tahririyat “O‘ztemiryo‘l” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, Xo‘jayli kasalxonasi ixtisosligi bo‘lmagani uchun Davlat boshqaruvi organlari va mahaliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga keyinchalik samarali foydalanish uchun davlat mulki sifatida 0 balans qiymatida operativ boshqarish huquqi asosida bepul o‘tkaziladigan obektlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, shifoxona nomi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash birlashmasiga qarashli Narkologiya ilmiy tekshirish institutining Taxiyatosh filiali nomiga o‘zgaradi.

Lekin temiryo‘lchilar bu kasalxonada bepul davolanib, tibbiy ko‘riklardan o‘tib kelayotganini aytishmoqda. Ularning bildirishicha, Xo‘jayli kasalxonasida faqat tumanning o‘zi emas, Qorao‘zakdan boshlab Shumanay tumanigacha bo‘lgan hududda yashab ishlaydigan 2200ga yaqin temiryo‘lchi davolanib keladi.

“Bizga bu yer juda qulay edi. Agar bu yer yopilsa Qo‘ng‘irot yoki Urganchdagi temiryo‘lchilar kasalxonasiga 100 kilometr yo‘l bosib borishimizga to‘g‘ri keladi”, – deydi temiryo‘lchi To‘lqin Avezov.

Shu o‘rinda “O‘ztemiryo‘l” AJning kasalxonani ixtisosligi bo‘lmagani uchun yopilyapti degan vaji ham uncha ishonchliga o‘xshab ko‘rinmayapti. Chunki Qoraqalpog‘istonda 1ta emas, 3ta temiryo‘lchilarga xizmat ko‘rsatadigan shifoxona bor. Agar yopiladigan bo‘lsa, ular ham ixtisosligi yo‘qligi uchun yopilishi kerak emasmi?

Ma’lumot uchun, kasalxona 1 kunda 150 qabulga mo‘ljallangan. 30 koykali statsionari bor. Shuning 20tasi temiryo‘lchilar uchun bepul va qolgan 10tasi oddiy aholi uchun pulli xizmat ko‘rsatadi.

Bu kasalxonaning narkodispanserga aylantirilishi haqidagi gaplar shifoxona xodimlarini xavotirga solyapti.

Yaqinda majlis qilib, kasalxona yopilsa, xodimlarni tumandagi poliklinikalarga tarqatib yuborish, ularga ish topib berish haqida aytishdi. Lekin biz bu gapga ishonmaymiz. Chunki bizda 120 ishchi ishlaydi. Uning ichida shifokorlar, hamshiralar va texnik xodimlar ham bor. Bularning hammasi SSV tarkibiga o‘tib, vazirlik ularni ishga joylashtirishga va’da berdi. Aytishlaricha, bizga Xo‘jayli, Taxiatosh va Nukus tumanlaridan ish topib berishar ekan. Biroq u tumanlardagi shifokor xodimlarning o‘zi ish yo‘qligidan 0,25 foizda ishlashadi. Endi bizni qanday qilib u yerga 1 stavkaga olishlari mumkin. Biz ishsiz qolishimiz aniq”, – deydi tibbiyot statisti Gulandom Eshniyozova.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning bergan javobiga ko‘ra, Xo‘jayli kasalxonasining Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi kasalxonada faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning shtat birliklari saqlab qolingan holatda amalga oshirilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.U.Ermanov tegishli vazirliklarga topshiriq bergan (jumladan, moliya vaziriga).

Faoliyat yuritayotgan xodimlarning ish shtati saqlangan holda moddiy-texnik bazasi bilan o‘tkazilishi haqida zudlik bilan qaror chiqarish bo‘yicha topshiriq bergan”, – dedi AJ matbuot xizmati rahbari. Biroq shifokorlarning aytishicha, mas’ullar bilan o‘tgan majlisda xodimlarga aniq gap aytilmagan.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan, temiryo‘llarda, Kasaba uyushmasidan ham odam keldi, lekin bizga aniq gap aytishmayapti. Bu yerda 80-90 foiz ayollar ishlashadi va ular uyining yagona boquvchisi. Ular ishidan ayrilsa, oilasini kim boqadi?”, – dedi Eshniyozova.

Bu gapni poliklinikada ishlaydigan bir necha xodim ham tasdiqladi.

Men turmush o‘rtog‘im bilan ishlayman. O‘zim farrosh, erim santexnik. Oilada bizdan boshqa kishi ishlamaydi. Agar biz shu ishimizdan ham ajralsak, qayerdan ish topamiz? Xo‘jaylida ish yo‘q. Boshqa tumanga yuboray desa, eng yaqini 25-30 kilometr. Har kun qatnasak, oyligimiz yo‘lkiraga ketadi-ku”, – deydi shifoxona farroshlaridan biri.

Shunga o‘xshash gapni shifoxona bosh shifokor yordamchisi Jangabayev Abad ham aytdi.

Bizda 57nafar o‘rta tibbiy xodim bor. Haqiqatan ham o‘rta tibbiy xodimlar va kichik tibbiy xodimlarni ishga joylashtirish masalasi qiyin bo‘lib turibdi. U xodimlar bu yerda 1 stavkada ishlardi. Undan tashqari, bu yerga Xo‘jayliga qo‘shni bir nechta tumandan temiryo‘lchilar kelib davolanadi. Bizning shifoxonani qo‘shni tumanlarga bo‘lib tashlashmoqchi, u yerga qatnab ishlash bizga muammo tug‘diradi. Chunki 20-25 kilometrga borib ishlashimizga to‘g‘ri keladi”, – deydi kasalxona bosh vrachi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, shifokorlar aholi punktlari o‘rtasida narkodispanser qurish to‘g‘ri emasligini aytishyapti.

Bu yerda aholi ko‘p yashaydi. Aholi punktlari ichida joylashgan. Bunaqa joyda narkodispanser qo‘yish ham xato”, – deydi Eshniyozova.

“O‘ztemiryo‘l”AJ kasalxonani ixtisosligi yo‘q degan vaj bilan VM qaroriga kiritishni kim taklif qilgani, kasalxonani tashkilot balansida tutib qolishga nima to‘sqinlik qilgani haqida tahririyat savollarini ochiq qoldirdi.

Bundan tashqari, Kun.uz SSVga ham kasalxona ishchilarining barchasi uchun shtat birligi saqlanib qoladimi, kasalxona narkodispanserga aylantirilsa, ixtisosligi bo‘lmagan shifokorlar u yerda qanday ishlaydi degan savollar bilan murojaat yuborgan. Biroq vazirlik hali javob berganicha yo‘q.

Zuhra Abduhalimova, Kun.uz

Mavzuga oid