O‘zbekiston | 17:02 / 31.08.2023
11377
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank to‘lov tashkilotlaridan birini jarimaga tortdi

Brio Group (Oson) to‘lov tashkiloti jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining talablarini buzgani aniqlandi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan kredit tashkilotlari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarga amal qilinishi, tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari hamda to‘lov tashkilotlari ustavlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda prudensial me’yorlarga rioya qilinishi, shuningdek ularda o‘tkazilgan tekshiruv natijalarida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining talablarini buzganligi uchun Brio Group MChJ (OSON) to‘lov tashkilotiga nisbatan «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi Qonunga asosan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Xabarda to‘lov tashkiloti qanday talablarni buzgani va jarima miqdori qancha ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Shu bilan birga, boshqa to‘lov tashkilotlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklar, shu kabi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, Markaziy bank tomonidan ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatini ko‘rib chiqish bo‘yicha muhokamalarda 16 ta masala ko‘rilgan. Xususan, kredit tashkilotlari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga doir talablarga rioya etilishi, Markaziy bankning prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga doir masalalar tahlil qilingan.

Natijada 1 ta mikromoliya tashkilotini reyestrdan chiqarish masalasi ko‘rilgan va 9 ta tijorat banki faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanganligi oqibatida chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Reyestrdan chiqarilgan tashkilot nomi va ogohlantirish olgan banklar nomi xabarda keltirilmagan.

Mavzuga oid