Jahon | 13:15 / 24.08.2023
29536
7 daqiqa o‘qiladi

Prigojinning halokati: maqsad «Vagner»ni Afrikadan chiqarib tashlash edimi?

Yevgeniy Prigojin samolyoti muvaffaqiyatsiz isyonidan roppa-rosa ikki oy o‘tib halokatga uchragani turli taxminlarni yuzaga chiqarmoqda. Ulardan biri - vagnerchilarni Afrika qit’asidan siqib chiqarish bo‘lishi mumkin.

Foto: PMC Wagner / Telegram / Reuters / Scanpix / LETA

21 avgust kuni Yevgeniy Prigojin ko‘ngillilarni «Vagner» XHKga a’zo bo‘lib, Afrika ozodligi uchun kurashga chorlagani to‘g‘risida video tarqalgan edi.

«Harorat +50, hammasi biz yaxshi ko‘radigandek. «Vagner» XHK Rossiyani barcha qit’alarda buyuk qilishga kirishdi. Afrikani esa yanada erkin qilishga. IShID, Al-Qoida va boshqa bandalarni qo‘rqitamiz. Haqiqiy bahodirlarni ishga olamiz. Oldimizga qo‘yilgan va biz uddalashga va’da bergan vazifalarni bajarishda davom etamiz», – degan vagnerchilar yetakchisi Afrika qit’asida turib.

Ammo samolyot halokatidan biroz avval Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi ham o‘z harbiylashgan xususiy kompaniyalari orqali Afrika qit’asida harbiy xizmat qilish uchun jangchilar to‘play boshlagan.

Rossiya telegram-kanallarida yozilishicha, RF Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Skripallarning zaharlanishi muallifi general Averyanov Afrikadan «Vagner»ni siqib chiqarishni rejalashtirayotgan edi, biroq Prigojin bunga qarshilik ko‘rsatib ketgan. Afrikaga «Vagner» o‘rniga bir vaqtlar Prigojinning o‘ng qo‘li bo‘lib ishlagan Konstantin Pikalov rahbarligidagi «Konvoy» XHKni kiritmoqchi bo‘lishgan, deb yozadi «Vajniye istorii».

General Andrey Averyanov o‘z qizining to‘yida. Foto: cruvrn.ru

Nashrga ko‘ra, anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov tomonidan tuzilgan «Konvoy» XHK ham Prigojinning biznes-jyeti halokatga uchrashidan biroz avval Afrikaga kirishni rejalashtirayotgandi. 

«Vajniye istorii» avval «Konvoy» aslida xususiy harbiy kompaniya emas, RF mudofaa vazirligining jangovar armiya zaxirasi ekani haqida yozgan edi. «Dose» nashri surishtiruvchilari aniqlashicha, 2022 yilda bu tuzilma Vladimir Putinning do‘sti Arkadiy Rotenberg va VTB bankidan yuzlab million rubl mablag‘ olishgan.

Aksenov «Konvoy» XHK rahbarlari bilan uchrashuvda. 2023 yil 3 fevral. Foto: «Konvoy» XHK

21 avgust kuni mazkur tuzilma telegram-kanalida Afrikada «Orion» va «Sirus» pilotsiz uchar qurilmalarni boshqaruvchi shturman uchuvchilar uchun tanlov e’lon qilingan. «Vajniye istorii» muxbiri ko‘ngilli sifatida «Konvoy» ish beruvchisi bilan bog‘langan. Ish beruvchi Afrikaga jo‘natish uchun guruh to‘plab bo‘lingani, shartnoma XHK bilan ham, RF mudofaa vazirligi bilan ham tuzilishini ma’lum qilgan.

«Konvoy»dagilar bu tuzilma jangchilari Afrikada «Vagner» XHK bilan birgalikda ishlashi mumkinmi, degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berishdan bosh tortishgan.

«Konvoy»ning rahbari, «Mazay» laqabli Konstantin Pikalov avval «Vagner» XHKning Afrikadagi bo‘linmalarini boshqargan va Yevgeniy Prigojinning o‘ng qo‘li hisoblangan. «Vajniye istorii» uchun izoh berar ekan, u shunday degan: «Rossiya G‘arbni resurslardan mahrum etish uchun ikkinchi frontni ochmoqda. Afrika davlatlarini mustamlakachilik rishtalaridan xalos etish uchun misli ko‘rilmagan tadbirlar ishlab chiqilgan. Qo‘lida Kalashnikov avtomati tutgan, ishtonsiz zuluslar davri tugadi. Biz Afrika davlatlarining harbiy xizmatchilariga yangi qurol beramiz va undan qanday foydalanishni o‘rgatamiz».

Pikalov «Konvoy» Afrikaning 8 ta davlatida ish olib borishini tilga olgan, lekin ular aynan qaysi davlatlar ekaniga aniqlik kiritmagan.

Konstantin «Mazay» Pikalov. Foto: krymr.com

Shuningdek, oligarxlar Gennadiy Timchenko va «Gazprom» bilan bog‘liq «Redut» XHK ham Prigojinning o‘limidan biroz avval Afrikaga kirishga hozirlik ko‘rayotgandi.

«Vajniye istorii» ijtimoiy tarmoqlarda «Redut» safiga quyidagi so‘zlar bilan e’lon berilishiga duch kelgan: «Vagner o‘tmishda qoldi. Agar seni Afrikada haqiqiy ish qiziqtirsa, mudofaa vazirligi va «Redut» XHK — sening tanloving».

Avvalroq «Redut» ish beruvchisi «Vajniye istorii» muxbiriga RF mudofaa vazirligi bilan shartnomani faqat xususiy harbiy kompaniya rahbariyati imzolagani, jangchilarning o‘zlari bunday shartnoma imzolashiga hojat yo‘qligini aytgan.

Telegram-kanallar Afrikada sodir bo‘layotgan voqealar va Prigojinning kechagi halokatli parvozini bir-biriga bog‘liq, deyishmoqda. VChK-OGPU kanali yozishicha, Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Andrey Averyanov Afrikada «Vagner» XHK o‘rnini RF mudofaa vazirligining 20 ming kishidan iborat armiya korpusi bilan almashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqayotgan bo‘lgan. «Prigojin bunga keskin qarshi chiqqan va xalaqit berish uchun bor kuchini sarflagan», — deb yozishmoqda kanal mualliflari. General Averyanovning o‘zi Londonda Skripallarni, bolgariyalik qurol savdogari Yemelyan Gebrevni zaharlash bo‘yicha operatsiyalar muallifi sifatida mashhur.  

Shuningdek, Prigojinning o‘limi arafasida «Vagner» bilan bog‘liq chatlar va ijtimoiy tarmoqlarda millatchi Igor Semyonovning Rossiya armiyasi Liviyaga «Vagner» XHK o‘rniga kirishi, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Liviyaning Rossiyadagi elchisi bilan Tripolida harbiy baza ochishni kelishishi to‘g‘risidagi xabarlarning reposti paydo bo‘la boshlagan. 22 avgust kuni Liviyaga Xalifa Haftarning taklifiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Yunus-Bek Yevkurov uchib borgandi. «Liviyaga u yerdan uni [Prigojinni] siqib chiqarish uchun kiritishmoqda», — deyilgan xabarlardan birida.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid