O‘zbekiston | 11:25 / 14.08.2023
7749
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligidagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi

Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatidagi «Oymasha» poligonida «Kanjar-2023» maxsus-taktik o‘quvlari bo‘lib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘quv-mashg‘ulotlarining yakuniy qismini ikki mamlakat mudofaa vazirlari general-mayor Bahodir Qurbonov va general-pokovnik Ruslan Jaksilikov bevosita kuzatdi.

Joriy yilning avgust oyi boshida O‘zbekistonda kompyuter qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari shaklidagi birinchi bosqich bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi bosqichda Aqtau garnizoni «Oymasha» poligonida tabiiy-iqlim sharoitida, havoning yuqori harorati va chang-to‘zonlari bilan murakkablashgan holda kunduzi ham, kechasi ham amaliy harakatlar o‘tkazildi.

O‘quv rejasiga muvofiq, harbiy xizmatchilar tezkor kuch va vositalar bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish bo‘yicha harakatlarni boshladi. Maxsus bo‘linmalar uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalangan holda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borib, terrorchi guruhlarning joylashgan hududni aniqladi.

Shundan so‘ng shartli dushman joylashgan hudud o‘qqa tutildi. Maxsus bo‘linmalar zamonaviy qurolli mojarolar tajribasidan kelib chiqqan holda yangi taktik usuldan foydalanib, hamkorlikda yaqin masofada jang qildi.

Mehmonlar Aqtau shahridagi joylashgan harbiy qismdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishib, navbatdagi manzil, ya’ni dengiz flotidagi qo‘shinlarning kemani qo‘lga olish va hujum qilish bo‘yicha taktik mashg‘ulotlarni kuzatdi.

Kunning ikkinchi qismida hamkorlikdagi o‘quv rejasiga ko‘ra tungi sharoitda batalon taktik guruhlari o‘quv mashg‘uloti ham o‘tkazilib, hamkorlikdagi jangovar harakatlarini kuzatish bilan birga, batalyon komandirlarining qarorlarini tinglandi. Batalon taktik o‘quvlarida topshiriqlarni bajarish, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo‘llash, aviatsiya yordamida umumqo‘shin bo‘linmalariga madad berish, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li va cho‘l hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operatsiyalar, bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlash mashg‘ulotlari o‘z ichiga oldi.

Mashg‘ulotlar yakunida mudofaa vazirlari harbiy xizmatchilarning jangovar qobiliyatlarini yuqori baholab, har ikki davlatning harbiy xizmatchilariga jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun ko‘krak nishonlarini topshirdi.

Mavzuga oid